2 noyabrdagi selektorda berilgan topshiriqqa asosan, O‘zbekiston bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlandi. 10 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e'lon qilingan.
Ayni kunlarda daraxt ekish aksiyasiga respublika bo‘yicha deyarli barcha budjet tashkilotlari va idoralar jalb qilingan.
Kun.uz'ga ota-onalardan farzandlari o‘qiydigan maktablarda daraxt ko‘chati olib kelinishi so‘ralayotgani, dars vaqtida o‘quvchilar o‘zaro pul yig‘ib, ko‘chat sotib olish uchun ularning ruxsatisiz bozorlarga borishayotgani haqida murojaatlar kelib tushdi.
Kun.uz muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkentdagi ko‘chat bozorlaridan birida bo‘ldi. “Qo‘yliq” bozoridagi ko‘chat sotuvchilarning oldi xaridorlar bilan gavjum.

Savdo qilayotgan ikki xaridor maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlashini aytdi.
“Ko‘chatlar qimmatlashib ketibdi. Yo‘l bo‘yida sotayotganlardan so‘rasak, bitta ko‘chatni 40-50 ming deyishyapti. Eng kichkinalarini 15 mingdan berisharkan, lekin ularning tutib ketishi qiyin.
Har bir o‘qituvchiga 2 tupdan ko‘chat olib borish topshirig‘i berilgan. O‘z yonimizdan sotib olyapmiz. Eng arzon ko‘chatlar faqat shu yerda ekan”, dedi xaridorlardan biri.
Bozordagi ko‘chat sotuvchilardan ikki nafari eng ko‘p xaridorlar maktab, bog‘cha kabi ta'lim muassasalaridan kelayotganini aytdi.
“Xaridorlar orasida maktab, bog‘cha, kollejlardan kelayotganlar ko‘p. Ularning orasida o‘quvchilar ham bor. Bizda boshqa joyga nisbatan arzonroq bo‘lgani uchun ko‘pchilik shu yerga kelyapti”, deydi sotuvchilardan biri.
Xalq ta'limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova Kun.uz bilan suhbatda majburiy daraxt ekish bo‘yicha vazirlikdan ko‘rsatma berilmaganini bildirdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tashabbus vazirlik jamoasi va tadbirkorlar tomonidan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tizimdagi barchani bu aksiyada faol ishtirok etishga chaqirganmiz, lekin biror hududda yoki maktablarda majburiy tarzda daraxt ko‘chatlari olib kelish topshirig‘i berilmagan.

















