Xalq orasida “Laqaydan chiqqan Robin Gud”, “Sharq Napoleoni” deb atalgan Ibrohimbek Chaqaboyev o‘n yildan oshiq sovet hukumatiga qarshi kurashdi. U 1931 yil avgust oyida sovet hukumati dushmani sifatida bolsheviklar tomonidan otib tashlangan. Oradan 90 yil o‘tgach, ya’ni 2021 yilning avgustida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi uni oqladi.

“Ibrohimbek Laqay 1889 yilda Sharqiy Buxorodagi Ko‘ktosh qishlog‘ida o‘zbek urug‘laridan sanalmish laqay urug‘i ulug‘laridan birining oilasida dunyoga keladi. Uning otasini Cho‘qaboy To‘qsabo deyishar, to‘qsabo Buxoro amirligida harbiy unvonlardan biri bo‘lib, bugungi kundagi polkovnik unvoni bilan teng hisoblanadi.

Ibrohimbek oiladagi olti o‘g‘il, olti qizning eng kenjasi hisoblangan. Laqaylarning turmush tarziga ko‘ra u to‘ylardagi kurashlarda olishib, uloqlarda ot chopishib ulg‘aygan. Nomi chiqqan polvon, chopag‘onlardan biri bo‘lgani uchun 1919 yilda u amirlik qo‘shiniga ishga qabul qilinadi va unga qorovulbegi lavozimi beriladi”, deya hikoya qiladi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayev.

Bahrom Irzayev

1920 yili Turkistonda sovet hukumati o‘rnatiladi. Qizil armiyaning Buxoro amirligiga shiddatli hujumi oqibatida Amir Olimxon mag‘lubiyatga uchraydi va taxtni tashlab, 1920 yil sentabrida Sharqiy Buxoroga chekinadi.

Davlatmandbek laqay urug‘lari oqsoqollari bilan qurultoy o‘tkazib, ularni sovet hukumatiga qarshi yalpi kurashga da’vat etadi. Qurultoyda Eshon Sulton rahbarligidagi Hisor laqaylari ham, Ko‘r Ortiq dodho Ashirov boshliq Baljuvon laqaylari ham umumiy rahbarlikni bir ovozdan Ibrohimbek Chaqaboy to‘qsabo o‘g‘liga topshiradi.

“1920 yilning sentabridagi qonli voqealardan so‘ng amir Dushanbega borib joylashadi. Biroq u yerda na katta amaldorlarni va na otlar hamda armiyani ushlab turadigan sharoit bo‘lmagani uchun amir Olimxon Afg‘onistonga yo‘l oladi. Ushbu og‘ir damlarda amirning yonida bo‘lgan Ibrohimbekka dastlab, devonbegi, to‘pchiboshi, so‘ngra ko‘pchilikning yakdil ovozi bilan amiri lashkar lavozimlari beriladi. Shundan so‘ng butun Buxoro amirligini tiklash vazifasi laqaylik ushbu yigitga ishonib topshiriladi. U mana shu tarzda istiqlol uchun kurash tarixiga kirib keldi. Bu paytda u endigina o‘ttizga kirgan yosh yigit bo‘lgan”, deydi Bahrom Irzayev.