O‘zbekiston | 07:45 / 27.07.2019
37087
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi yangi aeroport terminali Shveytsariya kompaniyasi tomonidan quriladi. U «Humo» qushi shaklida bo‘ladi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJda Mabetex Group tarkibiga kiruvchi B&A Contractors SA va IT Engineering SA kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda «Toshkent-Sharqiy aerodrom bazasi asosida zamonaviy fuqarolik aviatsiyasi aeroport kompleksini qurish» loyihasi doirasidagi «Terminal-2»ni barpo etishda hamkorlikda ish olib borish, zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish masalasida so‘z yuritildi. Xususan, soatiga 1000 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega tadbirkor va ishbilarmon doira vakillari uchun zamonaviy kompleks (Terminal-2)ni loyihalashtirish va qurish uchun shartnoma imzolandi.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Yangi terminalning loyihasi «Humo» qushi shaklida ishlab chiqarilgan bo‘lib, mutaxassislar terminalning funksional maqsadi, yaratiladigan sharoit va qulayliklarga alohida e'tibor qaratishgan. Loyihada Terminal-2 binosi barcha klass (VIP va CIP)dagi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishi inobatga olingan.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Funksional maqsad va rejalashtirish yechimi O‘zbekiston Respublikasi hududidagi amaldagi me'yorlar va standartlarga, shuningdek IATA va ICAO xalqaro talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.

2-terminal binosi uch qavatdan iborat. Inshootning umumiy zalida restoranlar, chakana savdo do‘konlari va ma'lumot punktlari, aviakassalar, valuta ayirboshlash shoxobchalari va boshqalar o‘rin olgan. Yo‘lovchilarni kutish zalida Duty free do‘konlari va restoranlari mavjud.

Yangi terminal xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy muhandislik va texnologik uskunalar bilan jihozlanadi: yuklarni qabul qilishning avtomatlashtirilgan tizimi, o‘z-o‘zini nazorat qilish pesh taxtalari, tekshirishning maxsus texnik vositalari, maxsus terminallarni boshqarish tizimi, teleskopik narvonlar, samolyotlarning avtoturargoh tizimi, ma'lumot taxtalari va boshqalar.

Zamonaviy majmua qurilishi ikki yil ichida amalga oshiriladi, uni 2021 yil sentyabrda yakunlash rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, hozirda majmuaning uchish-qo‘nish yo‘laklarini barpo etishda beton ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, aeroport 1-yo‘lagining 2-qatlamini qurish ishlari Germaniyaning WIRTGEN nomi ostida ishlab chiqarilgan mashinasi yordamida bajarilyapti.

Mavzuga oid