Nega faqat archa?
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘ylab ekilayotgan daraxtlarning aksariyati – archa. Ko‘chatlarning katta qismi sug‘orish tizimi yo‘q maydonlarga ekilyapti.
2 noyabr kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasini e’lon qilgan edi. Unda yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi, shaharlardagi yashil maydonlar hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirilishi ma’lum qilindi.
Aytilishicha, endilikda ekilgan daraxtni parvarishlashga kim mas’ul bo‘lishi belgilab qo‘yiladi, obodonlashtirish bo‘limlariga maxsus texnikalar sotib olinadi va kerakli joylarda sug‘orish tarmoqlari quriladi.
Prezident ekologiya, daraxt ekish va parvarishlash masalalarini hokimlarning qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga yukladi.
Selektordan keyin 10 dekabrgacha davom etadigan “Dolzarb 40 kunlik” boshlanib ketdi.
Ammo...
Ko‘ryapmizki, butun umummilliy loyiha doirasida ekilayotgan daraxtlarning juda katta qismini archa tashkil qilmoqda. O‘ylab qolasan kishi, millionlab ignabargli daraxtlar ekaverish bilan yashillikni ta’minlab, yashil qalqonlar barpo qilish bo‘yicha rejalarga to‘la erishib bo‘larmikin?
Bizningcha, bu borada boshlangan xayrli loyiha ayrim hududlarga faqat archa ekish kampaniyasiga aylanib ketayotgandek.
Tushunarsiz, nega faqat archaga yopishib olganmiz?
Baland o‘sib yozda soya beradigan, barglari keng, ko‘proq kislorod chiqaradigan daraxtlarni ekishga nima xalal beradi?
Shuningdek, yana bir dolzarb masala bor.
Ekologik partiya e’lon qilgan yuqoridagi suratlarda archalar drenaj tizimi yo‘q maydonga ekilgan. Bu joylarda daraxt ko‘karishi u yoqda tursin, maysalar ham sarg‘ayib yotibdi.
Quyidagi rasm Yangibozor tumanida olingan: taqir yerga ko‘chat o‘tqazilyapti, sal narida esa avvalroq ekilgan archalar qurib qolgan:
Mana bu suratda kamida 10 kishi bir bo‘lib, suvdan asar ham ko‘rinmaydigan joyda daraxt ekyapti. Ular orasida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Ekologiya partiyasi raisi Narzullo Oblomurodov va Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov ham bor:
Aytishlaricha, Qorovulbozor tumani Cho‘lquvar massividagi bu hududga kanal tortilyapti. Rasmiy xabarda: “Odam yursa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadigan cho‘l bag‘rida yashil maydonlar hosil qilinadi”, degan balandparvoz gaplarni o‘qish mumkin.
Tortilajak kanal bu niholga qanchalik yordam bera oladi, ochig‘i, bilmadik. Mana bunday holatlarni ko‘ravergan odamga cho‘lni bog‘ qilamiz degan gap eng kamida kulgili eshitiladi:
Bilasizmi, ekologiyani yaxshilash uchun milliardlar sarflashdan oldin borini yo‘q qilishni to‘xtatishimiz kerak. Va bu yerda gap faqat daraxt kesishni to‘xtatish haqida ketmayapti.
Biz Orol dengizini quritganimizdan haligacha saboq olmaganmiz: shu kecha-kunduzda karerlar sababli Zarafshon daryosi suvi shiddat bilan kamayib boryapti, minglab skvajinalar sabab yerosti suvlari sathi pasayyapti, betonlashayotgan Toshkent esa nafaqat daraxtlaridan, balki ko‘llaridan ham ayrilyapti.
Ilyos Safarov
Mavzuga oid:
Mavzuga oid
13:42
Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” loyihasi doirasida barpo etilayotgan yangi bog‘ga ko‘chat ekdi
19:16 / 21.10.2024
Keyingi yilda «Yashil makon» dasturi uchun 100 milliard so‘m ajratiladi
23:07 / 07.08.2024
“Yashil makon”: 1 mln ko‘chat qo‘shib yozilgan, 580 mingtasi suvsiz hududlarga ekilgan - Bosh prokuratura
15:47 / 23.07.2024