Ma'lumki, go‘sht va sut mahsulotlarini yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash qishloq xo‘jaligining alohida sohasi gardanida. To‘g‘risi, chorvachilik deya atalmish sohani uzoq yillar davomida e'tiborsiz qoldirdik, hisob. Shuning uchun go‘sht mahsulotlari narxi yil sayin qimmatlashib bormoqda.
Chorvachilikning barqaror rivojlanishi qator omillarga bog‘liq. Birinchi navbatda sohaga e'tibor zarur. Yem-ozuqa bazasi, naslchilik, kadrlar yetishtirish masalalari, bularning har biri muhim.


Namangan viloyati Pop tumanida faoliyat olib borayotgan “Pop chorva” fermer xo‘jaligi rahbari Zayliddin Qo‘shalovning Avstriya davlatidan olib kelgan “Simmental” zotli qoramollari ayni dam og‘ir ahvolda qolgan. Tuman hokimligi bir yildan beri ozuqa yetishtirish uchun yer maydoni ajratib bermayotgani oqibatida qoramollar quruq somon bilan oziqlanyapti.


Chorvadorning 2019 yili Yevropa davlatidan olib kelgan 16 bosh naslli qoramollari bir yil ichida 32 boshga yetgan. Bundan tashqari fermer xo‘jaligida 700 bosh qo‘y va echki boqilmoqda. Biroq, xo‘jalikning ozuqa yetishtirish uchun umuman yer maydoni yo‘q.

“2019 yili tumanimiz hokimi bilan maslahatlashib Avstriya davlatidan shartnoma asosida 16 bosh naslli qoramol olib keldik. Hozirgi kunda qoramollarim soni 32 boshga yetdi. Lekin ozuqa bazasini boyitish maqsadida tuman hokimi oldiga bir necha marta murojaat bilan kirib, ijobiy javob ololmayapman. Ozuqa yetishtirish uchun yer maydoni ajratilmayapti.
Hokim, “Yer ajratib beramiz”, deydi natijadan esa darak yo‘q. Bir yildan buyon aldanib yuribmiz. Qoramollarning ratsion bo‘yicha ozuqasi yo‘q. Yetarli yemish bo‘lmasa, naslchilikni ham yo‘lga qo‘yib bo‘lmaydi. Hozirgidek somonni yeyaversa, tuyoqlarimiz nobud bo‘ladi. Ayni paytda o‘zimning zaxiram bilan boqib turibman”, deydi chorvador.


























