O‘zbekiston | 22:13 / 20.10.2018
30648
3 daqiqa o‘qiladi

Oltinko‘l tumaniga yangi hokim tayinlandi

Joriy yilning 20 oktabr kuni Xalq deputatlari Oltinko‘l tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq Andijon viloyati hokimi qaroriga asosan, Oltinko‘l tuman hokimi Baxtimurod Ismoilovich Karimov o‘rniga O‘rinboyev Nazirjon Aliyevich tuman hokimi lavozimiga tayinlandi. Baxtimurod Karimov Oltinko‘l tumanini 2016 yilning 1 dekabridan buyon boshqarib kelayotgandi. 

O‘rinboyev Nazirjon Aliyevich

Nazirjon O‘rinboyev 1989 yil Andijon davlat pedagogika institutini tamomlagan. 2014-2017 yillar davomida Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 2017 yildan bugunga qadar Andijon viloyati Davlat texnika nazorati inspeksiyasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

14 oktabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida paxta yig‘im-terimi masalasiga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda shu masalada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan hokimlar, mansabdorlar qattiq tanqid qilingandi.

Selektorda 100dan ortiq rahbar shaxslarga (tuman hokimlari, prokurorlari, IIB boshliqlari va DSI boshliqlari) paxta sabab intizomiy choralar qo‘llangani (ularning bir qismi ishdan olingan, bir qismiga hayfsan berilgan yoki ikki oylik maoshidan mahrum etilgani haqida xabar qilingandi.

Shuningdek, bosh vazir selektor vaqtida viloyatlar hokimlariga respublika bo‘ylab 10 hokimni ishdan bo‘shatish bo‘yicha taqdimnomalar kiritish haqida topshiriq bergan.Shundan so‘ng Farg‘ona shahri va Farg‘ona tumani hokimi ishdan olingan, Urganch tumanida hokim almashgan, Andijon viloyatida esa Oltinko‘l tumani hokimi ishdan ketgani ma'lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Angren shahri hokimi ishdan olindi, Guliston tumani hokimi o‘zgardi.

Mavzuga oid