Germaniya hukumati internetda bolalarni himoya qilish choralarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.

Takliflar orasida 13 yoshga toʻlmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash, oʻsmirlar uchun cheklovlar joriy etish va boshlangʻich sinf oʻquvchilariga sunʼiy intellekt boʻyicha maxsus taʼlim dasturini ishlab chiqish kabi choralar bor. Vazirlar mahkamasi islohotning asosiy qoidalarini maʼqullagan, ammo yakuniy qonunlar hali qabul qilinmagan.

Germaniya Yevropa Ittifoqi darajasida yagona qoidalar joriy etilguniga qadar oʻz cheklovlarini oʻrnatishni koʻzda tutmoqda. Bunda bolalar uchun moʻljallangan maxsus platformalarga istisno tariqasida ruxsat berilishi mumkin. 13 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar uchun bosqichma-bosqich cheklovlar nazarda tutilmoqda, biroq ular hozircha aniq belgilanmagan.

Hukumat, shuningdek, platformalarga dastlabki bosqichdanoq bolalar xavfsizligini hisobga olish majburiyatini yuklamoqchi. Jumladan, algoritmlar asosidagi tavsiyalarni standart holatda oʻchirib qoʻyish va qaramlik keltirib chiqaruvchi funksiyalarga qarshi kurashish taklif etilmoqda. Bunday funksiyalar qatoriga lentani cheksiz aylantirish va videolarni avtomatik ravishda ijro etish kiradi.

Yana bir tashabbus «CI-Seepferdchen» dasturi boʻlib, unda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga sunʼiy intellekt ilovalarini tanish, ularning imkoniyatlari va xavf-xatarlarini anglash hamda ulardan ongli ravishda foydalanish oʻrgatiladi.

Cheklovlar qachon kuchga kirishi nomaʼlum. Bitkom soʻrovi maʼlumotlariga koʻra, Germaniya aholisining 79 foizi bolalar uchun «CI-Seepferdchen» dasturi gʻoyasini foydali deb hisoblaydi.