O‘zbekiston | 21:57 / 01.06.2024
18538
15 daqiqa o‘qiladi

AES bo‘yicha bitim, arzonlashgan dollar va “developer”ga aylangan banklar - hafta dayjesti

Rossiya Jizzaxda kam quvvatli AES quradigan bo‘ldi: ko‘plab savollar ochiq qolyapti. O‘zbekiston qachon Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘ladi: bosh vazir o‘rinbosari muddatni aytdi. Dollar kursida anomaliya: bir haftadan beri kurs faqat tushyapti. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Jizzaxda kichik AES qurilishi boshlanish arafasida

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida Markaziy Osiyodagi birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha 2017 yildan beri davom etayotgan muzokaralarda yakuniy to‘xtamga kelindi. Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan kelishuvga asosan, Jizzax viloyatida kam quvvatli AES quriladigan bo‘ldi.

Stansiya har biri 55 megavattli 6 ta reaktordan iborat bo‘lib, to‘liq quvvati 330 megavattni tashkil etadi. Bu – Rossiya tomonidan birinchi ilgari surilgan variant – ikkita energoblokli, an’anaviy yirik AES quvvatidan 7 barobarga kam. Shu tariqa, mamlakatimizda elektr energiyasi yetishmovchiligi muammosini hal qilishda qurilajak atom stansiyasining o‘rni deyarli sezilmaydi.

“O‘zatom” agentligiga ko‘ra, qurilish ishlari shu yil yozdayoq boshlanadi. Loyihaning asosini Rossiyadan tashib keltiriladigan RITM-200N reaktorlari tashkil etadi. Ixcham stansiyani qurish klassik AESlarga qaraganda ancha kamroq vaqtni oladi. Bosh pudratchi “Rosatom” bo‘ladi, qurilishga mahalliy kompaniyalar ham jalb etiladi.

Hozircha rasmiylar ochiqlagan ma’lumotlar faqat shulardan iborat. Loyihani amalga oshirish narxi qanchaga tushadi, bu mablag‘ qayerdan olinadi, qancha muddatda qurib bitkaziladi, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi qancha narxdan sotib olinadi, o‘zimizning urandan foydalanilishi narx shakllanishida qanday o‘rin tutadi – shu va boshqa savollarga hozircha javoblar yo‘q.

Lekin ijtimoiy tarmoqlarda eng qizg‘in muhokama qilinayotgan savollar bular emas. Faollarning asosiy e’tibori siyosiy risklarga qaratilgan. Eng ko‘p berilayotgan savol esa quyidagicha: nega xalqaro tendersiz va nega aynan Rossiya?

Vladimir Putinning davlat tashrifi

O‘zbekistonga tashrif Vladimir Putinning beshinchi muddatga saylanganidan keyingi uchinchi xorijiy safari bo‘ldi. Ikki kunga mo‘ljallangan tashrif amalda uch kun davom etdi. Sammit doirasida 27 ta hujjat imzolandi; hukumatlar oldiga o‘zaro savdo hajmini 3 barobarga oshirib, 30 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Energetika sohasida, Rossiya O‘zbekistonda AESdan tashqari, GAES ham qurmoqchi. Ma’lum bo‘lishicha, Aydarko‘l va Qarateren ko‘llarida “Rusgidro” tomonidan umumiy quvvati 1 GW bo‘lgan 2 ta yirik gidroakkumulyator elektr stansiya qurishi masalasi ko‘rib chiqilyapti. Ma’lumot uchun, gidroakkumulyator stansiyalar energetik yuklamaga moslashishi bilan odatiy GESlardan farq qiladi, ya’ni talab oshgan paytda ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoni bo‘ladi. O‘tgan yili O‘zbekistondagi birinchi GAESni Bo‘stonliqda qurish bo‘yicha Xitoy kompaniyasi bilan 1 mlrd dollarlik kelishuv imzolangan edi.

Putinning tashrifi vaqtida O‘zbekiston gaz transport tizimini modernizatsiya qilish, Rossiyadan neft va gaz importini ko‘paytirish, bu mamlakatdagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini munosib mehnat sharoitlari bilan ta’minlash, O‘zbekiston armiyasini qayta qurollantirish dasturini ishlab chiqish kabi boshqa qator masalalar ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida bo‘ldi. Prezidentlar raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu majlisda qatnashish uchun kelganlar orasida Checheniston rahbari Ramzon Qodirov mezbonlarning alohida diqqat markazida bo‘ldi.

Rasmiy tadbirlardan keyin, Kreml matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev rossiyalik hamkasbini o‘zi yashaydigan uyga taklif etgan, ular o‘rtasidagi suhbat tonggi soat 3 gacha davom etgan. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday uzoq davom etgan suhbatni “mutlaq ishonch asosiga qurilgan muloqot, haqiqiy va shaxsiy do‘stlik” deb atadi. Tashrif reja qilinganidan uzoqroq davom etgani ikki tomonlama munosabatlarning ko‘lami bilan bog‘liq, dedi Dmitriy Peskov.

JSTga a’zolik – 2026 yilga mo‘ljal qilingan

O‘zbekiston uzog‘i 2 yil ichida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirmoqchi. Buni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev aytdi. JST matbuot xizmatining xabar berishicha, u ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston tashkilotning 2026 yilgi sammitiga qadar a’zolik jarayonini yakunlash niyatida ekaniga ishontirgan.

“O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadida sobit turibdi va bu yo‘nalishda ilgarilash uchun mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda”, – degan O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari. Jamshid Xo‘jayev ishchi guruh a’zolaridan O‘zbekistonni bu jarayonda qo‘llab-quvvatlashni so‘ragan. Ishchi guruh esa O‘zbekistonning tashqi savdo rejimini tahlil qilib, hukumatni qo‘shimcha majburiyatlar olishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaning avvalgi raisi Sardor Umrzoqov 2021 yilda bergan intervyusida O‘zbekiston 5 yil ichida, ya’ni 2026 yilgacha JSTga a’zo bo‘ladimi degan savolga yo‘q deb javob bergan, jarayon 5 yilga cho‘zilmasligini aytgandi.

Iqtisodiy yangiliklar

Bu hafta respublika valuta birjasi uchun noyob hafta bo‘ldi: o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan qiymati ketma-ket naq 7 birja kuni davomida faqat mustahkamlanib bordi. Natijada rasmiy kurs 125 so‘mga arzonlashib, ikki oy ichida ilk marta 12 600 so‘mdan pastga tushdi. Juma kuni banklarda sotish kursi 2 630 so‘mgacha pasaydi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bu o‘tgan hafta chiqarilgan hukumat yevrobondlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xabar berganimizdek, 21 may kuni 1,5 mlrd dollar ekvivalentida obligatsiyalar chiqarish yo‘li bilan tashqi qarz olingan edi. Bu qarz paketining asosiy qismini 600 mln dollar va 600 mln yevro tashkil etadi. Bu mablag‘lar so‘mga ayirboshlash uchun birjaga chiqarilgani taxmin qilinmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi shu hafta ochiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning 1 aprel holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 35,3 mlrd dollarga yetgan. Shundan 29,5 mlrl dollari – tashqi qarzlar. Ma’lum bo‘lishicha, bu yil davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari o‘tgan yilga qaraganda 70 foizga ko‘payadi. Yil davomida qarzlarni qaytarish uchun hukumatga qariyb 3 mlrd dollar kerak bo‘ladi. Olish rejalashtirilgan qarzlar miqdori esa 5 mlrd dollar deb belgilangan. Shu tariqa, tez orada qarzlarni qaytarish xarajatlari yangi olinadigan qarzlar miqdori bilan tenglashadi. Bu esa amalda bitta qarz ikkinchi qarz hisobidan yopilishini anglatadi.

Vazirlikning yana bir hisobotiga ko‘ra, yilning 1-choragida davlat budjeti defitsiti 17,7 trln so‘mga yetgan. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 1,5 barobar, ikki yil oldingi ko‘rsatkichdan 18 (!) barobarga ko‘p. Budjet daromadlari tarkibida bir qator yirik soliq to‘lovchilarning ulushi keskin qisqargan. Ayniqsa “O‘ztransgaz”ning soliq to‘lovlari karrasiga kamayib ketgani, mamlakatning energetik mustaqilligi uchun strategik ahamiyatga ega kompaniya ishonchli boshqaruvga berilgani haqida mish-mishlar tarqalgani izohtalab holat bo‘lib qolmoqda.

Budjetdagi katta taqchillikka qaramay, davlat tashkilotlarini qimmatbaho xaridlardan to‘xtatib bo‘lmayapti. G‘aznachilik xizmatining aniqlashicha, o‘tgan yili bosh vazir tomonidan tejamkorlik bo‘yicha topshiriq berilganiga qaramay, amaldorlar qimmatbaho smartfonlar xarid qilishdan o‘zini tiya olmagan. Budjet tashkilotlari yil davomida bitta xaridda o‘rtacha 12 ta smartfon sotib olgan. Ular orasida har bir donasi 19 mln so‘mga olingan iPhone 15 Pro Max telefonlari ham bor.

Bundan tashqari, sport sohasi rasmiylarining ko‘ngli zamonaviy xokkey majmuasini tusayapti. Muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasi bilan, Toshkentda muz saroyini o‘z ichiga oluvchi xokkey kompleksi qurilishi mumkin. Xokkey federatsiyasi majmua qurib bitkazilganidan keyin uni tayyor holda ishonchli boshqaruvga olishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, federatsiyaning o‘zi, xokkey klublari va legionerlar uchun soliqlarni 2 barobarga kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Tadbirkorlar uchun soliqlarni hisoblash tartibi o‘zgarishi mumkin

Xokkey klublari yoki gigant kompaniyalar to‘lamagan soliqni baribir kimdir to‘lashi kerak, chunki xarajatlar o‘sishda davom etyapti. Qimmatbaho smartfon, muz saroyi, AES va boshqa chiqimlar uchun pul topib berishi kerak bo‘lgan Soliq qo‘mitasi ham, o‘z navbatida, boshqa bir qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Qo‘mita tovarlarning bozor narxini aniqlab, shu narx asosida soliq hisoblashga o‘tmoqchi.

Bu tartib avvaliga birja tovarlari, davlat xaridlari portalidagi va markirovkalanadigan tovarlarga nisbatan tatbiq qilinadi. Keyinchalik esa barcha (!) turdagi, e’tibor bering, minglab turdagi tovarlar va xizmatlarning barcha-barchasi uchun joriy qilinadi. Ya’ni soliq organlari iqtisodiyotdagi jamiki tovar va xizmatlarning bozor narxini aniqlab, QQS, foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqni shu narxdan kelib chiqib hisoblashni reja qilgan. Shu narxdan arzon sotib qo‘ygan tadbirkorni esa, tabiiyki, u yoki bu shakldagi jazo kutadi.

Soliq qo‘mitasining bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Davron Bobojonovning Kun.uz'ga aytishicha, qo‘mita shu yo‘l bilan intizomli soliq to‘lovchilar va soliqdan qochadigan tadbirkorlar o‘rtasida halol raqobatni yuzaga keltirmoqchi. Tovar va xizmatlarning bozor narxlarini hisoblash avtomatlashtiriladi, bunda birja, davlat xaridlari portali, boshqa ochiq manbalar va fiskal cheklar asos bo‘ladi.

Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonovning so‘zlariga ko‘ra, soliq organining bunday niyatlari tadbirkorlik muhitiga, investitsion iqlimga salbiy ta’sir qiladi. “Soliqlar qat’iy belgilangan yoki aniq olingan daromadga qaratilgan bo‘lishi lozim. Keyinchalik izlab topiladigan mavhum raqamlar asosida soliq hisoblash tadbirkorlarning faqatgina qo‘rquvda yashashiga olib keladi”, dedi soha eksperti.

Soliqlar bo‘yicha tadbirkorlar kutgan yangiliklar ham yo‘q emas. Chorshanba kuni prezident imzolagan qonun bilan, Soliq kodeksining mashhur 227 prim 1-moddasi o‘zgartirildi. Endilikda bu moddada nazarda tutilgan fiskal huquqbuzarliklar uchun jarima 50 baravarga kamaytirilib, oxirgi chorakdagi sof tushumning 2 foizi deb belgilandi. Huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilgan taqdirda, jarima miqdori sof tushumning 20 foiziga oshadi. Avvalgi miqdor 100 foiz ekani tadbirkorlarning e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgandi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Prezident Buxoro viloyatiga tashrifida bir nechta yirik obektlar qurilishini boshlab berdi. Buxoro tumanida xalqaro aeroport, Olot tumanida quyosh elektr stansiyasi, “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida esa metandan olefin oluvchi yirik gaz-kimyo majmuasi qurilishi boshlandi. Qiymati 5 mlrd dollarga baholangan gaz-kimyo majmuasida yiliga 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz va 430 ming tonna nafta qayta ishlanib, 1,1 million tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi. Shavkat Mirziyoyev majmua yaqinida qurilgan boshqa bir loyiha – 58 mln dollarlik metall quvurlar zavodida ham bo‘ldi.

Davlat banklarining Toshkent City'dagi baland binolari sotuvga qo‘yildi. Sanoatqurilishbank 33 qavatli, Asakabank va Aloqabank esa 26 qavatli binolarini kamida 340 mln dollar sarflab, ehtimol tashqi kreditlar hisobidan qurayotgan edi. Endi bu biznes markazlar Davaktiv boshchiligida xususiylashtiriladi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanoatqurilishbank Yashnobodda 21 qavatli bino qurmoqchi ekani ma’lum bo‘lgandi. Davlat banklari hali Yangi Toshkentda ham binolar qurishi aytilmoqda. Lekin bino qurib sotish, ekspertlar fikriga ko‘ra, nosog‘lom bank faoliyati hisoblanadi.

O‘zbekistonda 112 yagona dispetcherlik xizmati tashkil etilmoqda. Bunda IIV, FVV, SSV, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda “Hududgazta’minot”ning shoshilinch xizmatlari 112 qisqa raqamiga ulanib, yagona tizimga birlashtiriladi. Hukumat qaroriga ko‘ra, yangi tizim 1 iyundan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, yil oxirigacha respublikaning boshqa barcha hududlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Jizzaxning G‘allaorol tumanida harakatlanib ketayotgan “Nexia-2”ning gazballoni portladi. Voqea haydovchi shoxobchadan mashinasiga gaz quyib chiqqanidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Natijada haydovchi, uning 56 yoshli xotini va ikki yo‘lovchi halok bo‘lgan. Portlash oqibatida avtomobil ham, undagi insonlar jasadi ham bo‘laklarga bo‘linib ketgan. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilarga murojaat bilan chiqib, ular o‘zlariga tegishli transport vositasining texnik holati uchun javobgar ekanini eslatdi.

Toshkentda sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlar o‘tgan hafta shov-shuvli tarzda ko‘chirilib, shahar tashqarisiga chiqarib tashlangan edi. Kuni kecha o‘sha daraxtlarni yangi ekilgan joyida suratga olmoqchi bo‘lgan fotograf Komil Yenikeyev to‘sqinlikka uchradi. Daraxtlarni ko‘chirgan firma rahbari Farrux Hakimov fotografni to‘xtatib, bu yerdan ketishni buyurgan, hatto uning boshidan gazlangan ichimlik quyib yuborgan. Eslatib o‘tamiz, Hakimov Kun.uz bilan suhbatda daraxtlarni ko‘chirishga ruxsati borligini aytgandi, lekin keyinroq Ekologiya boshqarmasi ruxsat bermagani oydinlashdi. Uning na daraxtlarga nisbatan va na fotografga nisbatan harakatlari bo‘yicha huquq organlaridan hozircha reaksiya bo‘lmadi.

Mavzuga oid