Fikrlash, so‘z va e'tiqod erkinligi hamda uni ifodalash insonning eng muhim huquqlaridan biri hisoblanadi. Axborot, undan foydalanish, uni tahlil qilish va tezkorlik bilan tarqatish imkoniyati zamonaviy jamiyatda inson yuksalishining asosiy shartidir. O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish jamoat fondi direktori Abdulaziz Abdullayev bilan suhbatimiz aynan shu haqda bo‘ldi.

— So‘z va fikrlash erkinligini huquqiy kafolatlash huquqiy demokratik davlatning ajralmas qismi hisoblanadi, — deydi A. Abdullayev. — Bu fikrlar va qarashlar xilma-xilligini, fuqarolarning demokratik jarayonlarda to‘laqonli ishtirok etishini ta'minlaydi.

O‘zbekistonda so‘z erkinligini, fikrlar xilma-xilligini, odamlar o‘z qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishini amalda ta'minlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Mamlakatimizda 1472 ta ommaviy axborot vositasi erkin faoliyat yuritayotgani hamda izchil rivojlanib borayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. Ularning 60 foizi nodavlat ommaviy axborot vositasi ekani, ayniqsa, e'tiborlidir. Birgina so‘nggi uch yil ichida mamlakatimizda “Madaniyat va Marifat”, “Dunyo Bo’ylab”, “Navo”, “Oilaviy”, “Diyor”, “Bolajon”, “Mahalla”, “UzHD” singari davlat telekanallari, “Milliy TV”, “Uzreport TV” va “MY5” singari nodavlat telekanallar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular fikrlar va qarashlarning muhim jihatlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, har birida mamlakatda kechayotgan jarayonlarga o‘z munosabati va nuqtai nazari mavjud.

— Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining kafolatlari nimalardan iborat?

— Bu, avvalambor, uning rivojlangan qonunchilik asosidir. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim fikrlash, so‘z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega ekanligi mustahamlangan. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega. Ushbu qoidani takomillashtirish maqsadida “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi, “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi, “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi kabi 20 dan ortiq qonunlar qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soladigan maxsus qonunlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, aytish joizki, bu huquqiy hujjatlarning yaxlit tizimini yaratadi, sohadagi munosabatlarning huquqiy aniqligini ta'minlaydi hamda ommaviy axborot vositalarining amalda erkinligini kafolatlashga xizmat qiladi. Bu borada Avstriya, GFR, Shvetsiya singari davlatlar amaliyoti bilan tanishganimizda, ushbu mamlakatlar konstitutsiyalarida OAV erkinligiga alohida e'tibor qaratilgani, matbuot to‘g‘risida maxsus qonun hujjatlari mavjudligiga amin bo‘ldik. Ammo ayrim mamlakatlarda yaxlit qonun hujjatlarining yo‘qligi ommaviy axborot vositalari faoliyatini sezilarli darajada qiyinlashtiradi.