Alifbo islohoti, Turdimovning bayonotlari va Rubioning taşrifi - hafta dayjesti
|09:101 42615 min
Alifbo isloh qilindi, asosiy savol esa hali oçiq: lotin yozuviga qaçon töliq ötamiz? Öqituvçining mavqeyi, eksklyuziv vakolat va hokimlarga taqiq: yangi taʼlim vaziri faoliyatini boşladi. Daromadlar va xarajatlar deklaratsiyasi: buni amaldorlar emas, ikkita şahar aholisi boşlab beradi.
Ortda qolayotgan haftaning Özbekiston hayotiga oid şu va boşqa ayrim mavzulari – Kun.uz dayjestida.
Alifboni tuzatiş masalasiga nuqta qöyildi
Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosidagi törtta harf masalasiga qonun darajasida uzil-kesil nuqta qöyildi. Texnik jihatdan qusurli deb köriladigan O‘, G‘, Sh, Ch harflari “bir tovuş – bir harf” tamoyili asosida yaxlit harflarga (Ö,Ğ, Ş, Ç) almaştirildi. Bu haqdagi qonun 21-oktabr – Özbek tili bayrami kunida prezident tomonidan imzolandi.
Qonun 6 oydan keyin – 2027-yil 22-apreldan boşlab kuçga kiradi. Vazirlar Mahkamasi 2 oy muddat içida qonun ijrosini taʼminlaşga oid çoralar dasturini tasdiqlaşi kerak. Davlat organlarining ramziy belgilari, gerb tasvirlari, peşlavhalar, körsatkiçlar va boşqa aşyolar yaroqsiz holga kelgan paytda yoki hukumat dasturida belgilanadigan muddatlarda takomillaştirilgan alifboga ötkaziladi.
Bu törtta harfning diakritik belgili şakli 1993-yilda qabul qilingan özbek-lotin alifbosida bölgan, lekin 1995-yilda ular apostrofli va harf birikmali şaklga ötkazilgan. Keyinçalik – kompyuterlar va telefonlar ommalaşişi bilan bu harflar amaliyotda turli muammolarni keltirib çiqara boşlagan. 2016-yilda hokimiyat özgargaç, keyingi yillarda alifboni isloh qiliş böyiça işçi guruh tuzildi. Işçi guruh qizğin bahslar asosida turli variantlarni işlab çiqib, 2018, 2019, 2021, 2023 va 2026 yillarda bir-biridan farqli xulosalarni ilgari surdi, nihoyat joriy yildagi taklif yakunda qonun körinişini oldi.
2023-yil iyulida davlat rahbari alifboni takomillaştiriş böyiça işlarni yakuniga yetkazişga çaqirgan
Mavzuga oid
, öşa yilning noyabrida jadidlar faoliyatiga bağişlangan konferensiyada sözga çiqqan Saida Mirziyoyeva alifbo masalasiga qatʼiy nuqta qöyiş kerakligini
. Çorşanba kuni tegişli qonun imzolangani haqida birinçi bölib Administratsiya rahbari eʼlon qildi va “uzoq yillik tarixiy xato tuzatilgani”ni qayd etdi.
“Albatta, özgarişlar oson keçmaydi, kimlardadir eʼtiroz yoki xavotir uyğotişi ham tabiiy. Lekin işoning, yozuvimizdagi noqulayliklarga barham beriş va tilimizning raqamli makondagi örnini mustahkamlaş uçun boşqa yöl yöq edi”, – dedi Saida Mirziyoyeva. U Telegram'dagi postini takomillaşgan alifboda eʼlon qildi va şundan boşlab Mirziyoyevaning tarmoqlardagi sahifalari özgargan alifboga ötdi.
Hafta davomida köplab davlat idoralarining rasmiy saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ham takomillaşgan alifboga ötdi. Kun.uz sayti ham lotin yozuvidagi barça axborot resurslarida törtta harfning yangi şakllarini qabul qildi. Tarmoqlarda tarqalgan videoga qaraganda, birinçilardan bölib Jizzax viloyati Şarof Raşidov tumanida, tuman nomi va “Xuş kelibsiz” yozuvlari tuşirilgan stela almaştirilgan.
Qonun yarim yildan keyin kuçga kiradi va ungaça köplab işlar qilinişi kerak. Jumladan, pasport, ID-karta, bank kartalari kabilarda ismlar bilan boğliq masalalarda yagona standartlar bölişi talab etiladi. Eng muhimi, rasmiy iş yuritişda, qonun va qarorlar qabul qilişda, davlat mediasida va “otaxon” naşrlarda lotin alifbosiga töliq ötiş masalasi ham uzil-kesil hal etilişi zarur. Eslatib ötamiz, Davlat tilini rivojlantiriş departamenti direktori Nodirjon Xolbötayev ötgan oy Senatda alifbo islohoti böyiça qonunga izoh berarkan: “Prezidentimizning irodasi bilan, ikki alifbolikka çek qöyiş arafasida turibmiz”, deya taʼkidlagan edi.
Yangi taşkil etilgan Taʼlim vazirligi rahbari Erkinjon Turdimov sohada qanday yangiliklar qilmoqçi? Vazir jurnalistlarning şu savoliga javob berarkan, taʼlim tizimi allaqaçon binoyidek yölga qöyilgani, “Amerika oçiş kerak emasligi”ni aytdi.
“Hamma işni joy-joyiga qöyamiz. Yangilik qilib, Amerika oçiş kerak emas. Bugun davlat tomonidan hamma şaroit yaratilgan. Yangi qonun qabul qilmaymiz, hamma narsa bor. Farzandingiz öqişi uçun nima yetişmaydi? Farzandingiz bormi, u bilan har kuni vaqt ajratib bir soat dars qilasizmi? Dars qilmaysiz. Köpçilik qilmaydi. Biz dars qilişimiz kerak.Agar farzandimiz bilan işlamasak, öqituvçini yomonlayversak... Öqituvçining mavqeyi qaçon oşadi? Qaçon siz bilan biz munosabatimizni özgartirsak. Agar siz bilan biz munosabatimizni özgartirmasak, faqat ötirib nuqson izlaydigan bölsak, joyimizda depsinib turaveramiz. Taʼlim – jamiyatning işi, hammamizning işimiz”, – dedi Turdimov.
Şu tariqa, taʼlimdagi ötkir muammolar – juda köp sinflarda öquvçilar soni 30 tadan köpligi sabab taʼlim sifatini taʼminlaş amalda imkonsizligi, pedagoglar haligaça aksariyat kasb egalaridan kamroq maoş olişi kabilarga yeçim topiş Turdimovning iş rejasida bor-yöqligi haqida hozirça bir narsa deyiş qiyin. Ammo şunisi aniqki, Erkinjon Turdimov boş vazirning birinçi örinbosari darajasidagi amaldor sifatida, bu masalalarni kötarişga töla vakolatli. Öqituvçini hurmat qilişga çorlaş ham, albatta, kerak, lekin muammoning obyektiv sabablarini bartaraf etiş ança samaraliroq.
Şu bilan birga, sohaning yangi rahbaridan olqişga sazovor taşabbuslar ham allaqaçon közga taşlana boşladi: Turdimov yiğilişlardan birida hokimlarga maktab direktorlarini majlisga çaqirişni taqiqladi.
“Maktab direktorlarini yiğilişlarga çaqiriş mutlaqo taqiqlanadi. Biron-bir yiğilişga faqat vazirlik bilan kelişgandan keyin boradi. Men boşqa narsani bilmayman. Maktab mazmun bilan şuğullanişi kerak, boğça tarbiya bilan şuğullanişi kerak. Majlisga borişi kerak emas. Majlisga boriş kerak bölsa, ana, “zavxoz” borsin”, – deydi u.
Duşanba kuni imzolangan prezident qarori bilan, Taʼlim va ilm-fan vazirligi faoliyatining asoslari belgilandi. Qarorda vazirlik rahbariga istisno tariqasida eksklyuziv huquq berilgan: u 2027-yil 1-fevralgaça vazirlikning markaziy apparatiga xodimlarni tanlov ötkazmasdan, töğridan töğri suhbat asosida işga qabul qiliş huquqiga ega. Bu – Erkinjon Turdimovga byurokratik talablarsiz öz jamoasini şakllantiriş uçun katta imkoniyat.
Hafta davomida taʼlim sohasiga oid prezidentning yana bir qarori eʼlon qilindi. Unga köra, taʼlim taşkilotlarida öquvçilar va öqituvçilarni har yili psixologik diagnostikadan ötkaziş yölga qöyiladi. Psixologik diagnostika taʼlimning barça böğinlarini: boğçalar, maktablar, texnikumlar va oliygohlarni hamda ulardagi tarbiyalanuvçilar, öquvçilar, talabalar, pedagoglar va tarbiyaçilarni qamrab oladi.
Buning uçun Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti taşkil etilmoqda. Ommaviy diagnostikani şu institut xodimlari ötkazadi, natijalar raqamlaştiriladi va sunʼiy intellekt orqali tahlil qilinib, pedagoglar va öquvçilar uç guruhga ajratiladi. Uçinçi guruhga kirgan, yaʼni “faol psixologik qöllab-quvvatlaş zarur” deb topilganlarga mentor psixolog biriktiriladi.
Şifokorlar davlat röyxatidan ötkaziladi
Özbekiston tibbiyot sohasida muhim institutsional islohotga tayyorlanyapti. Avvalroq imzolangan prezident qaroriga binoan, tibbiy faoliyat bilan şuğullaniş huquqini beruvçi guvohnoma joriy etilişi belgilangan edi. 19-oktabr kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan buning tartibi belgilandi.
Qarorga köra, 2030-yil 1-yanvardan boşlab tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan şuğullaniş huquqi faqat davlat röyxatidan ötgan şaxslarga beriladi. Davlat röyxatidan ötiş uçun tegişli imtihondan ötiş va guvohnoma oliş talab etiladi. Yaʼni şifokor yoki farmatsevt böliş uçun diplomning özi yetarli emas, mutaxassis imtihon topşiriş orqali öz bilim va salohiyatini isbotlaşi kerak böladi.
Guvohnomaning amal qiliş muddati – 5 yil; bu muddat tugagaç, qayta imtihon topşiriş kerak. Mutaxassisligi böyiça kamida 20 yillik staj va ilmiy darajaga ega xodimlarga guvohnoma imtihonsiz beriladi. Guvohnomasi yöq yoki muddati ötgan şaxslarga tibbiy yoxud farmatsevtik faoliyat bilan şuğullaniş taqiqlanadi.
Şifokorlar va farmatsevtlarda imtihonlarga tayyorlaniş uçun yetarli muddat bor: yangi tartib 2030-yil 1-yanvardan kuçga kiradi. 2027-yil 1-iyuldan boşlab, ular ixtiyoriy tartibda imtihon topşiriş orqali yoki malaka toifasini oliş vaqtida davlat röyxatidan ötişi mumkin. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholaş markazi bu boradagi vakolatli organ deb belgilandi.
Eslatib ötamiz, 2026-yil mart oyida muhokamaga qöyilgan qaror loyihasi bilan, tibbiyot oliygohlarida super-kontrakt asosidagi qabulni bekor qiliş taklif etilgan edi. Ammo bu taklif yakunda imzolangan qarordan örin olmadi. Şunga qaramay, mazkur qaror bilan şifokorlik yönalişida öqişga kirişdagi minimal ötiş balli oşirilib, eng yuqori ballning 70 foizi deb belgilandi. Xuddi şunday, joriy öquv yilidan boşlab şifokorlik yönalişida öqiyotgan talabalar agar semestr yakunida maksimal ballning 70 foizini töplay olmasa, kursdan kursga öta olmaydi.
Soliq qömitasi deklaratsiyalaşni Navoiy va Çirçiqda sinab köradi
Özbekiston aholisidan daromadlari va xarajatlari haqida har yillik deklaratsiyani talab qiliş tajribasi sinov tariqasida Navoiy va Çirçiq şaharlarida boşlanadi. 20-oktabr kuni imzolangan hukumat qaroriga asosan, Navoiy va Çirçiq şaharlarida doimiy röyxatda turuvçi 18 yoşdan katta aholi 2026-yildagi daromadlari va xarajatlari haqida 2027-yil 15-aprelga qadar deklaratsiya topşirişlari kerak.
2027-yil uçun deklaratsiya esa 2028-yil 15-aprelgaça topşiriladi. Agar tajriba-sinov muvaffaqiyatli deb topilsa, bunday amaliyotni respublikaning barça hududlarida joriy etiş haqidagi takliflar 2028-yil 1-maygaça kiritilişi kerak böladi. Tajriba-sinov doirasida deklaratsiya topşiriş talabi nafaqat navoiyliklar va çirçiqliklar, balki doimiy propiskasi qayerda ekanidan qatʼi nazar, barça soliq organlarining xodimlariga ham taalluqli.
Jismoniy şaxsning jami yillik daromadlari töğrisidagi deklaratsiya nimaligini rasmiy daromadga ega aholining ayrim toifalari yaxşi biladi: yaqin qarindoşining oliygohdagi kontraktini tölaydigan vatandoşlar, farzandi xususiy boğça va maktabga boradigan ota-onalar yoki ipoteka tölayotgan yoş oilalar har yili deklaratsiya topşiriş orqali, özlari tölagan daromad soliğining bir qismini qaytarib oladi. Deklaratsiya elektron şaklda, Soliq mobil ilovasi yoki my3.soliq.uz sayti orqali topşiriladi.
Navoiy va Çirçiqda ötkaziladigan tajriba-sinovga kelsak, unda şaxsning nafaqat jami yillik daromadlari, balki xarajatlari ham aks ettiriladi. Tegişli maʼlumotlar vazirlik va idoralarning axborot bazalari asosida avtomatik şakllantiriladi; Soliq ilovasida röyxatdan ötkazilgan çeklar va elektron hisobvaraq-fakturalar ham inobatga olinadi. Vatandoş avtomatik şakllangan maʼlumotlarni körib çiqib, zarur bölsa tuzatişlar kiritadi.
Deklaratsiyada aniqlaştirilgan soliq bazasiga huquqiy taʼsir çoralari qöllanmaydi, qöşimça soliq ham hisoblanmaydi – faqat Soliq kodeksida belgilangan ayrim daromadlar bundan mustasno. Tajriba-sinov doirasida soliq organi kelib tuşgan deklaratsiyani qabul qilişni rad etiş huquqiga ega emas; faqatgina vatandoşning özi topşirgan deklaratsiyasini bekor qilib, uç yil içida qayta topşirişi mumkin.
Eslatib ötamiz, ança yillardan beri kutilayotgan, amaldorlarning mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalaşga oid qonun loyihasi, oxirgi normativ-huquqiy hujjatlarga binoan, 2025-yil may oyigaça tayyor bölişi kerak edi.
Bu hafta yana nimalar röy berdi?
AQŞ davlat kotibi Marko Rubio Samarqandga keldi. U C5+1 formati doirasida Markaziy Osiyo davlatlari taşqi işlar vazirlari bilan uçraşdi, Özbekiston prezidentining qabulida böldi hamda AQŞ–Özbekiston biznes va investitsiya kengaşi yiğilişida qatnaşdi. Şavkat Mirziyoyev Rubioni “Buyuk xizmatlari uçun” ordeni bilan, Donald Trampning maxsus vakili Serjio Gorni esa “Döstlik” medali bilan taqdirladi. Rasmiy bayonotlarga köra, muzokaralarda savdo, investitsiya va xavfsizlik masalalari ustuvorlik kasb etgan. AQŞ davlat kotibi özi bilan 200 dan ortiq amerikalik işbilarmon doira vakillarini olib kelgani diqqatga sazovor. Xabar qilinişiça, taşrif doirasida Özbekiston va AQŞ örtasida umumiy qiymati 12 mlrd dollarlik 54 ta kelişuvga erişilgan.
Qaşqadaryo viloyatida Yangi Qarşi şahri quriladi. Prezident Şavkat Mirziyoyev viloyatga taşrifi davomida loyiha taqdimoti bilan tanişdi. Rejaga köra, Yangi Qarşi şahri Samarqand–Ğuzor yönalişidagi A-378 hamda Şahrisabzga olib boruvçi 4R-79 avtomobil yöllari oraliğida, 5200 gektar maydonda quriladi. Dastlabki boş reja 500 ming aholiga möljallangan. Loyihani amalga oşirişda “yaşil” va “aqlli” şahar tamoyillariga rioya etilişi, kelgusida viloyat hokimligi va boşqa hududiy idoralar şu yerga köçib ötişi közda tutilmoqda. Davlat rahbari viloyatda suv taʼminoti va yöl infratuzilmasini ham yaxşilaş böyiça topşiriqlar berdi.
Özbekiston Taşqi işlar vazirligi Eron elçisiga norozilik notasini topşirdi. Rasmiy Toşkent Eronning xorijdagi bir qator elçixonalari Samarqand merosini siyosiy maqsadda talqin qilgan postlarni öçirişni talab qilmoqda. Gap şundaki, Eronning Bolgariya, Armaniston, Niderlandiya va Zimbabve kabi davlatlardagi elçixonalari X ijtimoiy tarmoğida Marko Rubioning Registonga taşrifi suratlarini ilova qilib, Samarqand meʼmorçiligini fors madaniy merosi deya talqin qilgan. Qayd etiş kerak, bir neça hafta avval Gretsiyaga borgan Marko Rubio Afinadagi Akropol fonida nutq sözlab, qadimgi Fors davlati “Akropolni yer bilan yakson qilgani”ni aytişi Eron jamiyatida köplab tanqidlarga sabab bölgandi.
Quriliş vazirligi Toşkent şahridagi noqonuniy qurilişlar soniga aniqlik kiritdi. Maʼlum qilinişiça, poytaxtda 320 dan ortiq noqonuniy quriliş aniqlangan bölib, şundan 61 tasi köp qavatli uylarga töğri keladi. Bu maʼlumotning eʼlon qilinişi – vazir Şerzod Hidoyatovning parlamentdagi çiqişi bilan boğliq. Hidoyatov ötgan hafta Qonunçilik palatasi deputatining savoliga javoban, Toşkent şahrining özida beruxsat qurilgan 720 dan ortiq köp kvartirali uy borligini aytgan edi. Bunaqangi katta raqam jamoatçilikni hayratga solgaç, vazirlik matbuot xizmati aniqlaştiruvçi bayonot bilan çiqdi va noqonuniy qurilgan köp qavatli uylar 720 ta emas, 61 ta ekanini maʼlum qildi.
Böston tumani hokimining birdaniga ikki örinbosari ozodlikdan mahrum qilindi. Ular til biriktirib, fermerning 500 ming dollarlik eksport rejasini yopib beriş evaziga 65 mln söm pora olgan, deb topildi va biri 6 yilga, ikkinçisi 5,5 yilga hukm qilindi.Boşqa bir holatdaJomboy tumani ekologiya bölimi boşliği daraxt kesilgani uçun çora körmaslik evaziga pora olganlikda ayblanib, 5 yilga qamaldi. Şuningdek, Kosonsoy tumani hokimi örinbosari özining şaxsiy uyiga quyoş paneli örnatiş uçun tadbirkordan 65 mln söm talab qilib olgan vaqtida qölga olindi. Iştixonda esa xodimlarini kurakda turmaydigan sözlar bilan haqoratlagan soliq inspeksiyasi boşliğiga hayfsan berildi.