Jamiyat | 18:27 / 29.12.2020
13088
6 daqiqa o‘qiladi

Yil yakunlari: Kun.uz vodiy jamoasining 2020 yil sarhisobi

Yana bir yil poyoniga yetib bormoqda. Yil oxirlar ekan, an'anaga ko‘ra ko‘plab jamoalarda faoliyat sarhisobi qilinadi. Biz ham yakuniga yetib borayotgan 2020 yilda Kun.uz'ning vodiydagi ijodiy jamoasi tomonidan tayyorlangan maqola va ko‘rsatuvlarning qisqacha sarhisobini qilib ko‘rdik.

To‘rt fasl ichi Andijon, Namangan va Farg‘onani kezib, voqea-hodisalarni berib borishga, murojaatlar ortidan aholi muammolarini yoritib, mas'ullarga yetkazishga, og‘ir holdagi bemorlarga xayriya aksiyalari orqali ko‘maklashishga urindik.

Yechim topgan murojaatlar

Aholi murojaatlarini o‘rganish davomida joylardagi muammolarni Kun.uz minbari orqali mutasaddilarga yetkazish asosiy maqsadimiz bo‘ldi. Shukrki, maqolalarimiz keng ommaga taqdim qilingach, ularning aksar qismi ijobiy yechim topdi.

Xususan, Qamchiq dovonidagi «Burgut» maskani egasi, tadbirkor Amonjon Matkomilov Pop tumani hokimi qarorlariga ishonib, mazkur joyga katta miqdorda mablag‘ sarflab obod qilgach, tuman hokimi o‘z qarorlariga teskari qarorlar qabul qilgani oqibatida yuzaga kelgan vaziyat haqidagi maqolamiz ijobiy yakunlandi. Norin tumani ma'muriy sudida adolat qaror topib, tadbirkor yutib chiqdi.

«Toshloqdagi qishloq «ikkiga ajraldi» – Tuman hokimining o‘zboshimcha qarori oqibati qanday hal etiladi?» sarlavhali, Farg‘ona viloyatidan tayyorlagan materialimizga Toshloq tumani hokimligi tez fursatlarda munosabat bildirdi.

Toshloq tumani hokimi A.Jo‘raboyevning qaroriga asosan, Qumariq mahallasidagi 1-sonli kasb-hunar maktabini Nayman mahallasidagi sobiq Toshloq qurilish va kasb-hunar kolleji binosiga ko‘chirib, bino va inshootlarini tumandagi 50- va 19-maktablarga berib yuborgani haqidagi maqolada ko‘tarilgan masala ham qonuniy hal etildi. Kuni kecha murojaatchilar bilan yana uchrashdik. Ular kasb-hunar maktabi o‘z joyida qolgani, qishloqda ular bilan suhbat o‘tkazgan tuman hokimi Qumariqqa yangi maktab qurishga va'da berganini bildirdilar.

O‘rganishimizga sabab bo‘lgan Andijon shahar Hamkorlik mahallasi Aylanma O‘sh ko‘chasidagi, yarim asrdan ziyod aholiga xizmat qilib, aftodahol holatga kelgan «Qahramon simyog‘ochlar» haqidagi maqolamiz yodingizdami? Oradan uch kun o‘tib, mahalla raisi Odinaxon Mansurxo‘jayeva kamchiliklar to‘la bartaraf etilgani haqida xabar berganida biz ham ular bilan teng quvondik.

Andijon viloyatining Marhamat tumanidan murojaat yo‘llagan chorvador Muhammadjon ota Isaxonovning murojaati esa tuman hokimligi 300 bosh echkisiga ozuqa yetishtirish uchun yer maydoni ajratib bermayotgani haqida bo‘lgan edi. Ota o‘tgan oyda bizga videomurojaat yo‘llabdi. Unda chorvadorga tuman hokimligi tomonidan ozuqa yetishtirish uchun 6,5 gektar sug‘oriladigan joydan yer maydoni ajratib berilgani aytiladi.

Xuddi shu mavzudagi murojaat yuzasidan Pop tumanida naslli qoramol parvarishlayotgan Zayliddin Qo‘shalovning murojaati ham ijobiy hal bo‘ldi.

Xonobod shahridagi, olimpiya chempioni Ruslan Nurudinov shug‘ullangan og‘ir atletika zalining hokimiyat tomonidan olib qo‘yilishi bilan bog‘liq videomaqola, UzAuto Motors’ning tuzatib bo‘lmas nuqsoni bor mashinasini olgan andijonlik Ismoiljon Vahobovning arzlari ham samarali yechim topdi.

Va'da berildi, ammo...

Shu o‘rinda, aholi murojaati va bizning o‘rganishlarimizga quyuq va'da berib, kamchilikni bartaraf etishga harakat qilmagan hokimlik va mutasaddilar ham uchradi.

Jumladan, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Nanay qishlog‘ida haligacha 20 ming odam ichimlik suvisiz yashab kelmoqda. Shu yilning yanvarida tuman mas'uli M.Mirsaydullayev: «Joriy yil Nanay qishlog‘i yuz foiz ichimlik suvi bilan ta'minlanadi», degan edi.

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Toshqo‘rg‘onaziz mahallasidagi ichimlik suvi muammosini o‘rganish jarayonida ham tuman hokimligi vakili 15 kun ichida aholi to‘liq suv bilan ta'minlashini aytgan edi. Afsuski, mahalla ahli hali ham suvga intizor.

Saxovat

Saxovatli vatandoshlarimiz xayriya qilgan mablag‘lar bilan og‘ir dardga chalingan ko‘plab bemorlar operatsiya qilinib, darddan forig‘ bo‘ldi.

Baliqchi tuman Jartepa mahallasida yashovchi Kamolaxon Xonto‘rayevaning 6 yoshli o‘g‘li Izzatullohning operatsiyasi uchun uyushtirilgan aksiya va Andijon shahar Jumabozor mahallasida to‘shakka mixlangan Hayotbekning onasi Ra'noxon Botirovaning murojaatidan so‘ng har ikkala bemorning ham davolanishi uchun yetarli mablag‘ yig‘ildi.

Yil davomida, shuningdek, vodiy viloyatlarida o‘tkazilgan bayramlar va turli sport musobaqalaridan baholi qudrat foto va videoreportajlar tayyorlab, keng ommaga taqdim qilib borishga intildik. Vodiy tabiati, tarixi, ayniqsa samimiy va tadbirkor insonlari bilan tanishtiruvchi materiallar ham berib bordik.

Biz yangi yilda ham vodiy viloyatlaridagi voqea-hodisalarni xolis, tezkor yoritishda davom etamiz. Kun.uz'ni kuzatishda davom eting.

Elmurod Ermatov, Kun.uz'ning vodiy viloyatlaridagi maxsus muxbiri
Tasvirchilar – Ahrorbek Yoqubjonov, Jahongir Mahmudov

Mavzuga oid