Jahon | 15:20 / 25.03.2020
71605
13 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus sababli favqulodda holat – qachon, qayerda, qanday?

COVID-19 koronavirusi tarqalishi pandemiya ko‘rinishini olishi natijasida dunyoning qator mamlakatlarida favqulodda holat tartibi joriy etilmoqda.

Foto: Reuters

Favqulodda holat nimani anglatadi, shu kungacha nechta davlatda favqulodda holat e'lon qilindi? Favqulodda holat qaysi mamlakatda qanday tartibda joriy etildi? Quyida shu savollarga javob topamiz.

Tarixda joriy etilgan favqulodda holatlar

Tarixda favqulodda holat joriy etilishiga misollar juda ko‘p. Ularning sabablari ham turlicha – urush yoki inqilobdan tortib o‘rmon yong‘inlari yoki chigirtkalar bosqinigacha. Ayrim davlatlarda favqulodda holat o‘nlab yillar davom etgan.

1933 yil 23 martdan 1945 yil maygacha — «Reyxstagga o‘t qo‘yilgani»dan so‘ng Germaniya prezidenti Gindenburg tomonidan kiritilgan. Favqulodda holat Gitler tomonidan noma'lum muddatgacha uzaytirilgan va Uchinchi reyx tugaguniga qadar davom etgan.

1950 yil 16 dekabrdan 1978 yil 14 sentyabrgacha — Koreya urushi davrida AQSh prezidenti Trumen tomonidan joriy etilgan. Urush tugaganidan keyin ham favqulodda holat bekor qilinmagani ma'lum bo‘lgach, AQSh Kongressi tomonidan bekor qilingan.

1981 yildan 2011 yil fevralgacha (30 yilga yaqin) — Husni Muborak prezidentlik lavozimini egallashi bilan Misrda favqulodda holat tartibida yashagan.

1963 yildan 2011 yil aprelgacha (48 yil!) Suriyada Arab sotsialistik uyg‘onish partiyasi tomonidan joriy etilgan favqulodda holat tartibi amal qilgan.

1993 yil 3 oktyabrdan 4 oktyabrgacha Boris Yelsin Moskvada favqulodda holat e'lon qilgan.

2001 yil 14 sentabr — AQShda 11 sentabr teraktlaridan keyin kiritilgan, bir necha marta uzaytirilgan, oxirgi marta 2017 yil sentyabrda uzaytirilgan.

2010 yil aprel — Qirg‘izistonda.

2014 yil 24 yanvarda — Yevromaydondagi voqealar sababli Qrim avtonom respublikasi oliy kengashi (Ukraina tarkibida) favqulodda holat joriy etish taklifi bilan chiqqan.

2015 yil 14 noyabrda — Fransiyada sodir etilgan terrorchilik hujumi sababli.

2016 yil 20 iyulda — Turkiyada harbiy to‘ntarishga urinish munosabati bilan uch oyga favqulodda holat joriy etilgan va keyin bir necha marta uzaytirilgan.

Koronavirus sababli qaysi davlatlarda favqulodda holat joriy etildi?

© AP Photo/Jean-Francois Badias

Epidemiya – favqulodda holat joriy etilishiga eng keng tarqalgan sabablardan biri. Masalan, yaqinda, 2019 yil iyulda Ebola bezgagi epidemiyasi sababli favqulodda holat joriy qilingandi. O‘shanda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Ebola virusi G‘arbiy Afrikaning atigi uchta davlatida (Serra-Leone, Liberiya va Gvineya) tarqalishiga qaramasdan butun dunyoda favqulodda holat e'lon qilgandi. Afrika qit'asidan tashqarida faqat 5 kishi bu kasallikni yuqtirgan, ulardan bittasi AQShda vafot etgandi.

JSST koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bois favqulodda holat e'lon qilgani mantiqan juda to‘g‘ri. Buning ustiga, tashkilot buni epidemiya boshlanganida – 2020 yil 30 yanvarda, Covid-2019 faqat Xitoyda avj olgan, ammo 17 mamlakatda dastlabki bemorlar aniqlangan paytda e'lon qilgandi.

Shu bilan birga, dunyoning aksariyat mamlakatlari (Xitoydan tashqari) favqulodda holat joriy etishga shoshilmadi. Ekspertlarning fikricha, bu xato bo‘ldi. Agar o‘z vaqtida qat'iy choralar ko‘rilganda, balki koronavirus pandemiyasi bunchalik keng miqyosda va halokatli bo‘lmasmidi...

Bugunga kelib Italiya, Ispaniya, Slovakiya, Chexiya, Islandiya, Estoniya, Latviya, Ruminiya, Serbiya, Bosniya va Hersegovina, Vengriya, Bolgariya, Shveytsariya, Portugaliya, Gruziya, Qozog‘iston, Moldova, AQSh, Kanadaning ayrim shtatlari va Yaponiyaning ayrim provinsiyalarida favqulodda holat e'lon qilingan. 22 mart kuni Fransiya parlamenti mamlakatda favqulodda holat e'lon qilish uchun ovoz berdi.

Ukraina hukumati hozirda favqulodda holat joriy qilish yoki joriy qilmaslik masalasini ko‘rib chiqmoqda. Ayni paytda Ukrainaning ayrim hududlarida favqulodda vaziyat rejimi amal qilmoqda. Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Chernovsi, Jitomir, Ivano-Frankovsk, Dnepropetrovsk, Xarkov, Donetsk, Ternopol, Cherkass va Kiyev oblastlarida favqulodda vaziyat joriy etilgan.

Shu o‘rinda favqulodda vaziyat bilan favqulodda holat o‘rtasida qanday farq borligini tushuntirib o‘tsak.

Favqulodda vaziyat — odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘ligi yoki tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat.

Favqulodda holat — davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning alohida ish rejimi. Bunda fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda yuridik shaxslarning huquqlariga maxsus qonun bilan belgilangan cheklashlarga yo‘l qo‘yiladi, shuningdek, ularga qo‘shimcha majburiyatlar yuklanishi mumkin.

Favqulodda holat, odatda, vaqtinchalik tadbir bo‘lib, real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, ichki qurolli mojarolar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta'minlashni ko‘zlab joriy etiladi.

Favqulodda holat - qayerda qanday?

Italiya ko‘chalari bo‘shab qolgan Foto: Reuters

Italiya

Italiya Yevropada birinchi bo‘lib – 30 yanvarda favqulodda holat joriy etdi. Bu yerda keskin choralar ko‘rildi. Masalan, oddiy fuqarolar ko‘chaga ruxsatnoma bilangina va faqat dorixona yoki oziq-ovqat sotib olish uchun chiqishi mumkin. Qoidabuzarlarni katta jarima va hatto qamoq kutadi. Shu bilan birga, deyarli barcha sanoat korxonalari ishlamoqda, ofis xodimlari esa masofadan. Shahar transporti harakati kamaygan.

Ispaniya

Foto: Reuters

Ispaniyada favqulodda holat 16 martda 15 kun muddatga kiritildi (ammo u uzaytiriladi deyishmoqda). Hukumat butun hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan. Hatto mahalliy politsiya ham ichki ishlar vaziriga bo‘ysundirildi. Fuqarolar ishga, do‘kon yoki dorixona, tibbiyot markazi va banklarga borish uchungina ko‘chaga chiqishi mumkin. Oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa do‘konlar, restoran, bar, mehmonxona, ko‘ngilochar va sport muassasalari, maktab va universitetlar yopilgan.

AQSh

Prezident Donald Tramp dastlab koronavirusga unchalik e'tibor bermadi va hatto uni «qisqa muddatli muammo» deb atadi. Ammo o‘zining boshiga ham xavf sola boshlagach, fikrini o‘zgartirdi. Gap shundaki, Tramp mart oyi boshida Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru bilan uchrashdi. Oradan bir hafta o‘tgach, Braziliya rahbari koronovirusga chalingani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Keyinroq xabar yolg‘onligi ma'lum bo‘ldi. Ammo prezidentlar uchrashganida ularning yonida bo‘lgan Bolsonaruning matbuot kotibi Fabio Vayngartenda Covid-2019 borligi aniqlandi. Shundan so‘ng Tramp tahlil topshirdi, ertasiga esa AQShda favqulodda holat e'lon qildi hamda bu baloga qarshi kurashish uchun 50 mlrd dollar ajratilganini aytdi.

Hozirda bu yerda 200dan ortiq ishchi ishlaydigan deyarli barcha korxonalar faoliyati to‘xtatilgan.

Amerikaliklardan uyda o‘tirishni so‘rashmoqda va faqat uchta sabab bilan – oziq-ovqat do‘koniga, dorixona yoki kasalxonaga borish uchungina ko‘chaga chiqish mumkinligi aytilmoqda. Politsiya hatto shaxsiy transportni ham kuzatmoqda – salonda faqat haydovchi bo‘lishi kerak. Kimnidir kasalxonaga olib ketayotgan bo‘lsa – u hol mustasno.

11 mart kuni Vengriyada ham favqulodda holat e'lon qilindi. Bu yerda barcha ommaviy va tantanali tadbirlar bekor qilindi.

Hozirda Estoniyada ham favqulodda holat rejimi amal qilmoqda. Mamlakatga xorij fuqarolarining kirishi taqiqlangan. Barcha ommaviy tadbirlar, maktab, oliygoh, kinoteatr, muzey, teatr, sport zallari faoliyati to‘xtatilgan. Savdo markazlarining ishlashi cheklangan. 

Pandemiya sababli Chexiya, Bolgariya, Slovakiya, Serbiyada ham ana shunday vaziyat. Bu davlatlar xorij fuqarolari uchun o‘z chegaralarini yopgan. 

Chexiya poytaxti Praga shahrida umumiy ovqatlanish muassasalari ham yopilgan. Ularning aksariyati faqat yetkazib berish xizmati bilan ishlamoqda.

15 mart kuni Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich mamlakatda favqulodda holat rejimini e'lon qildi. U himoya choralari birinchi navbatda keksalarga qaratilishini ta'kidladi. Bog‘chalar, maktablar, universitetlar yopildi. Davlatga shuningdek, xorij fuqarolari, xususan, Italiya, Eron, Xitoy, Janubiy Koreya, Shveytsariya fuqarolari kirishi taqiqlandi.

16 martdan Slovakiyada favqulodda holat joriy etildi. Oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalardan tashqari barcha savdo nuqtalari faoliyati to‘xtatildi. Mamlakatda banklar va pochta bo‘limlariga ishlashga ruxsat berildi. 

Ruminiyada 30 kunga favqulodda holat joriy etildi. Mamlakatda o‘quv jarayoni masofadan davom etadi, asosiy mahsulotlar va energiya resurslarining qat'iy narxlari belgilanadi. Davlat organlariga murojaatlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi, tibbiyot muassasalariga xodimlar ishga tanlovsiz qabul qilinadi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev koronavirus sababli 16 martdan 15 aprelgacha mamlakat hududida favqulodda holat e'lon qilgan. Qozog‘iston prezidenti huzuridagi favqulodda holat rejimini ta'minlash bo‘yicha davlat komissiyasi Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida 19 martdan karantin rejimini joriy etdi. Unga ko‘ra, keng miqyosdagi sanitar-epidemiologik tadbirlar o‘tkazilishi, karantin hududi o‘rnatilishi va undan chiqish/kirish punktlari belgilanishi, odamlarning harakatlanishini cheklash ko‘zda tutilgan.

Armanistonda koronavirusga qarshi kurashish uchun 16 martdan 14 aprelgacha favqulodda holat e'lon qilingan. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari, favqulodda holat vaqtida respublika komendanti bo‘lib turgan Tigran Avinyanning buyrug‘iga ko‘ra, mamlakatda strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan barcha tashkilot va korxonalarning faoliyati 31 martga qadar to‘xtatiladi. Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyena vositalari, dori-darmonlar, yonilg‘i-moylash mahsulotlari, mudofaa mahsulotlari, energetika ishlab chiqarish va sotish kabi 56ta faoliyat yo‘nalishiga ishlashga ruxsat berilmoqda. Shuningdek, yer, havo va quvur transporti, moliya, sug‘urta, televizion, telekommunikatsiya tashkilotlari faoliyati ham davom etadi.

Qirg‘iziston prezidentining farmoniga ko‘ra, Bishkek, O‘sh va Jalolobod shaharlari hamda O‘sh va Jalolobod oblastlarining uchta rayonida 25 mart ertalab soat 8dan favqulodda holat joriy etiladi va 15 aprelgacha davom etadi.

O‘zbekistonda qanday holat?

O‘zbekistonda virusdan zararlanishning ilk holati 15 mart kuni qayd etildi, 11 mart tongida Parijdan uchib kelgan ayolga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

16 martdan boshlab xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlar bekor qilindi.

21 martdan e'tiboran barcha hududlarda faoliyat yuritayotgan mavjud ko‘ngilochar obektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, choyxona, oshxona (uyga eltib berish xizmati bundan mustasno) karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) markazlari va kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati turlari koronavirus kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar to‘xtatildi.

Aholining kundalik ehtiyoji inobatga olingan holda dehqon bozorlari, supermarketlar, oziq-ovqat do‘konlari, shifoxonalar, poliklinikalar, aptekalar, turli taomlarni yetkazib berish xizmatlari faoliyati to‘xtatilmaydi. Ular avvalgi tartibda ishlashni davom ettiradi.

22 martdan Toshkentda jamoat transporti harakati vaqtincha to‘xtatildi.

23 mart kunidan e'tiboran butun mamlakat bo‘ylab tibbiy niqobsiz harakatlanish taqiqlandi. 25 martdan tartibni buzganlik uchun jarima qo‘llanadi.

Hukumat maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, Toshkent shahriga respublikaning barcha hududlaridan kirish va Toshkent shahridan respublikaning barcha hududlariga chiqishni har qanday transport vositalarida 24 mart kuni soat 00:01dan boshlab to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

24 martdan boshlab Toshkent shahridagi barcha buyum, qurilish materiallari, avtomobil sotuvi, maishiy-texnika, ikkilamchi buyumlar bozorlari va mulkchilikdan qat'i nazar barcha savdo komplekslari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatiladi.

24 martdan boshlab Uzbekistan Airways aviakompaniyasi respublika ichidagi barcha aviaqatnovlar noma'lum muddatga bekor qildi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi noma'lum muddatga kechiktirildi.

Qator viloyatlarda ham jamoat transporti harakati to‘xtatilmoqda.

65 yoshdan oshganlarga zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etildi.

Mavzuga oid