Prezident farmoni bilan, davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish choralari tasdiqlandi.
Farmonga koʻra, qurilish sohasida quyidagilarni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi:
- qurilish sohasida pudrat va loyihalash tashkilotlarining faoliyatini ragʻbatlantirish;
- qurilish sohasidagi xodimlar uchun soatlik eng kam ish haqi miqdorini oshirish hamda barcha hududlardagi miqdorini tenglashtirish;
- Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarining smeta qiymatida pudrat tashkilotlarining rejali foydasi miqdorini 7 foizgacha etib belgilash;
- loyihalash ishlarini moliyalashtirish hajmini obyektning murakkablik darajasi va oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish;
- muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasi uchun yigʻimlar boʻyicha avans toʻlovini 20 foizdan 5 foizga tushirish.
Qaror loyihasi 2027-yil yanvar oyida tayyor boʻlishi kerak. Vazifa ijrosi uchun bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov, qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov hamda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Samandar Sadullayev masʼul deb belgilandi.







