Xalqaro donorlar 2025-yilda Rossiyaning uçuvçisiz uçiş apparati hujumi oqibatida şikastlangan Çernobil atom elektr stansiyasi (ÇAES) törtinçi energobloki ustidagi himoya gumbazini taʼmirlaş uçun 278 million yevro ajratiş majburiyatini oldi.
Uşbu mablağ inşootni tiklaş uçun zarur bölgan umumiy summaning yarmidan köpini taşkil etadi. Bu haqda 9-noyabr, duşanba kuni AFP axborot agentligi xabar berdi.
«Hozirda 15 ta iştirokçi tomonidan tasdiqlangan moliyaviy majburiyatlarning umumiy hajmi 278 million yevroga yetdi», - dedi Fransiya Taşqi işlar vazirligi huzuridagi Yevropa masalalari böyiça vazir-delegat Benjamen Addad Parijda ötkazilgan donorlar konferensiyasi yakunlari böyiça.
Addadning sözlariga köra, xalqaro hamjamiyatning qöllab-quvvatlaşi Ukrainaga «Rossiya tajovuzining moliyaviy oqibatlarini yakka özi kötarmaslik» imkonini beradi.
Uning taʼkidlaşiça, ayni paytda Ukraina aholini himoya qiliş, muhim infratuzilma obyektlarining faoliyatini taʼminlaş va mamlakatni qayta tiklaş uçun katta moliyaviy resurslarga muhtoj.
Parijdagi konferensiya Ukraina hukumati va Yevropa tiklaniş va taraqqiyot banki (YETTB) hamkorligida taşkil etildi.
2026-yilda «Katta yettilik» (G7) guruhiga raislik qilayotgan Fransiya avvalroq Çernobil AESdagi himoya inşootini tiklaş xarajatlarini taxminan 500 million yevroga baholagan edi.
Fransiya hukumati uşbu maqsad uçun 40 million yevro ajratiş majburiyatini olgan. Mazkur mablağning 10 million yevrosi dastlabki tadqiqotlarga yönaltiriladi.
Germaniya ham avvalroq Çernobil AES himoya gumbazini taʼmirlaş uçun 50 million yevro ajratişini eʼlon qilgan edi.
Dron hujumidan keyingi şikastlanişlar
Rasmiy nomi «Yangi xavfsiz konfaynment» (YAXK) bölgan himoya gumbazi 2016-yilda Çernobil AESning törtinçi energobloki ustiga örnatilgan va 2019-yilda töliq foydalanişga topşirilgan.
U 1986-yildagi Çernobil halokatidan keyin qurilgan beton sarkofagni qoplab turadi.
2025-yil fevralida Rossiya droni zarbasidan söng inşoot jiddiy şikastlangan va uni keng kölamda taʼmirlaş zarurati tuğilgan.








