11:06 / 09.09.2021
12743
Prezident Yangi O‘zbekiston strategiyasi haqida ma'lum qildi

O‘zbekistonda mamlakatning obro‘-e'tibori va nufuzini oshirishga qaratilgan Yangi O‘zbekiston strategiyasi ishlab chiqildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi qurultoyida ma'lum qildi.

“Biz o‘tgan besh yilda katta tajriba orttirdik. Xalqimiz bizga ishondi va inondi. Ayni vaqtda el-yurtimiz bizdan yangi reja va dasturlarni amalga oshirishni kutmoqda. 

Xalqimizning ana shunday ishonchi va orzu-niyatlari, ezgu umidlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida: yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash; fuqarolar va millatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash; xalqimizning ma'naviy dunyosini yanada yuksaltirish; O‘zbekistonda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat'i nazar, har bir vatandoshimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya etish, kafolatli daromad manbai, tibbiy xizmatlar va uy-joy, sifatli ta'lim bilan ta'minlash; kambag‘allikni qisqartirish va ehtiyojmand aholini ijtimoiy muhofaza qilish; mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e'tibori va nufuzini oshirishga qaratilgan Yangi O‘zbekiston strategiyasini ishlab chiqdik. 

Bugun sizlarga taqdim etilgan shu nomli kitobda ushbu strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil fikr yuritilgan. Shu bilan birga, kitobga kirmagan, ammo e'tibor berishimiz lozim bo‘lgan quyidagi eng muhim va dolzarb masalalarni ham hisobga olishimiz zarur.

Birinchidan, bugungi kunda mamlakatimiz aholisi 35 millionga yetdi, 2026 yilga borib esa 38 milliondan oshishi kutilmoqda. Bu – yurtimiz jahonda aholi soni bo‘yicha 37-o‘ringa chiqib, Polsha, Kanada, Saudiya Arabistoni kabi davlatlar aholisidan ham oshadi, degani. 

Ikkinchidan, aholimizning qariyb 55 foizini yoshlar tashkil etadi va har yili mehnat bozoriga kamida 600 ming yoshlar kirib kelmoqda. Bunday demografik o‘sish biz uchun ham imkoniyat, ham juda katta mas'uliyat demakdir.

Uchinchidan, dunyo miqyosida iqtisodiyotning tarkibi  keskin o‘zgarib, raqamli va biotexnologiyalar, sun'iy intellekt kabi sohalar shiddat bilan hayotga kirib kelmoqda. Iqtisodiyot rivojini uskunalar emas, balki zamonaviy bilim va innovatsiyalar belgilaydigan zamon keldi. 

To‘rtinchidan, iqlimning keskin o‘zgarishi, suv resurslarining kamayib borishi insoniyat uchun kelajakdagi emas, aynan bugungi kundagi dolzarb muammoga aylandi. Bu esa dunyo miqyosida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi salomatligi va daromadlariga jiddiy xavf solmoqda.

Beshinchidan, xalqaro maydondagi va mintaqamizdagi ziddiyatlar, radikalizm, ekstremizm va terrorizm kabi xavf va tahdidlar xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash naqadar muhimligini ko‘rsatmoqda”, dedi davlat rahbari.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top