O‘zbekiston | 22:43 / 04.12.2023
67117
5 daqiqa o‘qiladi

Shov-shuvli reydlar: hozirgacha nimalar ma’lum?

Bir necha o‘n yillar oldin katta ta’sirga ega bo‘lib, keyin kuch tuzilmalari tomonidan tiyib qo‘yilgan ko‘cha jinoiy guruhlari so‘nggi vaqtlarda yana faollashib qolgani ma’lum bo‘lmoqda. Oxirgi bir necha kun ichida O‘zbekistonda jinoyat olamining o‘nlab vakillari qo‘lga olinib, ular ustidan tergov harakatlari boshlandi.

Ko‘cha zo‘ravonlari hibsga olinayotgani haqidagi xabarlar internetda ilk marta 28 noyabrda paydo bo‘lgandi. O‘sha kuni Toshkentda “Baxti Tashkenskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev ismli shaxs qo‘lga olingan. Poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasiga ko‘ra, u juda ko‘p miqdordagi tovlamachilik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanmoqda.

52 yoshli Qudratullayev bilan birga, 43 yoshli Dilshod Sharipov va 51 yoshli Anvar Mirzoxonov ismli shaxslar ham tovlamachilikda gumonlanib hibsga olingan. “Ushbu shaxslar tahdid va kuch ishlatish yo‘li orqali pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan”, – deyiladi ichki ishlar boshqarmasi axborotida.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Qudratullayev bilan “yaqin jinoiy aloqada bo‘lgani” aytilayotgan Doston Xalilov ismli shaxs esa Farg‘onada qo‘lga olindi. U Qirg‘izistonga qochib o‘tmoqchi bo‘lgan payt, “Do‘stlik” chegara postida ushlangan, unga nisbatan bezorilik moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Doston Xalilov / Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Ayni paytda, Toshkentda “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan 36 yoshli Saidaziz Saidaliyev va uning sheriklari ham qamoqqa olingan.

Rasmiylarga ko‘ra, u sport bilan shug‘ullangan jismonan baquvvat shaxslarni o‘z atrofiga to‘plab, qator jinoyatlarni sodir etgan. Xususan, qarz bergan odamlarga pul evaziga yollanib, qarzdorlarga tahdid qilish yo‘li bilan mablag‘ undirish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidan.

Saidaziz Saidaliyev / Foto: Toshkent shahar IIBB

Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Farg‘onada ham keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilyapti. Viloyat ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, MMA jangchisi Humoyun To‘xtamurodov 27 noyabr kuni o‘zining atrofiga turli shaxslarni yig‘ib, Qo‘qon shahrida ikki kishini jarohatlagan. U hodisa joyidan yashiringan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ushlangan.

3 dekabr holatiga, Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan maxsus tadbirlar davomida guruhbozlik qilgan jami 22 nafar kishi bezorilik ustida ushlangan. Ulardan 15 nafari Oltiariq tumanida hibsga olingan.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Bu xabarlar ortidan Toshkentda “Salimboy” va “Salimboyvachcha” laqablari bilan tanilgan Salim Abduvaliyev ham tekshiruvga jalb etilgani ma’lum bo‘ldi. Manbalarga ko‘ra, 73 yoshli tadbirkor ustidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Hozirda uning Instagram'dagi 135 mingta obunachisi bo‘lgan akkaunti o‘chirilgan.

Ma’lumot uchun, Salim Abduvaliyev 2017 yil yanvaridan beri Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimini egallab kelmoqda.

Salim Abduvaliyev / Foto: Kun.uz

Ayni paytda, O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimov qidiruvda ekani haqida tarqalgan mish-mishlarni Kun.uz'ning ichki ishlar organlaridagi manbalari tasdiqlamadi.

Rasmiylar bu voqealarni “kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar” deb atamoqda. Toshkent shahar IIBB fuqarolardan xavotirga tushmaslikni so‘rab, qo‘lga olingani haqida rasman xabar berilgan shaxslardan jabrlangan fuqarolarni ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirdi. Murojaatchilarning shaxsi sir saqlanishi ma’lum qilingan.

Qayd etish kerak, keng ko‘lamli reydlar va tekshiruvlar 25 noyabr kuni qozog‘istonlik reper Jah Khalib'ning “Humo arena”dagi konsertida tartibsizlik ro‘y bergani ortidan boshlandi. Qalbaki chiptalar sotuvga chiqib ketgani sababli konsertga kirishda katta tiqilinch yuzaga kelgan edi. Poytaxt IIBB bu tartibsizlik oqibatida Milliy gvardiya xodimlari pichoqlangani va o‘lim ro‘y bergani haqida internetda tarqalgan mish-mishlarni rad etdi. Biroq jinoyat olamiga qarshi reydlar, shuningdek, Milliy gvardiyaning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i almashtirilishi ham ayni shu voqeadan keyin ro‘y berdi.

Mavzuga oid