15:18 / 01.06.2023
32851

Metro vagonida qizlarga shilqimlik qilgan 2 talaba 5 sutkaga qamaldi

Toshkent metropolitenida “prank” video olib, notanish qizga shilqimlik qilgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi.

Videodan kadr

1 iyun kuni JIB Chilonzor tumani sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida 22 yoshli talabalar T. R. va K. K.ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqildi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidovning ma’lum qilishicha, tuman sudi qarori bilan ayblanuvchilar — Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topildi. Shuningdek, talabalarning harakati MJtK 32-moddasi – ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat, deb baholangan hamda ularning har biriga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

30 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrosida notanish qizga shilqimlik qilayotgan yigitlarning videosi tarqaldi va jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘lgan edi.

31 may kuni Toshkent shahar IIBB tomonidan prank qilgan yigitlarning shaxsi aniqlanib, MJtKning tegishli moddalari bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda sudga yuborilgan edi.

Top