Toshkentdagi muhtasham «Turkiston» san'at saroyida Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlis Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, shifokor va hamshiralar, madaniyat va san'at namoyondalari ishtirok etgan marosimda davlat rahbarining Tibbiyot xodimlariga tabrigi o‘qib eshittirildi.

«Yuksak ehtirom va ko‘tarinki ruh bilan kutib olingan tabrikdan so‘ng Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining maxsus Farmoniga ko‘ra bir guruh soha vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva tomonidan davlat mukofotlari topshirildi.


O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov soha xodimlarini Tibbiyot xodimlari kuni bilan tabrikladi.

E'tiborli jihati, bu yilgi tibbiyot xodimlari kuni o‘zgacha bir shukuhda, keng miqyosda nishonlandi. Birinchi marta prezidentimiz tibbiyot xodimlarini samimiy qutladi va birinchi marta bir guruh soha fidoyilari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ushbu e'tiroflar so‘nggi uch yil davomida tibbiyotga, shifokorlarga qaratilayotgan ulkan e'tiborning eng yuksak cho‘qqisi bo‘ldi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Tantanali tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda barcha sohalari kabi sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi uch yil ichida sog‘liqni saqlash sohasini isloh etish bo‘yicha 170dan ziyod huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimiz farmoni bilan 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib,soha taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi.

Bugungi kunda tibbiyot tizimidagi yangilanishlar g‘oyatda jadallashgan. Xususan, sohani moliyalashtirish hajmi bir necha barobarga oshirildi. Masalan, 2017 yilda sohaga 7,1 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2019 yilda sohaga 12,1 trillion so‘m yo‘naltirildi.










