Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qömitasining tegişli qarori 2026-yil 5-noyabrda Adliya vazirligi tomonidan 3967-raqam bilan davlat röyxatidan ötkazildi.

Yangi qoidalarga köra, atom elektr stansiyasi qurilişi boşlanişidan oldin reaktor qurilmasining loyiha hujjatlari işlab çiqilişi şart. Ularda xavfsizlik uçun muhim tizimlar, ularning işonçlilik körsatkiçlari, xizmat muddati va texnik holatini nazorat qiliş vositalari aniq belgilanişi lozim.

Şuningdek, loyiha hujjatlariga tegişli özgartirişlar kiritilmasdan reaktor qurilmasi va xavfsizlik tizimlarining konstruksiyasi, texnik xususiyatlari hamda stansiyadan foydalaniş şartlarini özgartirişga yöl qöyilmaydi.

Avariyalarning atrof-muhitga taʼsiri oldindan baholanadi

Xususan, ehtimoliy avariyalar paytida radioaktiv moddalarning atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlari, tuproq, ösimlik va hayvonot dunyosi hamda aholi salomatligiga taʼsiri oldindan örganilişi kerak. Uşbu taʼsirlarning oldini oliş va kamaytiriş çoralari ham loyihada nazarda tutilişi şart.

Xavfsizlik uçun muhim tizimlar işlab çiqariş, örnatiş va sozlaş bosqiçlarida nazorat hamda sinovlardan ötkaziladi. Stansiyadan foydalaniş davrida esa ularning texnik holati muntazam tekşirib boriladi.

Atom elektr stansiyasi blokini elektr energiyasi işlab çiqariş rejimiga ötkazişda reaktor quvvati bosqiçma-bosqiç oşiriladi. Har bir bosqiçda rejalaştirilgan sinovlar ötkazilib, natijalar tahlil qilinadi.

Bundan taşqari, yadroviy xavfli işlar faqat reaktor qurilmasi töxtatilgan holatda, xavfsizlik çoralari va masʼul şaxs belgilangan maxsus dastur asosida bajarilişi lozim.

AES xodimlarini favqulodda vaziyatlarga tayyorlaş uçun avariyaga qarşi maxsus maşğulotlar ham ötkazib boriladi.

Mazkur qoidalar 2027-yil 7-fevraldan kuçga kiradi.