Senat "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunni o‘zgartishni ma'qulladi
Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Bildirilishicha, hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun prezidentning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni hamda Senat kengashining “Davlat tili haqida”gi qonunning Toshkent shahrida ijro etilishini o‘rganish natijalari to‘g‘risida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan.
“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, prezident farmoni bilan 21 oktabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilandi. Bu bayram haqidagi norma yangi qonunda ham o‘z ifodasini topgan.
“Qonunda amaldagisida mavjud bo‘lmagan ko‘pgina me'yorlar belgilanmoqda. Xususan, amaldagi “Davlat tili haqida”gi qonunda mazkur qonunning amalga oshirilishini ta'minlaydigan, bu sohada yagona davlat siyosatini olib boruvchi maxsus davlat organi va uning huquqiy maqomi bilan bog‘liq masalalar umuman ochib berilmagan.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilariga nisbatan davlat tilini bilishga oid talablarning belgilanmaganligi ham ushbu qonunning amalda ishlamasligiga olib kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, huquqiy sohada hamda milliy qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq aks ettirish va “Davlat tili haqida”gi qonunning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishini ta'minlash maqsadida u yangi tahrirda ishlab chiqildi”, deyiladi Senat ma'lumotida.
Qayd etilishicha, qonun maqsadi va qo‘llanish sohasi, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, davlat tili, O‘zbekistonda boshqa tillarning maqomi, til bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmaslik, davlat tilini rivojlantirishdagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha vakolatlari, davlat organlari va tashkilotlarining davlat tilini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari, davlat tilini rivojlantirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati kabi yangi normalar mavjud.
Qonunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida davlat tilining qo‘llanilishi, ish yuritish tili, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda davlat tilining qo‘llanilishi, normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar, shuningdek, ularning loyihalarida foydalaniladigan til, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ishlatiladigan til, sud ishlari yuritiladigan til, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, fuqaroning shaxsini va huquqlarini tasdiqlashda qo‘llaniladigan til masalalari ham batafsil belgilangan.
“Qonun qabul qilinishi davlat tilining ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qo‘llanilishiga, uning rivojlanishi va ommalashuviga katta turtki beradi. Jumladan, davlat tilini rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Qonuni darajasida belgilanishi barcha sohalarda o‘zbek tilining adabiy til me'yorlari asosida ifoda etilishiga xizmat qiladi. O‘zbek tili bilan bog‘liq tarixiy-ma'naviy merosimizni asrab, kelgusi avlodlarga yetkazilishini ta'minlaydi”, deyiladi xabarda.
Ma'lum qilinishicha, qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
16:16 / 29.11.2024