Olimpiya chempioni va rekordchisi Ruslan Nuriddinov, qit'a va jahon arenalarida sovrindor bo‘lgan og‘ir atletikachilarimiz Shodilbek Ergashev, Gulmira Ergashevalar ham aynan Xonobod og‘ir atletika maktabi tarbiyalanuvchilaridir.

Xonobod shahri markazidagi o‘sha 50 yillik tarixga ega og‘ir atletika sport zali hali ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgandi. Madaniyat uyi orqa tomoniga joylashgan sport zali har kuni yosh sportchilar bilan to‘la edi.

Biroq, 10 fevral kuni murabbiylar bizga qo‘ng‘iroq qilib, Xonobod shahar hokimi Musoxon Mamadaliyev 45 nafar yosh sportchi shug‘ullanayotgan og‘ir atletika zalini bo‘shatib qo‘yishga buyruq berganini aytishdi.

Qayd etish kerak, bu – og‘ir atletika zalining hokimga halaqit berayotgani haqidagi birinchi murojaat emas. Bundan ikki yil oldin ham murabbiylar bizga bog‘lanib, barcha anjomlar bilan ko‘chaga chiqarib qo‘yishganini aytganlarida, borib tuman hokimi Musaxon Mamadaliyev bilan suhbatlashgandik. O‘shanda hokim, «Bu yerni kutubxona qilamiz. Zalga boshqa joy beraman», degan vajni aytgan. Murabbiylar Xonobodning boshqa joyida og‘ir atletika bilan shug‘ullangani joy yo‘qligi uchun o‘z so‘zlarida turishgan. Uzoq tortishuvlardan so‘ng mashg‘ulot zali joyida qolgandi.

O‘shanda hokim Musaxon Mamadaliyev bizga, «Sizlarga shov-shuv, sensatsiya kerak. Shuning uchun kelgansizlar-da...», degandi. O‘sha kuni hokimga javoban o‘zimiz muammoni «tushimizda ko‘rib kelmaganimizni», saytga murabbiylar murojaat qilganini aytgandik. Muammo hal bo‘lgach, murojaat sabab tayyorlangan material ham e'lon qilinmagan edi.

Murabbiylar, «Bu safar vaziyat undan-da jiddiy» deganidan so‘ng Xonobod shahriga yo‘l oldik.