Kun.uz tadbir doirasida YeXHTning media erkinligi bo‘yicha vakili Tereza Ribeyro bilan qisqa suhbatda bo‘ldi.

— O‘zbekistondagi so‘z erkinligiga qanday baho berasiz?

— Juda qiziq savol. Mamlakatda matbuot erkinligini ta'minlash – bu uzoq davom etadigan jarayon. Bu yerda men uchun qiziq bo‘lgan narsa shundaki, O‘zbekiston bu jarayon bilan shug‘ullanmoqda. Ba'zi islohotlar amalga oshirildi, juda muhim qadamlar qo‘yildi, shuning uchun men sizlarning to‘g‘ri yo‘lda ekaningizga to‘liq aminman. Ishonchim komilki, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati va hukumat yordami bilan erkin ommaviy axborot vositalariga ega bo‘ladi.

— Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida so‘z va ommaviy axborot vositalari erkinligi borasida qanday farqlarni aytib bera olasiz?

— Biz ommaviy axborot vositalarining o‘ziga xos ijtimoiy soatlar ekanini unutmasligimiz kerak, shuning uchun ham har xil media sohalariga har xil kontekst to‘g‘ri keladi. Ularni solishtirishdan ma'no yo‘q, chunki ularning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud va bu normal holat. Jamoalar boshqacha bo‘lgani, qolaversa mamlakatlar boshqa-boshqaligi bois kontekst ham juda o‘ziga xosdir.

Ularni taqqoslash foydali, deb o‘ylamayman. Shuni aytishim mumkinki, Yevropadagi vaziyat ham juda silliq emas. Ommaviy axborot vositalari erkinligi nafaqat bu mintaqada, balki barcha mamlakatlarda eng dolzarb mavzu. Biz YeIning barcha hududlarida o‘ziga xos qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz. Demak, bu mintaqa, xususan, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston ham boshqa mamlakatlardan farq qilmaydi. Bizlar barchamiz har xilmiz, lekin faqatgina sizlar qiyinchiliklarga duch kelayotganlaringiz yo‘q. Murakkabliklar, xuddi O‘zbekistonda bo‘lgani kabi hamma joyda mavjud. Yevropa ham ba'zi qiyinchiliklarga duch kelmoqda, bunga populizm, ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq holatlar misol bo‘la oladi.

Bilasizmi, jamiyatning qandaydir qutblanishi kabi jihatlar ishonchim komilki, Yevropada bo‘lgani singari bu yerda ham bor. Bu muammolarni hal qilish uchun barcha mexanizmlar va vositalardan foydalanish, menimcha, eng muhimidir.

— So‘z erkinligini ta'minlash borasida O‘zbekiston hukumatiga qanday tavsiyalar bera olasiz?