Dorilarni retsept bilan sotishga qachon o‘tiladi?
O‘zbekistonda dorixonalar hatto eng qaltis, nojo‘ya ta’siri ko‘p dorilarni sotishda ham kamdan kam holatda retsept so‘raydi. Rivojlangan mamlakatlarda esa buning aksi: shifokor retsepti bo‘lmasa, dori sotib olish amrimahol. Kun.uz muxbiri Toshkentdagi o‘ndan ortiq dorixonalarga kirib vaziyatni o‘rgandi, yechim nimada degan savol bilan Farmagentlik rahbariga yuzlandi.
2024 yil dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1491 ta retsepsiz va 7121 ta retsept bilan sotiladigan dori vositalari ro‘yxatga olingan. Lekin deyarli barcha hollarda retsept bilan olinadigan dorilarni retsepsiz xarid qilishga o‘rganib qolganmiz.
Iste’molchi biron dorini so‘raydi, dorixona xodimi esa beraveradi.
Kun.uz qonunchilikda belgilangan talablarga aksariyat hollarda amal qilinmasligini Chilonzor va Uchtepa tumanlarida joylashgan 15 ga yaqin dorixonalardan o‘rgandi: muxbirimiz retsept bilan sotiladigan dorilarni retsepsiz so‘rab ko‘rdi.
Tajribamizda Chilonzor tumanidagi bir nechta dorixona xodimlari “Normodipin”, “Mezaton”, “Yantasol”, “Feksonik”, “Omeprazol” , “Pentoksim” kabi dori vositalarini hech qanday retsepsiz berdi.
Kun.uz muxbiri buyrak, yurak og‘rig‘iga dori so‘rab ko‘rganda, ayrim farmatsevtlar retsept bilan, yana ba’zilari retsepsiz sotiladigan dori vositalarini tavsiya qildi.
O‘rganish davomida faqat 2 ta dorixona xodimlari nizom talablariga rioya etib, retsept bilan beriladigan dori vositalarini bizga sotmadi.
Xususan, buyrak og‘rig‘iga qarshi dori so‘ralganda, Chilonzor tumani Qatortol ko‘chasida joylashgan dorixona xodimi bunday dori bera olmasligini, bu uchun javobgarlik borligini eslatdi. Boshqa dorixona xodimi esa provizor tomonidan yurak, buyrak og‘rig‘i va qon bosimiga qarshi dori tavsiya qilish mumkin emasligini aytdi.
SSV huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165-moddasi 1-qismi bilan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish – bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi. Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish esa BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Farmatsevtika agentligi rahbari Abdulla Azizov Kun.uz savoliga javoban retsepsiz dori sotuviga qarshi kurashish oson emasligini aytdi.
“Bizda retsepsiz dori sotish madaniyatga singib ketgan. Bir marta shu narsani qattiq nazoratga olgandik, odamlar agentlikka e’tiroz bildirishdi: men bu dorini retsepsiz olishga o‘rganganman, shifokorga borishga vaqtim yo‘q deb aytishdi.
Masalan, men Daniyada yashaganman, u yerda shifokorga bormay, to‘g‘ridan to‘g‘ri dorixonaga borsangiz, sizga dori bermaydi”, – deydi Azizov.
Farmagentlik rahbariga ko‘ra, elektron retseptga o‘tilishi bilan, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgara boshlaydi.
“Tizimli yechimi bor bu narsaning. Retseptli dori vositalarini haqiqatan retsept bilan berish mexanizmi 100 foiz ishlashi uchun barcha shifoxonalar, poliklinikalar, kerak bo‘lsa, xususiy shifoxonalar ham elektron retsept bo‘yicha umumiy tizimga ulanishi kerak. O‘shanga ulanib, o‘sha yerdan majbur qilish kerak bo‘ladi va xalqimiz ham bunga o‘rgangan bo‘lishi kerak. Undan keyin to‘g‘ridan to‘g‘ri dorixonalarga borib, “menga retseptli dori bering”, deb so‘rolmaydi. U, albatta, shifokorga borishi shart bo‘ladi. Surunkali kasalliklari bor bemorlarga uzoq muddatli retseptlar berish mumkin.
Men hozir aniq bir vaqt aytolmayman: bir yil talab qilar, bir yarim yil talab qilar. Lekin bitta narsani bilaman, Sog‘liqni saqlash vazirligi bu vazifani o‘z oldiga qo‘ygan va juda ham ko‘p ish olib boryapti. Umid qilamanki, qisqa muddatlarda shu elektron retseptni yo‘lga qo‘yadi.
Buni yo‘lga qo‘yish bilan ish tugamaydi; buni yo‘lga qo‘yish bilan uning qattiq nazorati va madaniyatni shakllantirish juda muhim faktor. Madaniyatni shakllantira olmasak, axborot tizimi hech qanday masalani hal qilib bermaydi, chunki ertaga oddiy aholi dorixonachi bilan janjallashsa, masalan: “Mening mazam yo‘q, nega menga dori bermayapsiz?” desa; “Shifokorga borishga vaqtim ham yo‘q, holatim ham yo‘q”, desa, uni ham to‘g‘rilash kerak bo‘ladi. Ya’ni bu tizimli va har taraflama ish olib borish kerak.
Bizning ahvolimiz, madaniyatimiz, shifokorlarni qaytadan o‘qitish, o‘sha axborot tizimlarida ishlashga xususiy sektorni ham o‘z vaqtida kiritish, dorixonalarni o‘sha tizimga integratsiyalash – bular katta bir jarayon. Eshitilishi oson, lekin katta jarayon”, – deydi Azizov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, germaniyalik hamkorlar bilan muloqotda, ular Germaniyada ham elektron retseptga o‘tganiga endigina 2 yil bo‘lganini aytishgan. Ungacha retsept yozish qog‘ozda bo‘lgan, shunga qaramay, tizim to‘g‘ri ishlagan. Daniyada dori vositalarini elektron retsept asosida sotish esa 2005 yilda yo‘lga qo‘yilgan.
“Bizning bu yildagi eng katta vazifamiz – birinchi navbatda referent narx nazoratini yo‘lga qo‘yish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish. Markirovka tizimi barcha import qilinayotgan va ishlab chiqarilayotgan dorilarga joriy etilishi kerak. Hozir dorixonalarda 6-7 foiz dori vositalari onlayn nazorat kassalardan o‘tkaziladi. Buni ham qattiq nazoratga olamiz”, – deydi Farmagentlik rahbari.
Tavsiya etamiz
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
O‘zbekiston | 12:30
«Quvur operatsiyasi»: ruslar uni «urushdagi burilish nuqtasi» deyishmoqda
Jahon | 23:40 / 11.03.2025
Amaldorlar “mahalliy” xizmat avtomobillariga o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston | 16:34 / 11.03.2025
Firibgarlar o‘g‘irlagan pullarni qaytarib bo‘lmaydimi?
O‘zbekiston | 15:27 / 11.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
AQShda 130 yil muqaddam cho‘kib ketgan kema qoldiqlari topildi
Jahon | 15:45
-
“Xitoy bilan oramiz buzilishini istovchi davlatlar bor” – tarmoqdagi dolzarb mavzu haqida suhbat
O‘zbekiston | 15:17
-
AQShda oqqush gavjum shossega yugurib chiqib, avtomobillar harakatini deyarli to‘xtatib qo‘ydi (video)
Jahon | 14:58
-
O‘zbekiston fuqarolari Xorvatiyaga ishlash uchun jo‘natiladi
O‘zbekiston | 14:43
Mavzuga oid

12:16 / 10.03.2025
Tegishli hujjatlari bo‘lmagan yarim mlrd so‘mlik dorini sotayotgan dorixona aniqlandi

12:25 / 21.02.2025
Toshkentda dorixona sotuvchilari kuchli dorilarni retsepsiz sotgan vaqtida ushlandi

08:39 / 18.02.2025
Kuvayt O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

14:12 / 03.02.2025