9-noyabr kuni prezident Şavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoati vakillari, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va investorlar bilan muloqot ötkazdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Şerzod Asadov maʼlum qildi.

Qayd etilişiça, sönggi ön yilda Özbekiston elektrotexnika sanoatiga 2 milliard dollar investitsiya kiritilib, 413 ta yangi işlab çiqariş quvvati işga tuşirilgan.

Şu davrda maişiy texnika, quyoş panellari, elektron hisoblagiçlar va yuqori kuçlanişli transformatorlar kabi 100 dan ortiq turdagi yangi mahsulotlar işlab çiqariş yölga qöyilgan.

Natijada 2026-yilda sohada mahsulot işlab çiqariş hajmi 50 trillion sömga yetgan. Taqqoslaş uçun, 2016-yilda bu körsatkiç 1,7 trillion sömni taşkil etgan.

Joriy yilda sohaga investitsiyalar hajmi 600 million dollarga, eksport esa 1,6 milliard dollarga yetgan. Ötgan ön yilda elektrotexnika mahsulotlari eksporti 14 barobar oşgan.

Şunga qaramay, davlat rahbari erişilgan natijalar mamlakatning mavjud salohiyatiga nisbatan yetarli emasligini taʼkidlagan.

Mis işlab çiqariş 500 ming tonnaga yetkaziladi

Muloqotda elektrotexnika sanoati uçun muhim xomaşyo hisoblangan mis işlab çiqarişni köpaytiriş masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

2026-yilda 3-mis boyitiş fabrikasi işga tuşirilgan. Uşbu loyiha hisobiga mis işlab çiqariş hajmini 300 ming tonnaga, 2030-yilga borib esa 500 ming tonnaga yetkaziş rejalaştirilgan.

Şuningdek, mamlakatda quyoş va şamol elektr stansiyalari, energiya saqlaş quvvatlari barpo etilayotgani, hududlarda yirik quriliş işlari olib borilayotgani qayd etildi.

Kelgusi ön yilda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 450 milliard dollarlik loyihalarni amalga oşiriş maqsad qilingan.

Prezident taʼkidlaganidek, uşbu loyihalar elektrotexnika mahsulotlari uçun ulkan va uzoq muddatli bozor yaratadi.

Mamlakatda mis va muhim minerallar zaxiralari, salohiyatli yoşlar, tajribali tadbirkorlar hamda hamkorlikka tayyor investorlar mavjud. Endi uşbu imkoniyatlarni yangi texnologiyalar va ilğor işlanmalar bilan birlaştiriş muhimligi qayd etilgan.