Davlat xavfsizlik xizmati xabariga koʻra, reydlar Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va «Oʻzenergoinspeksiya» bilan hamkorlikda oʻtkazilgan.

Tadbirlar aholi uchun ajratilgan gazballonlarini noqonuniy saqlash va qimmat narxlarda sotish holatlarini aniqlashga qaratilgan. Xabarda ayrim soha xodimlari fuqarolar bilan til biriktirib, gaz taʼminotidan shaxsiy daromad olishga uringani aytilgan.

Jizzax viloyatida toʻqqizta holat boʻyicha sotish maqsadida noqonuniy saqlanayotgan 239 ta gazballoni topilgan. Jumladan, avval Zomin tumangaz taʼminoti boʻlimida rahbarlik lavozimlaridan birida ishlagan shaxs qarindoshining xonadonida 152 ta ballon saqlagani aniqlangan.

Sirdaryo viloyatida esa Xovos tumangaz boʻlimi mansabdorlaridan birining uyidan hujjatlarsiz saqlanayotgan 30 ta gazballoni olingan.

Samarqand viloyatida Urgut tumangaz toʻldirish shoxobchasi qorovuli gaz bilan toʻldirilgan uchta ballonni 2,5 million soʻmga sotayotgan vaqtda ushlangan.

Past Dargʻom tumanida yashovchi, 1972-yilda tugʻilgan fuqaroning xonadonidan esa gaz toʻldirilgan 22 ta ballon topilgan. DXX maʼlumotiga koʻra, u ballonlarni tumangaz boʻlimi haydovchisidan 70 ming soʻmdan olib, fuqarolarga 100 ming soʻmdan sotgan.

Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanida gaz taʼminoti boʻlimi muhandisi va chilangari oʻz xonadonlarida aholi uchun moʻljallangan jami sakkizta gazballonini noqonuniy sotish maqsadida saqlagani qayd etilgan.

Surxondaryo viloyatidagi reydlarda jami 65 ta gaz balloni hujjatlashtirilgan. Xususan, Bandixon tumanida yashovchi 39 yoshli fuqaro tumangaz boʻlimi haydovchisidan 70 ming soʻmdan olgan 32 ta ballonni isteʼmolchilarga qimmatroq narxda sotmoqchi boʻlgani bildirilgan.

Navoiy viloyati Xatirchi tumangaz boʻlimi haydovchisining uyidan ham 26 ta gazballoni protsessual tartibda olingan. Shu kabi holatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Namangan va boshqa hududlarda ham aniqlangan.

DXX bunday reydlar muntazam davom ettirilishini maʼlum qilgan. Aholi uchun moʻljallangan suyultirilgan gaz bilan bogʻliq noqonuniy holatlar haqida xizmatning 1520 qisqa raqamiga xabar berish mumkin. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlangan.