O‘zbekiston | 12:30
19106
4 daqiqa o‘qiladi

Karmana tuman hokimi o‘qituvchilarni hokimlikka yig‘ib, qariyb 1 soat turg‘izib qo‘ydi

Navoiy viloyati Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev tumandagi 9-maktabga borib, o‘quvchiga turli savollar bergan, she’r aytib berishni so‘ragan. Hayajonlangan o‘quvchilar she’r aytib berolmagan. Bundan g‘azablangan hokim maktabning barcha o‘qituvchilarini avtobusga solib, tuman hokimligiga olib borishni buyurgan. Hokim bu ishni “tumanda ta’lim sifatini ko‘tarishga harakat” deya izohladi.

Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev maktab o‘qituvchilarni hokimlikka yig‘ib, turg‘izib qo‘ygan holda majlis o‘tkazgan. Bu haqda Kun.uz’ga ushbu maktab o‘qituvchilari murojaat yo‘lladi.

Ma’lum bo‘lishicha, hokim 12 mart kuni Hazora qishlog‘idagi 9-umumta’lim maktabida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuv vaqtida Shohrux Boltayev o‘quvchi va o‘qituvchilarga turli savollar bergan, she’r aytib berishni so‘ragan. Biroq o‘quvchilar hokimning ketma-ket savollaridan hayajonlanib, she’r aytib berolmagan.

Uchrashuvdan so‘ng hokim maktabning barcha o‘qituvchilarini soat 17:00 da hokimlik binosiga olib borishni buyurgan. Aksariyati xotin-qizlardan iborat bo‘lgan 46 nafar o‘qituvchi avtobusda 30 km yo‘l bosib, aytilgan vaqtda hokimlik binosiga borgan.

Soat 17:00 da yetib bordik. Kutib o‘tirdik. Yarim soatlardan so‘ng hokim keldi. Barcha o‘qituvchini tik oyoqda turg‘izib qo‘yib, majlis o‘tkazdi. Qattiq gapirdi, “RayONO” vakillariga maktabimizda tekshirish o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi, direktor o‘rinbosarlarining arizasini olasan, dedi. Ko‘pimiz ro‘zador edik”, deydi Kun.uz bilan gaplashgan o‘qituvchilardan biri.

Hokim shu tariqa, bir soatga yaqin majlis o‘tkazib, o‘qituvchilarga javob berib yuborgan.

Qaytishda yo‘ldan suv sotib olib, og‘zimizni ochdik. Hokimning bu harakati barcha o‘qituvchini xafa qildi. Chunki maktabimiz tumanning oldi maktablaridan biri. Ha endi, bola hokim oldida hayajonlanib, bilganini ham aytolmagan bo‘lishi mumkin”, deydi yana bir o‘qituvchi.

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, o‘quvchi va o‘qituvchilar savollariga javob berisholmagan.

She’r so‘rasam aytib berisholmadi, turli savollar berdim, birortasi javob berolmadi. Bu maktabda bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichi 3 yildirki, 50 foizdan oshmaydi. Aytib bo‘lmaydigan har xil holatlar bor. Tumanda ta’lim sifatini ko‘tarishga harakat qilyapmiz. O‘sha kuni yoshlar bilan uchrashuvdan so‘ng majlisim bor edi. Shu sababli avtobus gaplashib, hokimlikka yig‘dim. 10 minut gaplashib, javob berdim. Bugun yana o‘sha maktabga borib, o‘qituvchilar bilan uchrashaman”, deya holatni izohladi hokim.

Ammo Kun.uz gaplashgan maktab o‘qituvchilariga ko‘ra, bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichi 3 yildan buyon 65-70 foiz atrofida bo‘lgan.

Maktabimizda jinoyatchilik yo‘q, ta’lim sifatimiz yaxshi, hatto tumanda vazirlik ustamasiga loyiq ko‘rilgan ikki maktabning birimiz. Tuman reytingida yuqori o‘rinlarda turamiz. Albatta, bu natijalar zamirida o‘qituvchilarning mehnati yotibdi. Shuncha mehnatimiz bo‘lgan holda hokimning bizga nisbatan bunday munosabati barchamizni xafa qildi”, deydi o‘qituvchilardan biri.

Hokimning topshirig‘idan so‘ng maktab direktorining ikki o‘rinbosaridan ariza yozdirib olingan.

Shavkat Mirziyoyev 13 mart kuni aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Karmana tumani hokimi mahalladagi 4-5 nafar odam bilan «nomiga» gaplashib, sayyor qabul o‘tkazdim deb yurganini tanqid qilgandi.

Shohrux Boltayev 2025 yil noyabr oyi boshida Karmana tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi. Bunga qadar u Karmana tumani hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid