Maqola va videolavhamiz qahramoni Amonjon Matkomilov Pop tuman hokimi qarorlariga ishonganidan mazkur joyga katta miqdorda mablag‘ sarflab obod qilishni boshlagan. Endi esa tuman hokimining o‘z qarorlariga teskari qarorlar qabul qilgani oqibatida yuzaga kelgan og‘ir vaziyatdan boshi qotgan tadbirkor Kun.uz saytiga murojaat qildi.

Arznoma ortidan Pop tumani va Qamchiq dovonida bo‘ldik.

«Qurilishni hokim qarori va barcha mutasaddi tashkilotlardan olingan hujjatlarga asosan boshlaganman»

2010 yili Amonjon Matkomilov Qamchiq dovonining o‘sha paytda birov e'tibor bermagan 233-kilometridagi tashlandiq hududda tuman hokimining qaroriga asosan «Namangan telekom»ning vaqtinchalik so‘zlashuv maskanini ochadi.

Turizmga bo‘lgan e'tiborning kuchayishi va yo‘lovchilarning talablaridan kelib chiqib, yengil konstruksiyali sanitar-gigiyenik punkti va «Bir zumda» kafesi qurilishni reja qilgan tadbirkorga 2016 yili tuman hokimligi 1803-sonli qaror bilan 48 m.kv. joyni 5 yil muddatga beradi.

Shuningdek, Pop tuman hokimligi 2018 yil 10 dekabr kuni tadbirkorga 2425-sonli qaror bilan sanitar-gigiyenik punkti (zamonaviy hojatxona) va «Bir zumda» kafesi qurish uchun 200 m.kv. yer maydonini doimiy foydalanish uchun ajratib bergan.

Hokim qarorini qo‘liga olgan A.Matkomilov zamonaviy loyiha asosida ma'sul tashkilotlar – Pop tuman arxitektura va qurilish bo‘limi, tuman DSENM, tuman YoXB, viloyat atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, «Qamchiq avtoyo‘l» korxonasi, Qamchiq maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi, Namangan viloyati IIB YHXB bilan kelishilganlik haqidagi va boshqa barcha hujjatlarni rasmiylashtirgach, ko‘ngilni to‘q qilib qurilishni boshlagan.