Jahon | 19:11 / 20.11.2022
27783
9 daqiqa o‘qiladi

«Urush - jahannam, urush - ma’nosiz». Ekranlashtirilgan jahon adabiyoti durdonasi - «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q»

28 oktyabr kuni Netflix kinoservisi yozuvchi Erix Mariya Remarkning mashhur «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» romani asosida olingan film premerasini o‘tkazdi. Rejissyor Edvard Berger ushbu film orqali urushning haqiqiy yuzini ko‘rsatdi: iflos, qonli va ma’nosiz. Mutaxassislar ta’kidlashicha, Ukrainadagi urush fonida film yangicha ko‘rinishda qabul qilinadi – u yana bir bor insoniyatni jang maydonidagi vahshiyliklarni romantikaga aylantirmaslik kerakligi haqida o‘ylashga majbur qiladi.

Foto: Netflix

«G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» filmi okopdagi janglardan boshlanadi. Yangi safarbar qilingan askar okopdan chiqib, hujum qilish uchun yuguradi va o‘q ovozi eshitiladi — u birinchi o‘qdayoq halok bo‘ladi. Bu Rossiyadagi safarbar qilinganlarning Svatovo yaqinidagi halokatini eslatadi.

Fokus halok bo‘lgan askarga emas, uning harbiy formasiga qaratiladi. Askarlar umumiy qabristonga dafn etiladi. Formalar esa yechib olib, front ortiga jo‘natishadi. U yerda esa tozalanib, yangi safarbar qilinganlarga tarqatiladi. Bu yerda o‘sha harbiy kiyimni maktabni endigina bitirgan, biroq allaqachon propaganda qurboniga aylangan Paulo Boymer oladi. U bilan jang qilish ishtiyoqida yonayotgan yana uch do‘sti ham frontga otlanadi.

Foto: Netflix 

Asar tarixi

«G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» asari yozuvchi Erix Mariya Remarkning boshidan o‘tkazganlari asosida yozilgan romandir. Remark 1916 yilda Germaniya tomondan urushga safarbar qilinadi va g‘arbiy frontga yuboriladi. U bir yil o‘tmasdanoq jangda og‘ir yaralanadi va urush oxirigacha harbiy hospitalda yotadi. Urushdan so‘ng unga I darajali Temir xoch ordeni beriladi.

«G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» asari birinchi marta 1929 yilning yanvarida alohida kitob sifatida nashr etilishidan oldin, 1928 yildan Berlinning «Vossische Zeitung» gazetasida bo‘lak-bo‘lak qilib chop etilgan. Bugungi kunda ham faoliyat yurituvchi «Ullstein» nashriyot uyi egalari noma’lum muallifning urush haqidagi romanini hech kim o‘qishni xohlamasligidan xavfsirab, asarni ommalashtirishda shunday yo‘l tutishga qaror qilgandi.

Asar ajoyib muvaffaqiyat qozonadi va dastlabki uch oyda Veymar respublikasida (Germaniya) kitobning 500 ming nusxasi sotiladi. Bugungi kunda esa asar 53 tilga tarjima qilingan va umumiy 40 million adadda chop etilgan.

1930 yil roman asosida ilk kinofilm suratga olinadi. Film ham kitob singari katta muvaffaqiyatga erishadi va shu yili «Oskar» mukofotining «Eng yaxshi film» hamda «Eng yaxshi rejissyor» (Lyuis Maylstoun) nominatsiyalarida g‘olib bo‘ladi.

Biroq Germaniyaning o‘zida Remarkning urushga qarshi pafosi mamlakatda tobora kuchayib borayotgan o‘ng qanot konservativ, revanshistik mafkura bilan to‘qnash keladi.

1930 yil 4 dekabrda allaqachon «Oskar» mukofotiga sazovor bo‘lgan filmning Germaniyadagi premerasida Yozef Gebbelsning bevosita nazorati ostidagi natsistlarning jigarrang ko‘ylakli guruhi haqiqiy tartibsizlik uyushtirishadi: ular zalga «badbo‘y bombalar», aksirtiruvchi kukun va bir to‘da sichqonlarni tashlaydi.

«Yahudiylar! Bu yahudiylar filmi!» deya baqirgan natsistlar tomoshabinlarga hujum qiladi va oxir-oqibat film namoyishini to‘xtatishga majbur qiladi.

«O‘n daqiqadayoq zal butunlay tartibsizlik ichida qoldi. Politsiya ojiz edi. G‘azablangan olomon yahudiylarga nisbatan o‘z qahrini ko‘rsatdi. Bu bizning birinchi katta yutug‘imiz edi. Biz ‘Yo‘qolsin yahudiylar, yashasin Hitler!ʼ, deya baqirdik. Politsiya biz bilan maslakdosh bo‘ldi. Minglab odamlar bo‘layotgan voqealarni shunchaki tomosha qildi. Biz yutdik. Gazetalar bizni qo‘llab-quvvatladi. Millat biz tomonda. Bir so‘z bilan aytganda — g‘alaba», deya o‘sha kunni xotirlagan Gebbels o‘z qaydlarida.

1931 yil Erix Mariya Remark ham adabiyot, ham tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ladi. Ammo Germaniya zobitlari ittifoqi bu mukofotga norozilik bildirib, Remarkni nemis armiyasi va askarlarini haqorat qilganlikda ayblaydi.

Fashistlar bosimi ostida Germaniyada «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» asari asosida film olish taqiqlanadi. Hitler hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng esa asarning o‘zi ham taqiqqa duchor bo‘ladi.

1933 yil 10 may kuni Remarkning «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» va boshqa kitoblari ommaviy ravishda yoqib yuboriladi.

Natsistlar 1933 yil mayida Berlinda kitoblarni yoqishmoqda.
Keystone / Getty Images

Shu yili Remark Germaniyani tark etadi va AQShga yo‘l oladi. U yerda biroz yashagach, Yevropaga, Shveytsariyaga qaytadi va umrining oxirigacha shu yerda qoladi. Yozuvchi ko‘plab qiyinchiliklar tufayli asar yozishdan to‘xtaydi.

Uning asarlari Hitler qulatilgandan so‘ng yana ommalasha boshlaydi, jumladan «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» ham.

1970 yilda ajoyib yozuvchi Erix Mariya Remark vafot etadi.

Urush — jahannam, urush — ma’nosiz

Foto: Netflix 

Urushlar insoniyat tarixining abadiy va, afsuski, ajralmas qismidir. Urush haqida olingan har bir film muqarrar ravishda hozirgi urushlar bilan parallellikni keltirib chiqaradi.

Rejissyor Edvard Berger bu filmni suratga olishni 2022 yil 24 fevraldan (Ukrainadagi urush boshlangan kun) oldin tugatgan edi.

«Albatta, men ikki yarim yil oldin film bo‘yicha ish boshlaganimda, hozirgi voqealarni ko‘z oldimga keltirmagandim. Lekin men Yevropa bo‘ylab sayohat qilib, Vengriya, Fransiya, Angliya va hatto Germaniyada ham kuchayayotgan millatchilikni ko‘rdim va bu film suratga olinishiga sabab bo‘ldi. Endi demagogiya va propaganda nimaga olib borishini aniq bilamiz: urushga ikkilanmay borayotgan Rossiya yoshlariga qarang, ular bu urush qonuniy va adolatli ekanligiga ishonadi. Urush mavzusi doimo dolzarbdir», deydi rejissyor Berger.

«G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» filmi urush haqida shu paytga qadar olingan filmlar bilan g‘oyaviy jihatdan bir xil. Bu filmlar urushning qanchalik dahshatli ekani, uning ma’nosiz va foydasizligini ko‘rsatib beradi.

Millionlab askarlar frontda jon olib, jon berib kurashayotgan bir paytda ularni urushtirayotgan insonlar issiq joylarda, shohona taomlarni yeb, bamaylixotir xaritaga qarab, keyingi rejalarni muhokama qiladi. Askarlar yeyish uchun non topolmayotgan bir paytda, generallar o‘z itlarini ovqatlantiradi.

General Fridrixs (Devid Strizov) 1918 yil 11 noyabr kuni, urushning so‘nggi kunida, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv kuchga kirishiga 15 daqiqa qolganida askarlarni hujumga yuboradi.

Minglab askar halok bo‘lsa-da, ular zarracha afsuslanmagan holda, falokatga uchrashi aniq bo‘lgan askarlarni yana urushga yuboraveradi. Rahbarlarning manmanligi, qaysarligi va o‘z obro‘-e’tiborini askarlar hayotidan ustun qo‘yishi minglab oilalar otasiz, o‘g‘ilsiz, ersiz qolishiga olib keladi.

Foto: Netflix 
Foto: Netflix 

Eng yomoni esa, urush tugagach ham, mag‘lub tomon rahbarlari odatda hech narsa bo‘lmagandek yashashni davom etaveradi, minglab halok bo‘lgan askarlar esa shunchaki o‘lib ketadi.

Nemis diplomati Matias Ersberger (Daniel Brul) - urushga qarshi edi va 1918 yil noyabridagi sulhni tashkillashtiradi. Ammo u 1921 yilda fanatiklar tomonidan xiyonatda ayblanib, o‘ldiriladi.

Aslida Berger filmidagi voqealarning bugungi kun uchun ham aktualligi juda yomon belgidir. Bu dunyo oradan yuz yil o‘tib ham o‘zgarmagani, urushning shunchaki ma’nosiz dahshat ekanini hali ham tushunmaganini ko‘rsatadi.

Film so‘nggidagi yozuvlar kartinaning eng kulminatsion nuqtasidir — «To‘rt yil davomida g‘arbiy frontdagi front chizig‘i bir metr ham oldinga siljimadi, lekin bu vaqt davomida uch million kishi halok bo‘ldi».

«G‘arbiy frontda (dunyoda) o‘zgarish yo‘q»…

Mavzuga oid