Mustaqillik bayrami arafasida O‘zbekiston aholisi 38 millionga yetdi: 40 millionlik marraga uzog‘i 3 yil qoldi. Rus millatchisi o‘zbek muhojirini tahqirladi: TIV nega uning O‘zbekistonga kirishini taqiqlamadi? Markaziy bank oyliklarni tezroq oshirishga chaqirdi: bu masalada qo‘shnilarimizdan ancha orqada qolyapmiz. Prezident futbol bo‘yicha qaror imzoladi: endi har bitta mahallada futbol maydoni bo‘lishi kerak.

Yakunlangan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid asosiy yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

38 millionga yetdik

O‘zbekiston aholisi soni rasman 38 millionga yetdi. Bu “yubiley” mustaqillikning 34 yilligi arafasiga, 28 avgustga to‘g‘ri keldi. Shu tariqa, o‘zbekistonliklar oxirgi bir yil ichida 700 ming nafarga ko‘paydi. Shu temp saqlab qolinadigan bo‘lsa, 2028 yil o‘rtalariga borib 40 millionlik marra ham zabt etiladi. Bu bilan O‘zbekiston eng ko‘p nufusga ega 40 ta davlat qatoridagi o‘rnini mustahkamlaydi.

Aholimizning 35 foizi hali 18 yoshga to‘lmagan. Mehnatga layoqatli yoshdagilar soni 21 million yoki umumiy aholining 56 foizini tashkil etadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ishsizlik darajasi tarixiy minimum ko‘rsatkich – 5,1 foizga tushgan. Mehnatga layoqatli aholining 12 foizi, ya’ni 1 mln 800 ming nafari xorijda ishlayapti. Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik kunidagi nutqida aytishicha, yil boshidan beri 700 ming vatandosh yurtimizga, oilasi bag‘riga qaytgan. Prezident 8 oy ichida 5 million aholining bandligi ta’minlanib, kambag‘allik darajasi 6,8 foizgacha tushganini aytdi.

“Mamlakatimiz raqamlashgan va adolatli sud davri ostonasida turibdi. [...] Oldimizda qanday sinovlar paydo bo‘lmasin, demokratik islohotlar yo‘lidan aslo ortga qaytmaymiz”,dedi Shavkat Mirziyoyev.