Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev mudofaa tizimi rahbariyati bilan yigʻilish oʻtkazdi.

U Kaspiy dengizidagi mashgʻulotlarda 14 nafar harbiy halok boʻlishini ofitserlar, jumladan, generallarning kasbiy malakasizligi oqibati deb atadi.

“Armiyadagi eskidan qolgan muammolar rahbariyat tomonidan hal etilmayapti, bu esa mamlakat mudofaa qobiliyatiga putur yetkazmoqda. Oʻtmishdagi fojialardan hech qanday xulosa chiqarilmagan. Bu oʻquv mashgʻulotlarining gʻoyasini kim ishlab chiqqan va tasdiqlagan? Bosh shtabning roli va muvofiqlashtirishi qanday boʻlgan? Nega mashgʻulotlarda harbiy-dengiz kuchlari bosh qoʻmondoni boʻlmagan? Masʼuliyatsizlik, beparvolik, koʻz-koʻz qilish odatiy holga aylangan. Tizimli ish yoʻq, inqirozli vaziyatlarga javob qaytarish rejalari hech qanday tanqidga dosh bermaydi. Bularning barchasi harbiy idora rahbariyatining befarqligi oqibatidir”, – dedi Toʻqayev.

U oʻquv mashgʻulotlari davomida harbiy xizmatchilar zarur anjomlar, jumladan, dengizda qutqaruv jiletlari bilan taʼminlanmaganini taʼkidladi.

Qozogʻiston rahbarining fikricha, hukumat komissiyasi mashgʻulotlarni tayyorlash va oʻtkazish, taʼminot hamda xavfsizlik choralariga rioya etilishini nazorat qilish uchun masʼul boʻlgan barcha mansabdor shaxslarning harakatlariga baho berishi kerak.

Bundan tashqari, prezident farmoyishiga muvofiq, Mudofaa vazirligidagi ishlar holatini kompleks tekshirish boshlandi.

U unvon va lavozimlar javobgarlikdan ozod etish uchun asos boʻla olmasligini taʼkidladi.

“Bu fojia armiyadagi koʻplab kamchiliklar va kasbiy mahoratining yetishmasligini yaqqol koʻrsatdi. Harbiy islohotlarni tubdan amalga oshirish vaqti keldi. Bu kechiktirib boʻlmaydigan vazifa. Shu sababli kadrlar boʻyicha oʻzgarishlarni amalga oshirdim”, dedi Qosim-Joʻmart Toʻqayev.

U mudofaa idorasi faoliyatini chuqur transformatsiya qilish zarurligini taʼkidladi.

“Yaqinda Xavfsizlik kengashi apparati bilan oʻtkazilgan yigʻilishda harbiy sohadagi ishlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdim. Bizning armiyamiz oʻtgan asrda qolib ketgan. Ayni paytda qoʻmondonlik tizimini ilgʻor xalqaro tajriba asosida toʻliq qayta qurish zarur. Kompleks yondashuv kerak, buning uchun esa aniq tasavvurga ega boʻlish lozim. Bunday tasavvurga faqat keng dunyoqarashli, bilimli ofitserlar ega boʻladi. Islohotning maqsadi – yangi namunadagi armiyani shakllantirish”, – dedi Qozogʻiston prezidenti.