Shu yilning 30 aprel kuni O‘zbekistonda avtomobillar oynasini qoraytirishga ruxsat berish haqidagi jamoaviy murojaat “Mening fikrim” portalida joylashtirilgan edi. 2018 yilning 15 iyuliga qadar mazkur murojaatni qo‘llab-quvvatlab 12 ming 400dan ziyod portal foydalanuvchilari ovoz berishdi. O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga yuborilgan murojaat fuqarolarning kamida 10 000ta ovozini to‘plasa, belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Parlamentga taqdim etilishi lozim.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish choralari to‘g‘risida”gi  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilib, 2018 yilning 28 iyun kuni  regulation.gov.uz saytida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda ta'kidlanishicha, hujjat loyihasi transport vositalari haydovchilari, jumladan yurtimizda mehmon bo‘lib turgan sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan foydalanishni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.

"Taraqqiyot strategiyasi"  markazining yozishicha, O‘zbekistonning issiq iqlim sharoitini, xususan yilning o‘rtacha 300 kuni quyoshli bo‘lishini inobatga olganda holda, transport vositalarida qoraytirilgan oynalardan foydalanish o‘rinli va ko‘plab qulayliklarga ega. Jumladan, transport vositasi salonidagi yo‘lovchilarga ultra binafsha nurlarning zararli ta'sirini qaytarish, issiq va oftob urishidan himoya qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri va boshqa transport vositalarining chiroq nurlaridan ko‘z toliqishini oldini olish hamda transport vositasi salonidagi mato va qismlarning oftob nuridan zararlanishining oldi olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan tartibga ko‘ra, barcha transport vositalarining old, yon va orqa tomondagi oynalarining yorug‘lik o‘tkazishi kamida 70 foiz bo‘lishi shartligi belgilangan. Bunday normaning qo‘llanilishi uchun jamoat tartibi va xavfsizlik nuqtai nazardan qandaydir asoslar bo‘lishi mumkin, lekin bu fuqarolarga qator noqulayliklar tug‘diradi. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Tusi o‘zgartirilgan oynalarga ega bo‘lgan transport vositalari ishtirokida sodir etilgan yo‘l transport hodisalari haqida ma'lumot bormi, oynaning tusi o‘zgartirilganligi haydovchiga qanday ta'sir o‘tkazadi? Bu borada, afsuski, asoslantirilgan javob va ma'lumot mavjud emas.

Ma'lum qilinishicha,  qaror loyihasi internet tarmog‘i foydalanuvchilarining qizg‘in bahs va munozaralariga sabab bo‘lmoqda, birgina regulation.gov.uz portalida hujjat loyihasi bo‘yicha fuqarolardan 100 dan ortiq savol va takliflar kelib tushgan.