Belgorod viloyatida Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya Federatsiyasi Kursk viloyatida davom etayotgan hujumi fonida federal darajada favqulodda holat (FH) rejimi joriy etilmoqda. Bu haqda viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov 15 avgust, payshanba kuni ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Aleksandr Kurenkov raisligida hukumat komissiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
«Bo‘layotgan voqealar miqyosi mintaqaga oqibatlarni mustaqil bartaraf etishga imkon bermaydi»
«Mintaqada vaziyat og‘ir va tarangligicha qolmoqda», — deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida. Turar joy binolari va infratuzilmaga zarar yetgan, qurbonlar va jarohatlanganlar bor, deya qo‘shimcha qilindi. «Bo‘layotgan voqealar miqyosi mintaqaga hozirgi favqulodda vaziyat oqibatlarini mustaqil ravishda bartaraf etishga imkon bermaydi», — dedi Kurenkov. Gladkov va Rossiya Qurilish vazirligining sanoat va fuqarolik qurilishi departamenti direktori Sergey Galyamin tomonidan hisobotlar taqdim etildi.
«Hisobotlar davomida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, men Belgorod viloyatida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatni federal favqulodda holat deb tasniflashni va federal darajada reaksiya bildirishni taklif qilaman», dedi Kurenkov.
Federal monopoliyaga qarshi xizmat mintaqadagi narxlarni nazorat qiladi.
Federal favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, oqibatlarni bartaraf etish federal budjetdan moliyalashtiriladi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ta’kidlanganidek, bir martalik moddiy yordam 15 ming rublni tashkil qilishi mumkin, asosiy mulk qisman yo‘qolgan taqdirda - 75 ming rubl, to‘liq yo‘qolgan taqdirda - 150 ming rubl. Qurbonlarning yaqinlariga to‘lanadigan to‘lovlar 1,5 million rubl miqdorida belgilandi. Sog‘liqqa o‘rtacha yoki og‘ir zarar yetkazilganda - 600 ming rubl. Sog‘liqqa yengil zarar yetkazilgan hollarda - 300 ming rubl.
Uch viloyatda ATO rejimi
9 avgust kuni Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi rejimi joriy etildi. Belgorod viloyatining Krasnoyarujskiy tumani aholisi uni deyarli butunlay tark etdi, dedi Gladkov.
Hindistonning Moskvadagi elchixonasi ushbu mamlakat fuqarolariga uchta hududni vaqtincha tark etishni tavsiya qildi. Yordamga muhtojlarga diplomatik missiyaga elektron pochta orqali murojaat qilish maslahat berildi.
















