Shu yilning fevral oyida Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati Urganch tumani G‘alaba mahallasining Amudaryo ko‘chasida yashovchi aholi ijtimoiy muammolar yechimsiz qolayotganidan shikoyat qilishgan edi.
Murojaatda mahalla yo‘llarining juda yomonligi, elektr energiyasi ta'minotidagi tez-tez uzilishlar, elektr simyog‘ochlarining yo‘qligi, ichimlik suvi tarmog‘idagi muammolar, maishiy chiqindilarning to‘planib qolayotgani kabi muammolar qayd etilgandi.
Murojaat asosida mahallaga borib, vaziyatni o‘rgandik, aholi bilan suhbatlashib, shikoyatning o‘rinli ekanini aniqladik. Bu haqda «Hayot yo‘q mahalla!» - Urganch tumanidagi «dunyodan uzilgan» mahalla muammolari nomli va «Hayot yo‘q mahalla 2» - Urganch tumanidagi «dunyodan uzilgan» mahalla muammolari hal bo‘lmadi» nomli maqolalarni e'lon qildik. Bu bilan Urganch tumani hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarning Amudaryo ko‘chasi aholisining shikoyatiga e'tibor qaratishi, muammolarni bartaraf qilishda yordam berishini kutgan edik.
Maqolada mahalla ko‘chalarida elektr energiyasi simyog‘ochlari yo‘qligi, aholining o‘zi qo‘lbola simyog‘ochlarni yasab, bir amallab o‘rnatib olishgani, qattiq shamol bo‘lsa, simyog‘ochlar sinib, simlar uzilib, odamlarning, ko‘chada yurgan bolalarning ustiga tushmasligiga, biror falokat yuz bermasligiga hech kim kafolat berolmasligi, odamlar shunday xavfli sharoitda yashayotgani, bundan tashqari, mahallada o‘rnatilgan transformator juda eskiligi tufayli, yomg‘ir yoki qor yog‘sa, ichiga suv kirib, 2-3 kunlab elektr energiyasidan uzilib qolishi kabi muammolar yoritilgan edi.
So‘nggi tanqidiy maqola chiqqanidan so‘ng, «Urganch tumani hududiy elektr tarmoqlari MChJ» tomonidan kamchiliklar, muammolar bartaraf qilindi.

Xususan, yog‘ochdan yasalgan va qo‘lbola usulda o‘rnatilgan simyog‘ochlar olib tashlanib, o‘rniga zamonaviylari o‘rnatildi.

Mahallaga yangi transformator o‘rnatilib, elektr ta'minoti tarmog‘iga ulab berildi.











