Xavflardan ogohlantirish va migratsiyani tartibga solish – O‘zbekiston va Turkiya nimalarga kelishdi?
Turkiya tashqi va ichki ishlar vazirlari hamda razvedka idorasi rahbarining Toshkentga tashrifi vaqtida o‘zaro hamkorlikni institutsionallashtirish borasida kelishuvga erishildi. Siyosatshunos Fazliddin Madiyevga ko‘ra, bu ikki davlat o‘rtasida kerakli ma’lumotlarni almashishda byurokratiyani kamaytirishni, turli xavflardan bir-birini ogoh qilishni nazarda tutadi.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. Oliy darajadagi uchrashuvlar ko‘paygani, savdo-iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar, aloqalar yaxshilangani e’tirof etilmoqda.
Ayni paytda ikki mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari o‘rtasida munosabatlarni institutsionallashtirish, ochiq qolayotgan huquqiy masalalarni tartibga solish ustida ishlamoqda. 12 sentabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar, ichki ishlar vazirlari hamda xavfsizlik xizmati rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar ayni shu masalalarga bag‘ishlandi.
Kun.uz bu uchrashuv atrofidagi savollar bilan siyosatshunos Fazliddin Madiyevga murojaat qildi. Mutaxassis qariyb 10 yil davomida Istanbul va Anqara shaharlarida ta’lim olgan, ayni vaqtda Turkiya poytaxtidagi Hoji Bayram Valiy universitetining xalqaro munosabatlar yo‘nalishida doktorlik ishini yoqlamoqda.
– Uchrashuv bo‘yicha ochiqlangan tafsilotlar unchalik ko‘p emas, lekin ayrim muhim kalit so‘zlar bor. Masalan, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni institutsionallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. “Hamkorlikni institutsionallashtirish” – buni jamoatchilikka qanday qilib soddaroq tushuntirish mumkin?
– Davlatlar o‘rtasidagi razvedka ma’lumotlari doim ham ochiqlanavermaydi. Xavfsizlik sohasidagi eng yaqin hamkorlikka misol – AQSh va Isroil. Bilamizki, Turkiya 100 yil davomida siyosiy jihatdan O‘zbekistondan uzoqda bo‘ldi. Bu albatta tarixiy vaziyat natijasida vujudga keldi. Ammo bugungi davr turkiy davlatlar integratsiyasini talab qilmoqda. Bu uchrashuvni ham shu jarayonga qadam deb aytish mumkin. Ya’ni ikkala davlatlar ham o‘zaro razvedka ma’lumotlarida, ma’lum chiziqlarda axborot xavfsizligi ma’lumotlarida yordam berishi va kiberxavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash masalalarida ham bir-biriga axborot almashinuvida yordam berishni anglatadi. Chunki Turkiya bu borada katta tajribaga ega mamlakat.
Bu uchrashuvdan maqsad ham – ikki davlat o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvida byurokratiyani kamaytirish. Turli xavflardan bir-birini ogoh qilish nazarda tutilgan. O‘zbekistonda ko‘p ma’lumotlar ochiqlanmaydi. Maxsus xodimlar Turkiyadagi statistikalarni o‘rganib chiqib bunday yo‘l tutish borasidagi fikrga kelgan bo‘lishlari mumkin.
– Uchrashuvda tilga olingan masalalar qatorida “terrorizm va ekstremizm”, “tartibsiz migratsiya” yoki “kontrabandaga qarshi birgalikda kurashish” kabi atamalar bor. Tartibsiz (yoki noto‘g‘ri) migratsiya tushunchasini qanday tushunish mumkin?
– Turkiya tolerant davlat sifatida juda ko‘p qochoqlarni qabul qilgan. Ammo keyingi vaqtlarda migratsiya masalasidan Turkiyaning ichki siyosatida turli muammolar keltirib chiqarish uchun foydalanishga o‘tildi. Turkiyada Janubiy Koreya yoki Qatar davlatlarida bo‘lgani kabi migrantlarni qabul qilish bo‘yicha maxsus loyihalar qilinmagan. Keyingi paytlarda bu Turkiya uchun siyosiy muammolarga aylanmoqda.
Turkiyaga turli davlatlardan qatnovlar kuchaygan, hatto Afg‘onistondan kelayotganlar soni ham oshmoqda. Bu esa noto‘g‘ri migratsiyani kuchaytirmoqda. Natijada Turkiya idoralari bu bilan ko‘proq shug‘ullanishga majbur bo‘lmoqda.
– Tartibsiz migratsiyaga qarshi kurash siyosiy maqsadlarga aralashib ketmaydimi, sizningcha? Masalan, hukumatlar o‘ziga ma’qul kelmagan har qanday odamni qaytarishi, ushlab kelinishi holatlariga yo‘l ochilishi mumkinmi?
– Bu davlatlar orasidagi eng nozik jihatlardan biri hisoblanadi. Keyingi paytlarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi muammolardan biri shu. Bu yerda siyosiy doiralar emas, chegaradagi xodimlarning harakatlari ham muhim rol o‘ynaydi.
Oxirgi vaqtlarda bir qator davlatlar, xususan O‘zbekiston fuqarolarining Turkiya aeroportlaridan qaytarib yuborilishi holatlari ko‘paydi. Agar ikki davlat o‘rtasida bu holat doimiy davom etsa, davlatlar o‘zaro hisobotlar orqali bunga izoh berishi kerak. Ammo bu har doim ham sodir bo‘lmayapti. Shunday holatlar bo‘lganki, Turkiyada o‘qiyotgan talabalarning ota-onalari farzandlari holidan xabar olishga borishganida ham ular maxsus xodimlar tomonidan O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan. Bu ma’lumotlarga Turkiya hukumati izoh ham bermaydi. Agar sababsiz qaytarib yuborishlar xodimning xatosi bilan bo‘lsa ham bunga qanday jazo qo‘llangan yoki ochiq qolganmi bu haqida ham hech qanday izohlar berilmaydi. Bunga sabab so‘nggi paytlarda Turkiyadagi turli siyosiy bo‘linishlar va xavfsizlik borasidagi muammolarning ortgani bo‘lishi mumkin.
To‘liq intervyu bilan yuqoridagi videoda tanishib chiqishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:09
Migrantlar allaqachon Rossiyadan boshqa tomonga qaramoqda – rossiyalik gubernator
20:48 / 25.12.2024
Erdo‘g‘an Suriyadagi kurd qurolli guruhlarini «dafn etish»ga va’da berdi
18:22 / 24.12.2024
Rossiyadagi migrant bolalarga rus tili imtihoni qachondan boshlanishi belgilandi
17:38 / 24.12.2024