Mudiraning o‘g‘li bog‘chada 5-6 yoshli qiz bolalarga tegajog‘lik qilgani aytilmoqda
Maktabning yuqori sinfida o‘qiydigan yigit bolalar bog‘chasiga kelib, tayyorlov guruhiga kirgani hamda 4 nafar qizni majburlab yechintirgan holda ularga tegajog‘lik qilgani da’vo qilinmoqda. Bog‘chaning kirish qismidagi kamera o‘sha kuni negadir ishlamagan. Bu esa holat atrofidagi shubhalarni yanada oshiryapti. Aytilishicha, gumondagi o‘smir bog‘cha mudirasining o‘g‘li.
Kun.uz’ga farzandlari Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan biri qatnovchi bir guruh ota-onalar murojaat qilib, bog‘chada qizlari bilan bog‘liq xunuk holat sodir bo‘lganligini ma’lum qilishdi. Ularga ko‘ra, bog‘cha mudirasining har kuni bog‘chaga kelib yuradigan, o‘zi maktabda o‘qiydigan o‘g‘li bolalar uxlab yotgan xonaga kirib, qizlarini qo‘rqitib yechintirgan va tegajog‘lik qilgan.
Hozirda ota-onalar tomonidan holat yuzasidan ichki ishlar organlariga ariza berilgan.
“Mudiraning eri ishni yopti-yopti qilmoqchi bo‘ldi” – qizlardan birining otasi
“Kecha farzandimiz bilan bog‘liq salbiy bir voqea sodir bo‘ldi. Onam qizimni bog‘chadan olib ketayotgan paytida undan kuning qanday o‘tdi, deb so‘ragan. Shunda qizim bog‘chada uxlab yotgan paytlarida xonaga begona erkak kirganligini, qizlarni yechintirib, qo‘li bilan ularning jinsiy a’zolariga teginganini, o‘zidan oldin ikkita qizning kiyimlarini yechib, ularga tegajog‘lik qilganligini, keyin o‘zining ham oldiga kelib, kiyimlarini yechganligini, qarshilik qilganligini, ammo kuchi yetmaganligini aytib bergan. Yigit mening qizimdan keyin yana bir qizga shunaqa tegajog‘lik qilgan. U qizcha baqirib-chaqira boshlagach, xonadan chiqib ketgan. Bu holat bo‘lgan paytida xonada bog‘cha opasi bo‘lmagan.
Bu vaziyatni eshitgach, bog‘chaga kelib, hudud profilaktika inspektorini hamda prokuraturadan odam chaqirdik. Psixologlar ham keldi. Ularning aytishiga qaraganda, bu bola bog‘cha mudirasining o‘g‘li bo‘lgan. U maktabning yuqori sinf o‘quvchisi. Qandaydir bir bolaga ovqat yedirishga kirgan emish. Hamma uxlab yotganida kimga ovqat yediradi, qanaqa bo‘ladi u, xullas aqlga sig‘maydigan narsalarni gapirishyapti.
U bolaga har doim bog‘chaga kirib-chiqib yurgan, o‘zlari ham bu narsani tan olishyapti. Poytaxtning markazida joylashgan bog‘chada shunaqa holat bo‘lib turgani juda afsuslanarli. Biz oilamiz bilan shok holatiga tushib qoldik.
Ichki ishlar organlariga ariza yozdik, psixologlarni chaqirdik. Hozir arizamiz ichki ishlar organida, ko‘rib chiqilyapti. Qizlarning kiyimlarini ekspertizaga topshirdik. Psixolog ham bolalarimiz bilan gaplashdi. To‘rtta qiz bo‘lgan voqeani bir xil aytib beryapti. Psixolog mudiraning o‘g‘li bilan ham gaplashdi. U bunaqa holat bo‘lganini tan olmadi. Ammo psixologning “Boshqa bu ishingni takrorlamaysanmi?”, degan savoliga “Yo‘q, takrorlamayman” deya javob bergan. Psixolog qizlar aldamayotganligini, bola ularga tegajog‘lik qilgani bo‘yicha o‘z xulosasini aytib ketdi.
Yana bir holat: bog‘chaning faqat kirish qismida kamera qo‘yilgan ekan. Ichki xonalarda kamera yo‘q. Bog‘chada paytimiz profilaktika inspektoriga kirish qismidagi kamera yozuvlarini olishni, kim kirib-chiqqanligini ko‘rishimiz kerakligini, sababi ular tan olmasligi mumkinligini qayta-qayta takrorlab aytdim. Profilaktika inspektori ana qilamiz, mana qilamiz deb biroz sudradi. Va shu orada u kamera ishlamaydigan bo‘lib qoldi.
Keyin bog‘cha mudirasining turmush o‘rtog‘i kelib, kechirim so‘radi va bu holat qayta takrorlanmasligini bildirdi. U masalani shu joyning o‘zida yopti-yopti qilishni iltimos qildi. Lekin biz bunga rozi bo‘lmadik.
Ichki ishlar xodimlari qonuniy chora ko‘rayotganligini, arizamiz kimgadir yo‘naltirilsa, o‘sha xodim bilan ishlashimizni aytib turishibdi. Bu narsaga hech kim jiddiy qaramayapti. Jabr ko‘rgan qizlardan biri chet el fuqarosining farzandi”.
“Bog‘chada bunaqa holat bo‘lishi xayolimning ko‘chasiga ham kirmagan” – qizlardan birining onasi
“Kecha qizimni bog‘chadan olib kelganimizdan keyin birozdan so‘ng menga onalardan biri qo‘ng‘iroq qilib, bog‘chada begona bola mana shunaqa yomon qiliq qilgan, qizingizdan so‘rab ko‘ring-chi, dedi. Qizimdan so‘rasam, yo‘q, o‘sha paytda bog‘cha opam bor edi, meni burchakka turg‘izib qo‘ydi, deb aytdi. Keyinroq yana qo‘ng‘iroq qilib, bog‘chaga borishimni so‘rashdi hamda “uchastkavoy” ham kelayotganligini aytishdi. Men borolmayman, qizimdan so‘radim, o‘zi tengi bola ekan, ertaga bog‘cha opasidan so‘rab olaman, dedim. Keyin u ona qizim aldayotganligini, tegajog‘lik qilgan bola katta ekanligini bildirdi. Bu gapdan qo‘rqib ketib, qizimni olib darrov bog‘chaga bordim. Yo‘lda so‘radim, ammo qizim aytmadi.
Bog‘chaga kiraverishda “uchastkavoy” kelib, “Siz chetda turing, hech kim bilan gaplashmang, hozir psixolog kelyapti, o‘sha bilan gaplashasizlar. Nima bo‘lganini unga aytib beradi”, dedi. Shu payt menga qo‘ng‘iroq qilgan ayol yonimizga kelib, qizimdan nima bo‘lganini so‘radi. Qizim avvaliga yerga qarab jim turdi. O‘sha lahzada tarbiyachi oldimizga yugurib keldi va vajohat bilan shunaqa bo‘ldimi, deya so‘radi. Shunda qizim yig‘lab yubordi va katta bola xonalariga kirib, yotgan joyida uning kiyimlarini yechganligini, ko‘zingni ochma, deya qo‘rqitganini aytdi. Tarbiyachi esa hozir shu bola kelsa ham mana shu gaplaringni aytib berolasanmi, deya qizimga tahdid qilishga o‘tdi. Keyin men qizimni qo‘rqitmang, deya nari ketdim.
Shu kuni Ichki ishlar organiga, ertasi kuni sud ekspertizasiga bordik.
Mana shunaqa holat bo‘lishiga bolalarni yolg‘iz qoldirgan bog‘cha opalari sharoit yaratib beryapti. So‘rab-surishtirsak, bu ishni qilgan bola bog‘cha mudirasining o‘g‘li ekan. U har kuni maktabdan chiqib, bog‘chaga kelarkan hamda bemalol guruhlarga kirib yurarkan. Mudiraning o‘g‘li bo‘lsa ham begona bolaning bog‘chaga kirib yurishi mumkin emas-ku.
Bizning guruh tayyorlov guruhi, qizlar katta bo‘lgani uchun bu holatni aytib bera olishyapti. Agar kichik yoshdagilariga ham shunaqa qiliq qilsa, ular gapirib berolmaydi.
Bu kimlargadir hozir oddiy narsa bo‘lib ko‘rinayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu gapni eshitganimda men shok holatiga tushib qoldim. Bog‘chada shunaqa holat bo‘ladi deb xayolimning ko‘chasiga ham kirmagan edi”.
Ko‘za kunda emas, kunida sinadi
Tahririyatda qizlar va ularning ota-onalari, maktabgacha ta’lim tashkiloti haqida ma’lumotlar bor. Ammo bolalarning xavfsizligi va ota-onalar tomonidan qo‘yilayotgan ayblov jiddiyligi sababli, ushbu ma’lumotlar hozircha oshkor qilinmasligiga qaror qilindi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, tegishli mas’ullar va organlar ushbu holatni zudlik bilan nazoratga olishi lozim.
Kun.uz mavzuni kuzatishda davom etadi.
Mavzuga oid
11:06 / 20.12.2024
Toshkentda uch erkak homilador ayolga tegajog‘lik qilgani uchun 10 sutkaga qamaldi
19:10 / 27.09.2024
Toshkentda erkak shifokor muolaja paytida ayol mijozini o‘pib olgani uchun jazolandi
17:45 / 12.08.2024
Surxondaryoda 10 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan erkak qamoqqa olindi
21:21 / 26.06.2024