12:17 / 21.06.2022
31378
“Biz ham yashaylik” - o‘lmas mavzu yana trendda

Yurtga yana yoz kelib, jazirama bilan birga pulli “tonirovka”ning mantiqsizligi haqidagi gap-so‘zlar ham qaytdi. Ko‘pchilik Komil Allamjonovning postini signal va “uchini chiqarish” deb qabul qildi, bu esa so‘ngan umidlarni yana alangalatgandek bo‘ldi.

Foto: KUN.UZ

Garchi IIV avtomobil oynasini qoraytirish bepul bo‘lishi kutilayotgani haqida ma’lumotga ega emasligi aytilgan bo‘lsa-da, 1 iyuldan bu borada jiddiy o‘zgarish bo‘lishi kutilayotgani haqidagi gap-so‘zlar tinmayapti. Kun.uz internet foydalanuvchilari tomonidan bildirilgan ayrim izohlarni jamladi.

“Aslida tonirovka – avtomobil egasining haqqi. Motorni almashtirgani yo‘q, g‘ildirakning katta yo kichigini qo‘ygani yo‘q, o‘zini quyoshning zararli nurlaridan himoya qilmoqchi xolos. Xuddi qishda issiq kiyim kiygandek gap bu” — Ne’mat Bahriddinov

“Inson o‘zini issiqdan himoya qilish uchun pul to‘lashi bu kulgili holat. “O‘zbekiston 24” kanalini qo‘ysang, tinmay inson qadri haqida gapiradi. Qani inson qadri?” Asqar Abdullayev

“Ko‘rishni 90 foiz cheklaydigan baxmal pardaga ruxsat bor, lekin ichkaridan hamma narsa ko‘rinib turadigan tonirovkaga ruxsat yo‘q! Juda mantiqsiz holat” — Bahodir Mamajonov

“Hech bo‘lmasa avtomobil oynalarini mavsumiy qoraytirishga ruxsat berish kerak. Juda bo‘lmasa yoz oylarida. Xalq haqida qayg‘urish boshlangan ekan, qabul qilinayotgan qonunlar ham shunga muvofiq bo‘lishi kerak” — Sherzod Ismoilxo‘jayev

“Men shaxsan tonirovka bepul bo‘lishi tarafdoriman. Biroq tez orada avtomobilga radiomagnitofon yoki gilamcha o‘rnatish uchun ham soliqqa tortishlaridan xavotirdaman. Chunki faqat bizning mamlakatdagina aholidan mashina oynalarini qoraytirish uchun 2000 dollar olishni o‘ylab topish mumkin” — Sherxon Nazarov

“Tonirovka pulli bo‘lishi uchun hech qanday asos yo‘q aslida. U tekin bo‘lishi kerak” — Abdurahmon Pardiyev

“Nafaqat shaxsiy avtomobillar, jamoat transportlari – avtobus va “marshrutka”larning oynalarini tonirovka qilish bepul bo‘lishi kerak. Aholining katta qatlami shunday transportdan foydalanadi. Yozda konditsionersiz avtobusda yurish juda qiyin. Hech bo‘lmasa oynalari qoraytirilsa, yo‘lovchilarga ancha yengillik bo‘lardi” — Umida Muzaffarova

“Tonirovkani pullayotgan amaldorlarning mashinasi 100 foiz qoraytirilgan. Qorni to‘qning qorni och bilan ishi yo‘q” — Rasul Isomiddinov

“Agar qonunlar bizga xizmat qilishi kerak bo‘lsa, hujjatlardagi mantiqsizlikka nuqta qo‘yish kerak. Avtomobil oynasiga pardaga ruxsat bor, lekin tonirovka pulli. Qaysi biri ko‘rishni ko‘proq cheklaydi? Qaysi biri YTH sodir bo‘lishi xavfini oshiradi? Albatta, quyoshdan saqlanish uchun mashina oynasiga tortiladigan parda. Xalq uchun qay biri qulayroq? Masalan, avtomobilning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan yaqinlarimiz tonirovka qilingan mashinada o‘zlarini ancha erkin va qulay his qilishadi” — Jamshid Jumaniyozov

“Agar avtomobil oynasini qoraytirish bepul bo‘lmasa, amaldorlarning xizmat avtomobillarini ham tonirovka qilish bekor qilinsin, shunda oddiy xalq bilan tenglik bo‘lardi” — Oybek Bo‘riboyev.

“Qarshida shunaqangi issiq bo‘lyaptiki... Shunchaki dahshat! Mashinaning ichi yonib ketyapti. Konditsioner salonni sovitib bera olmayapti. Shu issiqda katta buvimni shifoxonaga operatsiyaga olib bordim. O‘zimni emas, ularni o‘ylab siqildim. Tonirovkani pulli qilgan amaldorlar ham bizning holimizga tushishsin. Shunda ko‘ramiz ahvollarini” — Ramiz Hayitov

“Bugun Sergeli bozorida bitta haydovchining mazasi qochib, o‘lib qolishiga sal qoldi. Kunlar judayam isib ketdi, buning ustiga konditsioner ham yetarlicha sovitib bera olmayapti. Mashinaning ichida qariyb yarim soat boshidan suv quyib o‘ziga keltirdik, keyin tez yordam kelib shifoxonaga olib ketdi. Shunday vaziyatda tonirovkali avtomobil haydovchi va yo‘lovchilarni jaziramadan, quyoshning zararli nurlaridan yaxshigina himoya qiladi. Bu imkoniyat faqat boylar uchun bo‘lmasin” — Erkin Malikov

“Bizning hududimizda quyoshdan keladigan ultrabinafsha nurlar juda zararli hisoblanadi” — Bahodir Ro‘zboqiyev

“Nima emish, old oynani qoraytirish haydovchiga tashqarini ko‘rishga xalal berarmish... 13,5 mln to‘lab tonirovka qildirsa, tashqarini cheklovsiz ko‘ra boshlaydimi?! Qani bunda mantiq? Bu hamma uchun tekin bo‘lishi kerak. Butun dunyoda shunaqa. Biz ham yashaylik” — Otabek Mo‘minov

“Ilgari tonirovka mumkinmas, xavfli deyishardi. Keyin pul to‘lab mashinaning oynasini qoraytirish mumkin bo‘ldi. Bepul bo‘lsa xavfli, puli to‘lansa o‘sha xavf qayergadir g‘oyib bo‘lib qoladimi? Bu sho‘ring qurg‘ur xalqni shunchalik puli ko‘p deb o‘ylashadi, shekilli” — Abdurahmon Xolmurodov

“Hozirgi kunning shiori: “Yo zaring bo‘lsin, yo zo‘ring bo‘lsin” — Dilnoza Seitova

“Yurtdoshlar, har bir tuman, shahar, viloyatdagilar birgalashib, petitsiya yozaylik. Mamlakatdagi har bir haydovchi bu petitsiyaga imzo qo‘ysin. Bu arizalar mahalliy deputatlarga beriladi va ulardan uni yuqori organ darajasida ko‘rib chiqish talab etiladi. Ular kimlarningdir foydasini emas, balki xalq manfaatini hisobga olishga majbur” Xondamir Rixsixodjayev

“Pulli tonirovka soya uchun pul to‘lash demakdir” — Faxriddin Berkenov

“Shuncha gap-so‘z, e’tirozlardan keyin ham tonirovka uchun to‘lovni bekor qilishmasa uyat” — Muhammad Hojiyev

“Mashina oynasini qoraytirishni bepul qilish haqidagi muhokamalar tugaguncha kuz ham kelib qoladi” — Shukurullo Sodiqov

“Avtomobil oynalarini qorashtirishni pulli qilish haqidagi hujjatni ishlab chiqqanlar va uni tasdiqlaganlarning o‘zlari bir tiyin to‘lamasdan tonirovkali moshinalarda yurishadi. Ana o‘shalar birovning haqqidan qo‘rqmagan zolimlardir” — Abdulaziz Obidov

“Xalqni qiynab kelayotgan shunga o‘xshash muammolarni mutasaddi tashkilotlarga yetib boradigan darajada ko‘taraverish kerak. Qachondir bizlarni eshitib qolishar, tinmay taqillatilgan eshik bir kuni ochilishi shubhasiz” — Hojiakbar Bobobekov

“Vazirlik va Senatdagi yuqori lavozim egalari tonirovkasiz avtomobillarda yurishi yoki hech bo‘lmaganda ularning mashinalari oynasi ishxona hisobidanmas, balki o‘z cho‘ntaklaridan qoraytirilishi kerak. Balki shunda fuqarolarni tushunib yetishar” — Doniyorbek Sobirov

“Avtomobil oynasini qoraytirish tekin bo‘lishi bilan shakarning kuni tonirovka plyonkasini boshiga tushadi” — Shavkat Hamroqulov

“Bir narsa esimga tushib ketdi. IIVdagilar 1 iyuldan tonirovka tekin bo‘lishi mumkinligidan bexabarmiz deyishibdi. Odatda har doim “bunday ma’lumotga ega emasmiz” deb aytilsa yoki inkor qilinsa, shu gap rost bo‘lib chiqadi. Pandemiya boshlanayotganda falon sanadan karantin joriy etilarkan, maktablar yopilarkan degan xabarlardan keyin va boshqa ko‘plab holatlarda ham shunday bo‘lgandi. Lekin amalda buning aksi bo‘lib chiqib, o‘sha mish-mishlar to‘g‘ri bo‘lib chiqqandi. Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi deyishganidek bu safar ham IIVning emas, odamlarning gapi to‘g‘ri bo‘lib chiqsa zo‘r bo‘lardi-da” — Jahongir Alimov

“Tonirovka hamma uchun tekin bo‘lishi shart. Odamlarni diskriminatsiya qilish kerakmas. Ruxsat berilsa ham, taqiqlansa ham bu talab hammaga birday taalluqli bo‘lishi tarafdoriman. Mana qo‘shni respublikalarda...” — Sergey Qayumov

“Xalq dardini eshitib o‘zini eshitmaganlikka solayotgan hukumatga katta “rahmat” — Bobur Xalilov

“Issiq kunlar salqin kunlardan ancha ko‘p, ob-havosi issiq mamlakatda mashinamizning oynasini qoraytirish uchun nega aql bovar qilmas pul sarflashimiz kerak?! Odamlar uchun qulay bo‘ladigan qarorlar ham qabul qilinglar, axir” — Aziza Shirova

“Hamma rivojlangan mamlakatlarda xoh qahratonda bo‘lsin, xoh jaziramada avtomobilni tonirovka qildirish oddiy qabul qilinadi. Bizda esa oynasi qoraytirilgan mashinalardan qo‘rqishadi. Pulli bo‘lsa mumkin. Zarar bermoqchi bo‘lgan odam tonirovkasiz mashinada kelib ham zarar bera oladi. Nahotki shuni tushunish qiyin bo‘lsa?!” — Nuriddin G‘oziyev

“Quyosh qizdirib yotibdi. Tonirovkani jaziramadan saqlanish uchun o‘rnatiladigan oddiy moslama deb qabul qilish qiyinmi? Bizning amaldorlarimiz qachon zamon bilan birga yurishadi, qachon xalqqa daxldor qaror va qonunlarni chiqarayotganda masalaning hamma tomonini hisobga olishadi va fuqarolarga qayishishadi? Qachongacha soya-salqin uchun tovon to‘laymiz. Odamlarning sog‘lig‘ini o‘ylab hamma uchun tekin qilish shunchalik qiyinmi?” — Ilmira Yarasheva

“Yaqinda elektromobil sotib oldim. Orqa oynasi 60 foiz tonirovka qilingan ekan. Zavoddan shunaqa chiqqan. Bojxonadan shu holicha o‘tib kelgan. Sotib olayotganda tonirovka uchun pul to‘lashimiz kerakligini aytishdi. Yo‘qsa mashinaning oynasini almashtirishimizga to‘g‘ri kelarkan, qani bu yerda mantiq?” — G‘ayrat Allayorov

“Aslida O‘zbekiston iqlimidan kelib chiqilsa, tonirovkani tekin va majburiy qilish kerak. Yildan yilga yozda anomal issiq kuzatilyapti. Bizda esa odamlarning salomatligi haqida qayg‘urish o‘rniga o‘zimizga tegishli bo‘lgan avtomobilimizda quyosh nuridan, issiqdan himoyalanishimiz uchun pul talab qilinyapti. Insofsizlikning ham chegarasi bo‘lishi kerak-ku” — Dilmurod Tursunov

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by SUBeKTIV (@subektivuz)

Voqea tarixi

O‘zbekistonda 2018 yili avtomobil oynasini qoraytirishga ruxsat berilgandi. Belgilangan narxlarda sotilayotgan ruxsatnoma faqatgina 1 yil amal qiladi.

To‘lov miqdori yuqori ekani ko‘p marta tanqid qilingan, hattoki jamoatchilik bunga faol qarshilik bildirgan, biroq “Mening fikrim” portaliga joylashtirilgan petitsiya 10 mingdan ortiq ovoz to‘plagan bo‘lsa-da, negadir ko‘rib chiqilmagandi.

2019 yili noqonuniy “tonirovka” uchun jarima miqdori birdaniga avvalgisiga nisbatan keskin oshirildi. IIV YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov bu o‘zgarishga izoh berarkan: “Biz bilmaymiz-ku, oynasini ruxsatnoma olmasdan qoraytirib olgan haydovchi qayerda nima ish qilib yuribdi. Ko‘pchilikning maqsadi boshqa bo‘lishi mumkin”, deb javob bergan, mulozimning ushbu so‘zlari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan istehzo bilan qarshi olingandi.

Ayni paytda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat olish to‘lovi quyidagicha:

  • orqa yon oynalar – yiliga 4,5 BHM (1 mln 350 ming so‘m);
  • barcha yon oynalar – yiliga 45 BHM (13 mln 500 ming so‘m).

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasiga ko‘ra, avtomashinani ruxsatsiz “tonirovka” qilish 25 BHM – 7,5 mln so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, 40 BHM – 12 mln miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda “tonirovka”ni bekor qilish so‘ralgan murojaatlar yana ko‘paydi. Yildan yilga jazirama tafti kuchayib borayotgani, 40-50 daraja issiqda qoraytirilgan oynalar huzur-halovat emas, hayotiy ehtiyoj hisoblanishi bot-bot takrorlanmoqda.

Internet foydalanuvchilari davlat va hukumat mas’ullariga murojaat qilib, fuqarolarning talablariga e’tibor qaratishni so‘rashmoqda.

Aslida aprel oyidayoq internetda foydalanuvchilar avtomobil oynalarini qoraytirishni bepul qilishni so‘rab chellenj boshlashgan, ko‘plab o‘zbekistonliklar o‘z sahifalariga #tonirovka_jinoyat_emas heshtegi bilan videolar joylashgandi.

Bir necha kun muqaddam Kun.uz bloger Shavkat Hasanning videomurojaati haqida yozgan edi. U mashinasining orqa yon oynalariga yopishtirilgan “tonirovka” muddati 1 hafta oldin tugaganini YPX xodimi to‘xtatganida bilgan, shundan so‘ng 7,5 mln so‘mlik jarima miqdori oynani qasddan noqonuniy qoraytirgan fuqarolarga ham, ruxsatnoma muddati o‘tgan fuqarolarga ham birdek baravar ekanidan norozi ekanini aytgandi.

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ham O‘zbekistonda oxirgi vaqtlarda yoz haddan ziyod issiq bo‘layotgani, shu sabab avtomobillar oynasini qoraytirishni bepul qilish kerakligi, tonirovka uchun to‘lovlarning bekor qilinishi aslida inson qadrining bir ko‘rinishi ekanini ta’kidlagandi.

Allamjonovning ushbu chiqishi jamoatchilik faollari tomonidan iliq kutib olindi. Jumladan, deputat Rasul Kusherbayev ham bu fikrga qo‘shilishini ma’lum qildi. “Darhaqiqat, tonirovka jinoyat emas, xalq hisobidan, budjetdan tonirovka qildirish jinoyat. Gap egasini topadi”, deb yozgandi u.

Shu kunlarda 1 iyuldan tonirovka uchun to‘lovlar bekor qilinishi kutilayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Biroq IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov Kun.uz muxbiriga hozircha avtomobil oynalarini qoraytirish 1 iyuldan bekor qilinishi bo‘yicha ma’lumotga ega emasligi, rasmiy ma’lumotga ega bo‘lishi bilan bu haqda IIVning rasmiy sahifalarida e’lon qilinishini aytish bilan cheklandi.

Aprel oyida IIV mulozimi Kun.uz savoliga javoban “tonirovka” masalasida yengillik berilishi kutilmayotganini ma’lum qilgandi.

Bir yil oldin esa “tonirovka” narxini kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilgani aytilgan, shundan keyin rasmiylar bu mavzuni boshqa ko‘tarmagan edi.

Top