O‘zbekiston | 17:48 / 09.04.2024
3713
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini ishga qabul qilganlarga bir yil davomida subsidiya to‘lanadi

Yangi tartib 1 iyundan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, ish bilan ta’minlangan har bir xodim uchun oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. Mablag‘lar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Foto: Artem Geodakyan/ TASS

Bu prezidentning “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan

Hujjat bilan 2024 yil 1 iyundan boshlab 2026 yil 1 yanvarga qadar xorijda ishlab qaytgan shaxslarni ishga olgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Mablag‘lar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. 

Qayd etilishicha, budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno. 

Bunda subsidiya to‘lash uchun mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi asos bo‘lib xizmat qiladi. 

Shuningdek, farmonda xorijda 3 yoki undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb tushunilishi qayd etilgan. 

Bundan tashqari, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Onlayn mahalla” elektron platformasida “reintegratsiya” moduli yaratiladi. “Mahalla yettiligi” tomonidan migratsiyadan qaytganlar ro‘yxati shakllantirilib, ma’lumotlar modulga kiritiladi. 

Migrantlarning rasmiy bandligi hokim yordamchilari faoliyatining asosiy KPIdan biri etib belgilanmoqda.

Mavzuga oid