Quvnoq va zukko, iqtidorli va pozitiv yoshlarni jamlagan O‘zbekiston KVN oilasi uchun may oyining oxirgi yakshanbasi g‘aroyib syurpriz bilan keldi. Yoshlar, san'at, madaniyat va boshqa ijtimoiy sohalarni qo‘llab-quvvatlashga bel bog‘lagan Murad Buildings KVNchilar uchun Toshkent bo‘ylab sayohat va kompaniyaning ajoyib loyihalaridan biri “Gulsaroy” majmuasida unutilmas kechani tashkil etdi. Bu haqda loyiha qatnashchilaridan biri blogida hikoya qilinadi.

"Toshkentning ikki qavatli avtobuslari o‘z tarixidagi eng yumorga boy suhbatlar, hazil-huzullar va kulgilarga mezbonlik qilgan bo‘lsa kerak. Axir bugungi ekipaj O‘zbekiston KVN o‘yinlari ishtirokchilari! Bu klub 25 yildan beri minglab yoshlar uchun o‘zlarining so‘zamollik, hozirjavoblik va aktyorlik mahoratlarini namoyish etish, tengdoshlari bilan birga qizg‘in ijod qilish va do‘stlar orttirish maydonchasi bo‘lib kelyapti", deydi bloger o‘z hikoyasida.

Dabldeker avtobuslarining yo‘nalish xaritasidan poytaxtning eng ko‘zga ko‘ringan manzillari: Shahidlar xotirasi maydoni, Minor masjidi va Hazrati Imom majmuasi o‘rin olgan. Ishtirokchilar sayohat bahonasida diqqatga sazovor joylar haqida ko‘proq ma'lumot olishdan tashqari, esdalik suratlariga tushishdi.

Shu kuni qizil avtobuslar marshruti biroz o‘zgargan. Hazrati Imom ziyoratgohidan keyin avtobus shaharning Olmazor tumanidagi mavzelaridan birida qad ko‘targan mo‘jaz “Gulsaroy” turar-joy majmuasi tomon harakatlandi.

Ushbu maskan to‘rtta besh qavatli binodan tashkil topgan. Binolardan birining pastki qavati supermarket uchun mo‘ljallangan. Zamonaviy ko‘p qavatli uylar ayvonlari va hovli bo‘ylab gullar, binolar toqida esa xalqda baraka ramzi hisoblangan uzunqanot qushlar uchun uychalar o‘rnatilgan. Ba'zi xonadonlari panjaralarida uy sotilganiga ishora qiluvchi e'lonlarni ko‘rish mumkin.

Ishtirokchilar uchun tashkil etilgan dasturxon atrofidagi iliq suhbatdan keyin kompaniyaning binokorlik sohasida amalga oshirayotgan ishlari haqida tadbir mezboni Murod Nazarov ma'lumot berdi.

“Gulsaroy”dagi maxsus ekskursiya davomida kompaniya rahbari Murad Buildings’ning asosiy vazifalaridan biri haqida to‘xtaldi: “Biz O‘zbekistonda zamonaviy, qulay va yuqori sifatli uylar qurilishi rag‘batlantirilishini maqsad qilganmiz”, — deydi u.