Bollivud superyulduzi Shoxrux Xon ishtirokidagi yangi “Muxlis” (Fan) filmi 25 yoshli bolaning noodatiy hikoyasiga asoslangan. Filmda Gaurav ismli yigit mashhur yulduz Aryan Kxannaning ashaddiy muxlisi bo‘lib, uni hatto o‘z xudosidek ko‘radi.
U o‘z orzusini amalga oshirish va sevimli aktyorini tug‘ilgan kuni bilan tabriklash maqsadida Dexlidan Mumbay tomon yo‘l oladi. Qizig‘i shundaki, Gauravning tashqi ko‘rinishi Aryan Kxannaga ikki tomchi suvdek o‘xshash bo‘ladi.
Afsuski, hayotda doim ham biz o‘ylagan ishlar bo‘lavermaydi. Voqealar Gauravning rejasi bo‘yicha davom etmaganligi sababli, uning orzusiga bo‘lgan muhabbati xavfli nafratga aylanadi.
“Muxlis” filmining rejissyori Manish Sharma (Maneesh Sharma) va prodyuseri Aditya Chopra (Aditya Chopra) bo‘lib, uning jahon kinoteatrlaridagi premerasi joriy yilning 15 aprel sanasida bo‘lib o‘tdi. Zamonaviy texnologiyalar, maxsus effektlar va grim tufayli Gauravga aylangan Shoxrux Xon muxlislarini hayratda qoldirgan bo‘lishi tabiiy.

Ommaning qayd etishicha, “Muxlis” kartinasi ajoyib va qiziqarli voqealarga asoslangan bo‘lib, uning ssenariysi qoyilmaqom tarzda yozilgan. Film tomoshabinni boshidan to oxirigacha jalb eta oladi va ikkinchi qism butunlay o‘zgacha, kutilmagan sahnani namoyon qiladi. Aynan shu sahna filmning eng kulminatsion nuqtasiga aylanadi. Shoxrux Xon “Muxlis”da ikkita bosh qahramon rolini ham o‘zi ijro etgan. Superyulduz, shubhasiz, mazkur filmni o‘z ijodining yana bir yorqin va eng yaxshi kino namunasiga aylantira olishga muvaffaq bo‘lgan.
Filmning Hindiston va dunyo bo‘ylab premerasidan so‘ng ko‘plab tomoshabinlar o‘z tvitterlarida “Muxlis” haqidagi fikr-mulohazalarini qoldirishgan. Quyida ba'zi tomoshabinlarning film haqidagi fikrlari bilan tanishishingiz mumkin:
Sidxu @sidhuwrites:
“Muxlis” juda ajoyib film. Bu so‘nggi davr ichidagi Shoxrux Xon ishtirok etgan eng ta'sirli filmdir. Fantastik film. Muxlis va uning ideal yulduzi o‘rtasidagi qonli to‘qnashuv inson hissiyotlarini junbushga keltiradi. Tavsiya etaman! “Muxlis” Shoxrux Xonning “Olg‘a, Hindiston” filmi kabi eng sara filmlari qatoriga kirishi aniq. Balki film ko‘ngilochar mavzularni hush ko‘ruvchilarga yoqmasligi mumkin, biroq bu aktyor mahoratini yana bir bor baholash imkonini beradi. Filmni tomosha qiling, bu Shoxrux Xon ijrosidagi avvalgi muvaffaqiyatsiz “Sevishganlar” (“Dilwale”) kartinasini unutishga yordam beradi. Men ham ayni damda mazkur filmni yana bir ko‘rishni rejalashtirdim”.


