O‘zbekiston | 21:22 / 15.01.2021
64913
9 daqiqa o‘qiladi

Toshqin vahimasi: Qayroqqum suv ombori haqida nimalar ma'lum?

14 yanvar kuni kechki vaqt Sirdaryo viloyatining bir qator tumanlarida Tojikiston va O‘zbekiston chegarasida joylashgan «Bahri tojik» (Qayroqqum) suv omborida to‘g‘on buzilgani va suv toshqini kelayotgani haqida vahima tarqaldi. Bu yolg‘on ma'lumotga ishongan odamlarning bir qismi yashash uyidan uzoqroqqa ketish uchun harakatga tushgan bo‘lsa, yana bir qismi yarim tungacha ko‘chada o‘tirgan.

Qayroqqum suv ombori / Foto: TripAdvisor

Favqulodda vaziyatlar vazirligi odamlar ortiqcha vahimaga tushmasligi uchun tezlik bilan munosabat bildirdi. Unda vahimaga o‘rin yo‘qligi, Qayroqqum suv ombori nazoratda ekani, unda hech qanday avariya sodir bo‘lmagani hamda to‘g‘on dambasi buzilmagani ma'lum qilindi.

Bundan tashqari, Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev va yana bir qator tumanlar hokimlari kechasi bilan yurib, odamlardan uylariga qaytishni so‘ragan.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Xo‘sh, Qayroqqum qachon qurilgan? Unda qancha suv saqlanadi? Suv ombori mintaqa uchun xavf tug‘dirishi mumkinmi? Quyida shu haqdagi ma'lumotlar keltirilgan.

O‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab SSSR rahbariyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish qulay bo‘lgan O‘zbekiston hududidagi zaxira yerlarni o‘zlashtirish uchun harakat qila boshlaydi. Mintaqada yoz ancha issiq kelishi, dalalarni sug‘ormasdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning imkoniyati past bo‘lishi inobatga olinib, bu yerda avvalo suv omborlar qurish reja qilinadi. Shundan so‘ng, bir tarafdan cho‘llar o‘zlashtiriladi, ikkinchi tarafdan yirik daryolar to‘silib, suv omborlari qurish boshlanadi. Qayroqqum ana shu suv omborlar orasida eng birinchi qurilgan gidrotexnika inshooti hisoblanadi. O‘sha paytda Qayroqqum suv ombori bilan birga Qayroqqum GES ham qurilgan.

Qayroqqum suv ombori haqida

Qayroqqum suv ombori Farg‘ona vodiysining g‘arbiy qismida asosan Tojikiston va qisman O‘zbekiston hududida joylashgan. Qayroqqum suvga to‘lgan paytda uning O‘zbekiston hududida joylashgan qismida ham suv yig‘iladi. Ammo so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi tufayli yog‘ingarchilik kam bo‘lyapti. Tabiiyki, Qayroqqumga tushayotgan suv hajmi ham kamaydi. Yoki bu suv omboriga ko‘p suv yig‘ilsa ham, Tojikiston yetarlicha elektr energiya olish uchun Sirdaryoga ko‘proq suv qo‘yib yuboryapti. Oqibatda uning suvi biroz kamayib, O‘zbekiston hududida joylashgan qismida suv yig‘ilmayapti. Buni ayni damda xaritada ham ko‘rish mumkin.

Sirdaryo oqimining oldi gidrouzel to‘g‘oni bilan to‘sib hosil qilingan ushbu suv omborni to‘ldirish 1950-yillarda boshlangan. Uning yuza maydoni 513 kvadrat kilometrni, foydalansa bo‘ladigan suv hajmi 2,6 mlrd kub metrni tashkil etadi. Suv omborining uzunligi g‘arbdan sharqqa qarab 60 kilometrni, eni esa shimoldan janubga qarab eng keng joyda 20 kilometrni tashkil etadi.

Qayroqqum tog‘ daralarida emas, suv omborlari uchun noodatiy tarzda tekislikda barpo etilgan va shu sabab unchalik chuqur emas: o‘rtacha 8,2 metr. Eng chuqur joyi esa 30 metr.

Qayroqqum Sirdaryo daryosidan oqib keladigan suv oqimini asosan mavsumiy, qisman ko‘p yillik tartibga soladi. Uning doimiy sug‘orish maydoni 475 ming gektardan ortiq. Qayroqqum suv ombori tarkibiga quvvati 426 MVt bo‘lgan GES, to‘g‘on gidrouzeli, umumiy uzunligi 27 kilometr bo‘lgan chap qirg‘oq marza dambalari, suvosti zonasini gorizontal va vertikal drenajlovchi nasos qurilmalari kompleksi kiradi. Suv omboridan suv o‘tkazish imkoniyati 20 kub metr/s bo‘lgan Xo‘jabaqirg‘on (chap qirg‘oq) va Samg‘or (o‘ng qirg‘oq) sug‘orish nasos stansiyalari suv oladi.

Qayroqqum GES

Foto: News.tj

Qayroqqum GES ham shu nomdagi suv ombor bilan deyarli bir vaqtda, 1951 yilda qurila boshlangan. Suv ombori bitib, unda suv to‘plana boshlagach, 1958 yilda ishga tushirilgan. Mazkur GES plotinasining uzunligi 1 200 metr, balandligi 28 metr. Plotinaning asosi tuproq aralash qum-shag‘aldan iborat. GES quvvati 426 MVt.

Suv omborlarini qurishdan maqsad nima bo‘lgan?

SSSR davrida Markaziy Osiyoda aksariyat suv omborlarini qurishda birlamchi vazifa elektr energiyasi olish emas, qishloq xo‘jaligida foydalanish maqsadida sug‘orish uchun suv to‘plash bo‘lgan. Ularda qishda oqadigan suv to‘plangan va yozda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun ishlatilgan.

1991 yil SSSR tarqab ketgach, mustaqil bo‘lgan Markaziy Osiyo respublikalarining aksariyati elektr energiyasi taqchilligiga duch kela boshladi. Shundan so‘ng, sobiq ittifoq davrida qurilgan aksariyat suv omborlarining vazifalari o‘zgara boshladi. Endi ulardan foydalanishda birlamchi vazifa qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orish emas, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun suv to‘plash bo‘ldi.

SSSR davrida yog‘ingarchilik davri bo‘lgan kuz-qish va bahor oylarida suv omborlarda oshiqcha suv yig‘ilgan hamda yozda qishloq xo‘jaligi uchun oqizilgan. Mustaqillikdan keyin esa daryolar to‘lib oqadigan paytda suv omborlarini to‘ldirib, so‘ng elektr energiyasi olish uchun suv qishda oqizib yuborilgan. O‘z davrida bu ish qo‘shni respublikalar o‘rtasida turli kelishmovchiliklar ham keltirib chiqargan.

Qayroqqum suv omborida damba buzilish xavfi bormi?

Foto: Sputnik / Boris Ushmaykin

Dunyodagi birorta suv ombori va uning to‘g‘onlari xavfdan xoli emas. Yangi qurilayotganlari ham, ancha avval qurilganlari ham (buni yangi qurilgan Sardoba suv ombori misolida ko‘rdik). Ayniqsa, o‘tgan asrning 50-60 yillarida ko‘proq qo‘l mehnatidan foydalanib qurilgan suv omborlari.

Qayroqqum ham mintaqadagi boshqa ko‘plab suv omborlari singari doimiy tarzda mutaxassislar nazoratida turibdi. Hozircha unda falokat kelib chiqadi degan xavf umuman yo‘q. Ammo ushbu suv omborning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan bir qancha omillar uni nazorat qilayotgan mutaxassislarni doimo sergak turishga undaydi. Gap shundaki, Qayroqqumga suvi quyiladigan Sirdaryoning yuqori irmoqlarida bir necha yirik suv omborlari bor va ayrim hollarda ulardan ko‘p miqdorda suv oqizilganda o‘z-o‘zidan Qayroqqumda ham xavfli vaziyatni yuzaga keltiradi.

Masalan, 2009 yil kuzda Qayroqqum suv omborida xavfli vaziyat yuzaga keladi. O‘shanda Qirg‘iziston o‘z hududida joylashgan To‘qtag‘ul suv omboridan belgilangan miqdordan ko‘p suv chiqarishi oqibatida Qayroqqumda ham suv miqdori ko‘payib ketadi. Shundan so‘ng, Tojikiston ham bu suv omboridan qo‘yib yuboriladigan suv miqdorini keskin ko‘paytiradi. Oqibatda Sirdaryoning O‘zbekiston va Qozog‘istondan o‘tuvchi quyi oqimi o‘zanidan chiqib ketib, bir qancha aholi punktlarini suv bosish xavfi yuzaga keladi.

Umuman olganda, hech qanday falokat yuz bermagan holatda ham Qayroqqum suv ombori kuz, qish va bahorda Qozog‘istonning janubiy hududlari uchun anchadan beri xavf solib kelyapti. O‘tgan asrning 50-60 yillaridan boshlab Sirdaryoning yuqori oqimlarida ko‘plab suv omborlar qurilishi natijasida daryoda suv kamayib ketadi. Oqibatda Sirdaryo o‘zani torayib ketadi. Sobiq ittifoq tarqab ketgach, suv omborlaridan elektr energiya olish birlamchi maqsadga chiqqanidan so‘ng, ularning suvi kuz, qish va bahor fasllarida ko‘proq oqizildi. Shuning uchun Qozog‘istonning janubiy hududlari, Sirdaryo o‘zanida joylashgan aholi punktlari doimiy suv bosish xavfi ostida qola boshladi. Ayrim yillarda Sirdaryo o‘zanidan toshib chiqqan suv Qozog‘istonning Qizilo‘rda shahriga ham xavf solyapti.

Shu o‘rinda bir xulosa. Aslida Qayroqqum ombori toshgani haqida mish-mishni biror kishi bilib-bilmay tarqatgan va bu jiddiy gap ham bo‘lmagandir. Lekin odamlar bejiz ko‘chaga «quruqlik qidirib» chiqqani yo‘q. Sirdaryoliklar bir marta suv balosidan kuyib bo‘lishdi. Endi ular oddiy ariq o‘pirilishidan ham hayiqishadi...

Mavzuga oid