Reallikka qiziqish inson zotiga xos. Haqiqiy, bo‘lib o‘tgan va bo‘lib turgan voqealar barchani qiziqtiradi. Afsonalarga boy katta romandan ko‘ra real hayotga asoslangan hikoyachaning o‘quvchisi ko‘p. Shunday ekan, Ramita Navaining yaqindagina o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan “Yolg‘onlar shahri” asari e’tiborni tortmay qolmaydi. Undagi har bir qahramon va ularning hayotida sodir bo‘lgan voqealar hayotda mavjud. Asarda Tehron hayoti tasvirlanib, yozuvchi o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, qo‘li bilan ushlagan, gaplashgan, kuzatgan odamlar va hodisalarni qalamga olgan.

Muallif haqida

Ramita Navai britaniyalik-eronlik tashqi ishlar jurnalisti bo‘lib, Janubiy Sudan, Afg‘oniston, Misr, Nigeriya, Salvador va Zimbabve kabi o‘ttizdan ortiq mamlakatlardan xabarlar tayyorlagan. U Channel 4s Unreported World seriali uchun yigirmata hujjatli film suratga oldi va PBS Frontline uchun Suriyadan yashirin reportaji uchun Emmi mukofoti bilan taqdirlandi.

Tahlil

Avvaliga betaraf, keyin esa balandparvoz, soxta, keraksiz va hojati bo‘lmagan rejalar-u maqsadlarga aldanib, arosatda qolib ketgan Dariush; bo‘g‘ilgan, ig‘volarga to‘la, xurofotlar-u g‘iybatlarga to‘lib-toshgan muhitda yashab, shu muhitga bo‘ysunib, pand yegandan so‘ng jasorat qilib botqoqlikdan chiqolgan, dimiqqan jamiyatga o‘z qarori ila toza havo kiritgan Sumayya; zamona zulmidan jabr ko‘rgan, go‘daklik chog‘i bir vaqtning o‘zida ham otasidan, ham onasidan ayrilish alamidan murg‘ak qalbi jarohatlanib, qasos o‘tida yillab azoblangan Amir; Tehron ko‘chalarida tentirab, chorasizlik girdobida o‘rnini fohishalar orasidan topgan Laylo; o‘z ota-onasi tomonidan bir-ikki doza afyun puliga sotilgan Pari – bu taqdirlarning hammasi bor va bir joyda, bir ko‘chada yashayapti – Vali Asr ko‘chasida. Har xil tana a’zolari birlashib, butun bir organizmni tashkil qiladi. Vali Asrni tana deb olsak, “Yolg‘onlar shahri” qahramonlari turli xil organlardir.

Yolg‘onlar shahrida hech kim aldamay turolmaydi. Yolg‘on odamlarning qon-qoniga singib ketgan. Bu shaharda davlat va din o‘rtasidagi munosabat shunchalar chalkashki, oqibatda tuzum, qonunlar, fuqarolar haq-huquqlarida tartib yo‘qolgan. Bu shaharda “Menga mumkin, boshqalarga yo‘q” tushunchasi mavjud. Fohishalik taqiqlariga mas’ul shaxsning o‘zi ishratboz bo‘lsa odamlar qayerga borsin? Zino qilish gunoh deya amru ma’ruf qilgan mullalar yosh go‘daklarni zo‘rlab tursa, xalq dodini kimga aytsin. Qo‘shtirnoq ichidagi dindorlar o‘zlarini Xudo bilib, vaqtinchalik nikohdan o‘tilgan bo‘lsa, gunohi yo‘q deya fohishalar qo‘liga hujjat tutqazsa, bandalar gunoh botqog‘iga botmay nima qilsin.

Bu shaharning u boshi bilan bu boshidagi tartiblar, qadriyatlar o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor. Unisi bunisiga to‘g‘ri kelmaydi. Tehronda hammaning bir-biridan berkitgan chirkin sirlari yetarlicha. Ular bolalikdan og‘uga, fahshga qanday o‘rgangan bo‘lsa yolg‘onga ham shunday ruju qo‘ygan. Ayrim mullalari hukumatga litsenziyali islovatxonalar tashkil qilish taklifi bilan chiqar darajada kaltafahm. Bu shahar xuddi usti tiniq suvdan iborat botqoqlikka o‘xshaydi: tartib-qoidalar qat’iy, jazolar tayin va og‘ir. Arzimas xato ham mumkin emas. Ammo kuniga kattadan kichik shunday xatolar sodir bo‘ladiki, ko‘rmaslikka olinadi. Chunki baliq boshidan sasiydi. Hukumat tepasidagilarning so‘zi amaliga to‘g‘ri kelmasa, quyidagilardan nima kutish mumkin. Cho‘pon nahs bosgan bo‘lsa, ekinzorga o‘tib ketgan podada nima ayb.