DW tahliliga köra, rusiyzabon saylovçilarning qaraşlarini faqat Rossiyaga munosabati orqali tuşuntirib bölmaydi. Ularni ijtimoiy siyosat, iqtisodiyot, rus tilining mavqei va davlatning milliy ozçiliklarga munosabati ham taşvişlantirmoqda.

Ayrimlar Latviyaning Yevropa yönalişini qöllasa, boşqalar Moskva bilan pragmatik munosabatlarni saqlaş tarafdori. Yana bir qism saylovçi esa amaldagi hokimiyat siyosatidan umuman norozi.

Rusiyzabon aholi bir xil fikrda emas

Xabarda keltirilişiça, etnik ruslar Latviya aholisining qariyb çorak qismini taşkil etadi. Aholining 37 foizdan ortiği esa rus tilini ona tili deb biladi. Bu ikki körsatkiç turli tuşunçalar - etnik mansublik va ona tiliga taalluqli.

Fridrix Ebert jamğarmasi tadqiqotiga köra, latişlarning qariyb 80 foizi rasmiy Kiyevni qöllab-quvvatlaydi. Rusiyzabon va aralaş oilalar orasida bu körsatkiç taxminan uçdan bir qismni taşkil etadi.

Şu bilan birga, tadqiqot rusiyzabon aholining aksariyati ham Vladimir Putin siyosatini maʼqullamasligini körsatgan. Biroq ularning Putinga tanqidiy munosabati Latviya hukumatining barça qarorlarini qöllab-quvvatlaşini anglatmaydi.

Til siyosati norozilik sabablaridan biri

DW yozişiça, 2022-yildan keyin Latviyada sovet yodgorliklari olib taşlana boşlangan, rus tilidagi peşlavha va yozuvlar qisqartirilgan. Milliy ozçiliklar maktablaridagi taʼlim latiş tiliga ötkazilmoqda.

Xabarda 1-sentabrdan Rossiyadan kitob olib kiriş taqiqlangani, kelasi yil esa jamoatçilik OAVning rus tilidagi eşittiriş va körsatuvlari amalda töxtaşi qayd etilgan.

Madaniyatşunos Denis Xanov bunday siyosat rusiyzabon aholining davlatdan begonalaşuvini kuçaytirişi mumkin deb hisoblaydi. Uning fikriça, katta bir aholi guruhiga doim şubha bilan qaraş jamiyatdagi işonçga salbiy taʼsir qiladi.

DW suhbatlaşgan Riga aholisi ham tildan qatʼi nazar teng munosabat, ijtimoiy himoya va keksalarga eʼtibor masalalarini kötargan.

Qariyb 160 ming kişi saylovda ovoz bera olmaydi

Latviyada alohida «fuqaro bölmagan şaxs» maqomiga ega aholi qatlami mavjud. Xabarga köra, ular qariyb 160 ming kişi yoki aholining 9 foizini taşkil etadi. Aksariyati ruslar, belaruslar va ukrainlardir.