Jurnalist tadbirda ma'lumot davlat tilida berilishi kerakligini aytdi. Deputat savolni rus tilida berishni so‘radi
17 avgust kuni AOKA majlislar zalida Gidrometeorologiya xizmati markazi vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda davlat tilining qo‘llanishi bilan bog‘liq bahsli vaziyat yuzaga keldi.
Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Yelena Babenko O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha strategiyasi haqida rus tilida ma'ruza va taqdimot qildi. Kun.uz sayti muxbiri Ilyos Safarov esa undan anjuman davlat tadbiri ekani va unda ma'ruza qiladiganlar ham o‘zbek tilida gapirishi kerakligini so‘radi.
«Nega siz, deputat bu tadbirga o‘zbek tilida tayyorgarlik ko‘rmadingiz yoki tarjimon olib kelmadingiz?» – deya savol bilan yuzlandi jurnalist.
Deputat Yelena Babenko esa jurnalistdan savolini rus tilida berishini so‘radi. «Savolingizni ruscha bersangiz. Men bu muloqotni o‘z kanalimga joylayman. Kanalimda Amerikadagi o‘zbek diasporasi vakillari ham bor va ular bajonidil ruscha gapirishadi. Siz ham savolni ruscha bersangiz, videoni kanalimga joylardim va ulardan holatni muhokama qilishlarini so‘rardim», dedi u.
Ushbu javobdan keyin Ilyos Safarov Yelena Babenkoning qaysi hududdan deputatlikka saylangani, necha foiz ovoz olgani va u o‘z saylovchilariga qaysi tilda targ‘ibot olib borgani bilan qiziqdi.
«Andijon, «eski shahar», 85 foiz ovoz olganman», dedi Babenko savolga javoban.
U shuningdek, O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha strategiyasi ham avval rus tilida yozilgani, keyinchalik o‘zbek tiliga tarjima qilinganini qo‘shimcha qildi.
«Chunki ko‘plab xalqaro hujjatlar rus tilida yozilgan», deydi Qonunchilik palatasi deputati.
Anjuman davomida tortishuvga «O‘zgidromet» bosh direktori Sherzodxo‘ja Habibullayev ham qo‘shildi va o‘z fikrlarini bildirdi.
«Bizning sohadagilarning 85 foizi rusiyzabonlar. Men sohada ilmni ushlab qolish tarafdoriman. Men ilk bor bu sohaga kelganimda oldimizda rus tilida ishlash va davlat tilini qo‘llash masalasi turdi.
Yelena Babenko ham iqlim o‘zgarishi bo‘yicha strategiyani ishlab chiqishda professional darajada ishladi. Muammo mutaxassis yo‘qligida, biz shundan qiynaldik.
Bizning sohadagilarning 74 foizi o‘rta ma'lumotlilar. Ya'ni ilm tomondan ham qiynalganmiz. Katta olimlar bor, lekin yoshlarda uzilish bo‘lgan.
Biz bu sohada Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz, nega desangiz iqlim muammolari bo‘yicha bizga yaqini Rossiya. Bu davlat bilan qo‘shma fakultet ham ochyapmiz. Bu bilan biz Yevropa, Janubiy Koreya yoki Xitoy bilan hamkorlikni chetga surmaymiz. Mana shu fakultet bitiruvchilari sohaga kirib kelgandan keyin sohada atamalarni o‘zbek tilida qo‘llash ham oson bo‘ladi.
Bizda ekologiya muammolarini ko‘taruvchi blogerlarning aksariyati rus tillilar. Biz shuning uchun ham o‘z ustimizda ko‘proq ishlaymiz», – Sherzodxo‘ja Habibullayev.
Ma'lumot uchun, «O‘zbekistonning davlat tili haqida»gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritilishi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta'minlanishi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati 2021 yil 26 iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni muhokama qildi.
«Qonunda amaldagisida mavjud bo‘lmagan ko‘pgina me'yorlar belgilanmoqda. Xususan, amaldagi «Davlat tili haqida»gi qonunda mazkur qonunning amalga oshirilishini ta'minlaydigan, bu sohada yagona davlat siyosatini olib boruvchi maxsus davlat organi va uning huquqiy maqomi bilan bog‘liq masalalar umuman ochib berilmagan.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilariga nisbatan davlat tilini bilishga oid talablarning belgilanmagani ham ushbu qonunning amalda ishlamasligiga olib kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, huquqiy sohada hamda milliy qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq aks ettirish va «Davlat tili haqida»gi qonunning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishini ta'minlash maqsadida u yangi tahrirda ishlab chiqildi», deyiladi Senatning qonunga berilgan izohida.
Ushbu qonunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida davlat tilining qo‘llanishi, ish yuritish tili, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda davlat tilining qo‘llanishi, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek, ularning loyihalarida foydalaniladigan til, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ishlatiladigan til, sud ishlari yuritiladigan til, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, fuqaroning shaxsini va huquqlarini tasdiqlashda qo‘llanadigan til masalalari ham batafsil belgilangan.
Jumladan, uning 9–moddasida «Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan ilmiy va kasbiy forumlar, simpoziumlar, konferensiyalar, seminarlar, shuningdek, tantanalar, taqdirlash marosimlari va boshqa tadbirlar davlat tilida olib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi tashkil etadigan xalqaro darajadagi tadbirlar, shuningdek, tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan hamda mazkur tashkilotlar vakillari ishtirok etadigan tadbirlarda boshqa tillardan ham foydalanilishi mumkinligi belgilangan.
Kun.uz muxbiri xabarni tayyorlash jarayonida Qonunchilik palatasi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Rizayevdan deputat Yelena Babenkoning tadbirdagi harakatlari yuzasidan izoh so‘radi.
«Amaldagi va parlamentning ikki palatasida ham tasdiqdan o‘tgan yangi qonunda ham O‘zbekistonda o‘tkaziladigan tadbirlarning davlat tilida olib borilishi belgilangan.
Xodimlarining davlat tilini o‘rganishiga sharoit yaratib berish esa tashkilot zimmasidaligi ko‘rsatilgan. Biz ham deputatlarimizning o‘zbek tilini o‘rganishi uchun sharoit yaratganmiz. Buning uchun alohida markaz ham qilindi.
Umuman, davlat tilini hurmat qilgan deputatlar borki, davlat tilini o‘rganyapti. Mana masalan, deputatimiz Emma Aslonova va Viktor Pak .
Emma Aslonova yaqinda katta bir ma'ruzasini ham davlat tilida qildi», dedi u.
Bir muddat avval Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev ham davlat tilini bilmaydigan va unda gapirmaydigan rahbarlar haqida fikr bildirgandi.
«Bu – sharmandalik, bu – uyat. Mayli, vazirlik yoki tashkilot rahbari Amerikada o‘qib kelgandir, Germaniya, Angliyada o‘qib kelgandir. Uning chet tillarini bilishi juda yaxshi, lekin O‘zbekistonda rahbar lavozimida ishlab, davlat tilini, ona tilini bilmaslik – bu sharmandalik», degandi u.
Mavzuga oid
11:20 / 26.12.2024
27 dekabrda biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi
11:39 / 25.12.2024
26 dekabrda kutilayotgan ob-havo ma’lum qilindi
18:22 / 24.12.2024
Rossiyadagi migrant bolalarga rus tili imtihoni qachondan boshlanishi belgilandi
11:33 / 24.12.2024