Oʻzbekistonda tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorliklarni qisqartirish uchun yangi mexanizm joriy etiladi. Bu 27-avgust kuni qabul qilingan prezident farmonida belgilangan.

Hujjatga koʻra, tadbirkorlarga eksport operatsiyalari boʻyicha aktivlar belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinmagani sababli yuzaga kelgan debitor qarzdorlikni oʻz mablagʻlari hisobidan soʻndirishga ruxsat beriladi.

Bu imkoniyat 2027-yil 1-yanvarga qadar bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida amal qiladi. Tartib farmon kuchga kirguniga qadar tuzilgan tashqi savdo shartnomalariga nisbatan qoʻllanadi.

Aksiya tovar, ish yoki xizmat amalda eksport qilingan, ammo xorijiy kontragent toʻlovni belgilangan muddatda amalga oshirmagani uchun «E-kontrakt» tizimida muddati oʻtgan deb qayd etilgan qarzdorliklarni qamrab oladi.

Oʻz navbatida, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ularning shunday ulushga ega boʻlgan tashkilotlari mazkur imkoniyatdan foydalana olmaydi.