11:30 / 06.02.2018
19443

Myunxen fojiasiga 60 yil: aslida nima bo‘lgandi?

Futbol olamida Madrid va Manchester, ularning o‘zaro raqobati va aloqalarining ahamiyati katta. Zamonaviy futbol qahramonlaridan biri Krishtianu Ronalduning shakllanishida ikki klubning xizmati katta. Aytishlaricha, Roman Abramovichning futbolga qiziqib qolishi va unda «Chelsi»ni sotib olish g‘oyasi paydo bo‘lishida «Real» va «Manchester Yunayted» o‘rtasidagi «Old Trafford»da bo‘lib o‘tgan (YeChL 2002/03 chorak finali javob o‘yini. Inglizlar 4:3 hisobida ustun kelishgan, ammo Madridda 3:1 hisobida yenggan Madrid yarim finalga yo‘l olgan) uchrashuv sabab bo‘lgan ekan. Devid Bekhem, Ruud van Nistelroy, Gabriyel Xayntse, Maykl Ouen, Anxel Di Mariya kabi yulduzlar har ikki jamoa libosini kiyishgan. Hozirda «MYu»ni boshqarayotgan Joze Mourino ham bir paytlar «Real»da ishlagani alohida voqea.

Ammo, aslida bu klublar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar biroz eski, juda mustahkam ekanini ko‘pchilik bilmasa kerak. Hozirda «Real» uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadion nomiga bitilgan Santyago Bernabeu 1958 yilning 6 fevral kuni, ya'ni roppa-rosa 60 yil oldin Myunxenda sodir bo‘lgan fojiadan so‘ng, «Manchester Yunayted»ning oyoqqa turishida katta yordam ko‘rsatgan. O‘sha paytlarda u «Real» prezidenti hisoblanardi.   

BeRNABeU VA BASBI

Bu haqida angliyalik Jon Ladden o‘zining «Ikki shahar haqida qissa: Manchester va Madrid 1957-1968» kitobida yozgandi. Unda aytilishicha, «Real»ning buyuk prezidenti Santyago Bernabeu bu jamoa bilan Yevropa Chempionlar kubogining ikkinchi mavsumida, madridliklar yarim finalda «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinlarda 3:1 va 2:2 hisoblarida o‘ynagan paytida qiziqib qolgan ekan. O‘sha paytgacha eng buyuk yulduzlarni «Real»ga olib kelish orqali muvaffaqiyatlarga erishishga odatlangan Bernabeu «MYu» tarkibidagi juda yosh yigitlarning o‘yinlaridan hayratga tushadi va Mett Basbini Madridga taklif qiladi. Shotlandiyalik murabbiy tomonidan taklifning rad qilinishi uni unchalik xafa qilmadi. U bilardiki, Basbi o‘sha yosh yigitlar bilan Yevropani zabt etishdek buyuk orzular og‘ushida edi.

Oradan o‘n oy o‘tib, yosh «Yunayted» halokatga uchradi. Myunxendagi aviahalokat 8 futbolchi, uch murabbiy va yana 10 kishini hayotdan olib ketdi. Chempionlar kubogi chorak finalida g‘alaba qozongan yigitlar halok bo‘lgan, go‘yoki endi Basbining orzulari ham o‘sha Myunxen o‘rmonlarida ko‘milgandi.

O‘sha halokat og‘ushidan chiqmagan «Manchester Yunayted» yarim finalda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Italiyaning «Milan» klubiga 2:5 hisobida yutqazdi. Finalda esa, Xento va Di Stefano kabi yulduzlarning yorqin o‘yinlari evaziga «Real» milanliklarni mag‘lub etdi va Santyago Bernabeu ushbu g‘alabani halok bo‘lgan manchesterliklarga bag‘ishlaydi. U hatto kubokni Manchesterga jo‘natmoqchi bo‘ldi, ammo inglizlarning buni qabul qilishni istamaganlari ham tushunardi. Baribir ispaniyalik prezidentning bu harakati tahsinga sazovor. 

HAMMASI SeN UChUN, MANCheSTeR

Santyago Bernabeuning «Manchester Yunayted»ga bo‘lgan mehri shu bilan tugamadi. U «Real»ning eng asosiy futbolchisi Alfredo Di Stefanoni «Yunayted»ga ijaraga bermoqchi bo‘ldi va futbolchini bunga ko‘ndirdi ham. Ammo bu yerda «g‘ururli» Angliya futbol assotsiatsiyasi aralashdi - «Di Stefano qaysidir britaniyalikning o‘rnini egallaydi, kerak emas». Yevropa turnirlarini ikkinchi darajali deb, uzoq vaqtlargacha ingliz klublarini bu musobaqalarda ishtirok etishlariga to‘sqin bo‘lgan tashkilotdan yana nimani kutish mumkin?

«Madrid» ahdidan qaytmadi va endi boshqa yo‘l bilan yordam berishga o‘tdi. Myunxenda halok bo‘lgan futbolchilarga bag‘ishlab «Jasur chempionlar» deb yozilgan bayroqlar chiqarishdi va unda marhumlarning ismlari ham joy olgandi. Sotuvdan tushgan daromad «Manchester Yunayted»ga jo‘natildi. Aviahalokatda jarohat olganlar uchun Madridning eng yaxshi shifoxonalarida bepul davolanish tashkil qilindi. Shuningdek, ikki klub o‘rtasida bir nechta o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazildi.

«Bu shunchaki o‘rtoqlik o‘yinlari emasdi. «Yunayted» o‘shanda Yevropa haqida orzu ham qila olmasdi, Angliya birinchi divizionida qolishning o‘zi ham oson bo‘lmasdi. Ammo Basbi futbolchilarining xayollarida o‘sha Chempionlar Kubogi orzusi yo‘qolmasligini juda istardi, ular uchun Pushkash va Di Stefano darajasiga intilish juda muhim bo‘lgan» - deb eslaydi Ladden.

«Real» o‘sha paytlarda qit'aning eng kuchli va mashhur klubi edi. Yuqorida tilga olingan Di Stefano va Xentodan tashqari, Raymon Kopa, Ferents Pushkash, Xose Santamariya... U davrlarda yulduzli tarkib bilan turli o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushish orqali ham klublar katta daromad qilardi. Har bir o‘yin uchun o‘sha paytlar uchun juda katta pul sanalgan 12 ming funt bunday o‘yinlarning bahosi edi. «Yunayted» qancha berishga qodir bo‘lsa, o‘shanda bersin» - degan Bernabeu ingliz klubi bilan bir qator o‘yinlar tashkil etdi. Laddenning yozishicha, Basbi ham bu g‘oyaga shu qadar mukkasidan ketgan ediki, shogirdlarining g‘alabaga bo‘lgan ruhiyati tushib ketishidan, muxlislarning esa, ishonchi yo‘qolishidan qo‘rqmay qo‘ygandi. Axir bu o‘yinlarning aksariyati madridliklarning g‘alabasi bilan tugardi-da.

1959 yilning oktabrida ilk o‘yinda «Old Trafford»ga kelgan 63 ming muxlis «Real»ning 6:1 hisobidagi g‘alabasini kuzatdi. Madriddagi javob o‘yini 6:5 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi - tashrif buyurgan 80 mingdan ziyod muxlis har ikki jamoani ham olqishladi. O‘yindan so‘ng, Myunxenda jabr ko‘rgan oilalar sharafiga kechki ziyofat uyushtirildi. «Basbi men futbol olamida ko‘rgan eng jasur va buyuk insondir», dedi o‘sha kungi nutqida Santyago Bernabeu.

Keyingi o‘yin 1960 yilda o‘tkazildi. «Madrid» 3:2 hisobida yutdi, keyingi yilgi uchrashuvda esa, nihoyat inglizlarning qo‘li baland keldi - 3:1. 1962 yilning sentabridagi o‘yinda esa, «Manchester Yunayted» endi kuchaygan, «Real» bilan tengma-teng o‘ynay oladigan darajaga yetgandi. Ular Ispaniyadan 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytishdi.

«Manchester Yunayted» o‘sha mavsumda Myunxen fojiasidan keyingi ilk sovrini yutgandi. Angliya kubogidan keyin, navbatdagi mavsumlarda qatorasiga ikki chempionlik nishonlandi. Kulminatsiya esa, 1968 yilgi Yevropa Chempionlar Kubogi finali bo‘lgandi. Basbi yangi jamoasini 10 yil o‘tib, buyuk orzu sari yetaklab borgan, «Basbi bolalari -2» ingliz klublari ichida ilk bor ushbu sovrin egasiga aylandi.

Myunxen fojiasidan tirik qolgan Foulks va Charltonga ham ushbu kubokni ko‘tarish nasib etdi.

«Nihoyat, marhum do‘stlarimga, eng avvalo o‘zimga bergan so‘zimning ustidan chiqdim, faoliyatimdagi eng muhim sovrinni qo‘lga kiritdim», - degandi o‘sha o‘yindan keyin Bobbi Charlton. E'tibor bering, bu so‘zlar ikki yil oldin Angliya terma jamoasi bilan birga jahon chempionatida g‘olib chiqqan futbolchi tilidan yangrayotgandi.

Qizig‘i, o‘sha musobaqa yarim finalida inglizlar «Real»ni dog‘da qoldirgandi. Santyago Bernabeu albatta, bundan xafa bo‘lsa-da, g‘oliblarni tabriklashga o‘zida kuch topa oldi. «Inglizlar bu turnirda g‘alaba qozonishlarini istagandim, shunday bo‘ldi», - dedi u finaldan keyin. Uning buyuk «Real»i Myunxen tuproqlaridan turib borgan jamoaga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, futbolning ajoyib hikoyalaridan biriga aylangan bu voqeada uning ham hissasi katta bo‘lganini tan olish joiz.

Qahramon Aslanov tayyorladi.

Top