Payshanba kuni Kobul aeroportidagi portlash oqibatida kamida 170 kishi (shundan 13 nafari amerikalik harbiy xizmatchi) halok bo‘ldi. Bu terakt uchun javobgarlikni «IShID-Xuroson» guruhi o‘z zimmasiga oldi. Shanba kuni amerikalik harbiylar Nangarhor viloyatida o‘tkazilgan amaliyotda ushbu guruhning ikki yetakchisini o‘ldirdi, Pentagon ma'lumotiga ko‘ra, ular yangi terrorchilik amaliyotlarini tayyorlash bilan shug‘ullanishgan. Amerika harbiylari Kobul aeroportida xavfsizlikka yangi tahdidlar yuzaga kelganidan ogohlantirgan.

«IShID-Xuroson» guruhi – «Al-Qoida»ning Iroqdagi bo‘linmasidan 2013 yilda ajralib chiqqan IShIDning Pokiston-Afg‘oniston mintaqasidagi bo‘linmasiga berilgan nomdir. 2015 yil yanvarida paydo bo‘lgan ushbu guruh Xuroson so‘zi inglizchada «K» harfi bilan (Khorasan) yozilgani uchun ISIS-K (The Islamic State Khorasan Province) deb nomlangan.

IShID 2013 yil aprelda Iroqda tashkil etilgach, 2014 yilda Raqqa va Mo‘sulni tezda qo‘lga kiritib, kuchayib boradi. 2015 yil yanvarida u qudrat cho‘qqisiga ko‘tariladi, Pokiston va Afg‘onistondan Iroq yoki Suriyaga borib, tashkilotga qo‘shilishni istagan jangarilarni ushbu mintaqada to‘playdi. Pokiston toliblari safini tark etgan jangarilarni o‘z safiga qo‘shadi va «IShID-Xuroson» tashkil etilganini e'lon qiladi.

Ko‘p o‘tmay, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya IShIDning Iroq va Suriyadagi kuchini deyarli yo‘q qiladi. 2017 yilda esa tashkilot butunlay mag‘lub etilgani e'lon qilinadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, «Tolibon»ni «yetarlicha qattiqqo‘l deb bilmagan jangarilar uni tark etib, IShID safiga qo‘shilgan. IShID «Tolibon»ni AQSh bilan muzokara qilishga tayyorligi uchun murtad va xoin deb hisoblaydi.

Xuroson – forslar mintaqada hukmronlik qilgan paytda – bugungi Afg‘oniston, sharqiy Eron, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Pokistonning bir qismini o‘z ichiga olgan imperiyaning sharqiy qismiga berilgan nom edi. Xuroson fors tilida «quyosh chiqadigan joy» degan ma'noni anglatadi.

Tashkilotga ko‘plab mamlakatlardan jangarilar kelib qo‘shildi

IShID Iroq va Suriyada kuchini yo‘qotgach, Afg‘onistonga qochishga muvaffaq bo‘lgan jangarilar, shuningdek, ba'zi arab davlatlaridan, Tojikiston, O‘zbekiston, Checheniston, Hindiston, Bangladesh va Xitoydan kelgan jangarilar bilan tashkilot safi kengayadi.

2018 yildan boshlab Yevropaning ba'zi mamlakatlari va AQShda ISIS-K a'zosi sifatida 10dan ortiq gumonlanuvchi hibsga olinadi va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi.