00:02 / 13.03.2020
11842
Shavkat Mirziyoyev Xiva shahridagi Prezident maktabini borib ko‘rdi

Davlatimiz rahbari maktabda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Xiva shahridagi Prezident maktabini borib ko‘rdi.

Bu yerda Prezident maktabi standartlari asosida eng zamonaviy sharoit yaratilgan. Joriy o‘quv yilida 5-10 sinflarga jami 144 nafar o‘quvchi tanlov asosida qabul qilingan. Ularga dars berish uchun 9 nafar xorijlik mutaxassis, 21 nafar tajribali o‘qituvchilarimiz jalb qilingan. 

Davlatimiz rahbari maktabda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. 

- Biz juda katta marra olganmiz. Ularga erishishda sizlarday yoshlarga ishonamiz va suyanamiz. Murakkab sinovlardan o‘tib, bu maktabga kirib, katta yo‘lga qadam qo‘ydingiz. Bu yerda zo‘rlarning zo‘ri o‘qiydi. Sizni shunday tarbiyalagani uchun ota-onalaringizga mendan rahmat aytinglar. Bu avvalo ularning, ular bilan birga mening ham baxtim, butun millatimizning baxti, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda Toshkent, Xiva, Nukus va Namanganda Prezident maktablari ochildi.

Prezidentning 2019 yil 20 fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4199-qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta Prezident maktabi tashkil qilinadi.

Prezident maktabi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim muassasasi hisoblanib, uning faoliyati yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitishni ta'minlashga qaratilgan.

Top