Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Baxtiyor Fozilovning bizneslarida nimalar yuz beryapti?
Eriell kompaniyasining bir guruh xodimlari Kun.uz'ga murojaat qilib, 8 oydan beri maosh olmayotganliklaridan shikoyat qildi. Oxirgi paytlarda bu kompaniya egasiga aloqador boshqa qator kompaniyalar faoliyatida ham turli noxushliklar ro‘y bermoqda.
Siz har kuni ishga borasiz va o‘zingizga yuklatilgan vazifalarni bajarasiz. Lekin qilgan mehnatingiz uchun 8 oydan beri oylik berishmayapti.... Gap pasporti olib qo‘yilib, chet ellarda qulday ishlatilgan vatandoshlar haqida ketmayapti. Kun.uz'ga Eriell kompaniyasining ishchilaridan navbatdagi murojaat kelib tushdi. Ular 2025 yil mayidan beri maosh olmaganliklarini aytmoqda.
Eriell xodimlari o‘z murojaatida 2025 yilning iyun, iyul, avgust, sentabr, oktyabr, noyabr, dekabr oylari hamda 2026 yilning yanvar oyi uchun maoshlar haligacha berilmayotganidan norozilik bildirishgan.
“Oyligimizni talab qilsak, ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilishadi, majlislarda telefonlarimizni olib qo‘yishadi, videoga olishga ruxsat berishmaydi. Mas’ul idoralarga murojaat qilmoqchi bo‘lsak, sarson bo‘lyapmiz. Hech kim aniq javob bermaydi. Ko‘pchilikning uyida ahvol og‘ir. Kreditlari bor. Penya hisoblanyapti. Bolalarimiz bor, yeyishga go‘sht yo‘q paytlar bo‘lyapti. Biz faqat halol mehnatimiz uchun ishlab topgan pulimizni so‘rayapmiz xolos”, deyiladi murojaatda.
Eriell kompaniyasi matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban maoshlar kechikishi muammosi borligini rad etmadi.
“Ma’lum qilamizki, kompaniya xodimlariga ish haqi to‘lovlari amalga oshirilmoqda. Hozirda jarayon davom etmoqda va mavjud qarzdorlik yaqin vaqt ichida bosqichma-bosqich qoplanadi. Kompaniya vaziyatni barqarorlashtirish va xodimlar oldidagi majburiyatlarini bajarish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Shuni alohida ta’kidlaymizki, kompaniya xodimlarga nisbatan hech qanday bosim choralarini qo‘llamaydi va jamoa bilan ochiq hamda konstruktiv muloqotdan manfaatdor”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Umuman olganda, maoshlar kechikishi bilan bog‘liq muammo – Eriell va unga affillangan Enter Engineering kompaniyasida muttasil ravishda kuzatilyapti.
Ushbu firmalar o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilovga tegishli bo‘lib, oxirgi paytlarda unga bevosita va bilvosita aloqador bo‘lgan korxonalar atrofida savollar ko‘payyapti.
M25 konidagi avariya
2024 yilning 1 sentabr kuni O‘zbekistondagi hali o‘zlashtirilmagan eng yirik gaz konida avariya ro‘y berdi. Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konidan oltingugurt gazi sizib chiqdi. Yuzlab odamlar o‘z uylarini tark etib, ma’lum muddat boshqa joyda yashashga majbur bo‘ldi. Kuzatilgan portlashlardan keyin, konni o‘zlashtirish va yoniga gaz-kimyo majmuasi qurish loyihalarining taqdiri noma’lum bo‘lib qolyapti.
2023 yilgi taqdimotda zavod 2024 yil may oyida ishga tushishi, 2025 yilda esa to‘la quvvatda ishlay boshlashi aytilgandi. Hozir esa nafaqat loyiha kelajagi, balki avariya oqibatlari bilan bog‘liq mas’uliyat ham savol ostida qolyapti.
“Mustaqillikning 25 yilligi” koni 60-yillarda aniqlangan, birinchi quduq 70-yillarda burg‘ilangan bo‘lsa ham, joylashuvi va tuzilishi murakkabligi sabab uzoq yillar uni o‘zlashtirishning imkoni bo‘lmay keldi. Navbatdagi urinish 2017 yil Moskvada imzolangan shartnoma asosida boshlangandi. Shartnomaga asosan, kon yaqinida gazni qayta ishlash zavodi va gaz-kimyo majmuasi qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Loyihada O‘zbekiston hukumatidan tashqari, investor sifatida rossiyalik Andrey Filatov va Baxtiyor Fozilov kompaniyalari ishtirok etyapti. Pudrat ishlari Fozilovga tegishli Eriell va Enter Engineering kompaniyalariga topshirilgan. Hozirgacha bu ikki kompaniya, shuningdek, Hongkongda ro‘yxatdan o‘tgan loyiha operatori kondagi texnogen ofat yuzasidan izoh bermay kelmoqda.
“Boqiy Buxoro” loyihasi
Ikki yil oldin Buxoro shahri markazidagi 33 gektar hududda turistik markaz qurilishi boshlangandi. Loyiha uchun shahardagi stadion, Buxoro viloyati hokimligi va boshqa qator katta obektlar buzishga tushdi. 2024 yil boshida Enter Engineering keng ko‘lamli buzish ishlarini boshlab yubordi, lekin bir muddat o‘tib ishlar to‘xtab qoldi.
Rasmiylar 470 mln dollarga baholangan Buxoro turizm markazi “investor mablag‘lari hisobidan” amalga oshirilishini ma’lum qilgandi. Keyinchalik ayrim manbalar qurilish ishlari to‘xtab qolishini tanlangan “investor”dagi moliyaviy muammolar bilan bog‘ladi.
Keyinchalik, o‘tgan yil yozida Toshkent shahrida elektr energiyasi va suvdan qarzdorlik bo‘yicha davlat tashkilotlari hamda Enter Engineering o‘rtasida sud jarayonlari ketayotgani ma’lum bo‘lgandi. Bu orada Enter Engineering xodimlariga oylik bermayotgani haqida bir necha bor shikoyatlar yangradi.
Hokkey
2018 yilda O‘zbekiston Hokkey federatsiyasi tashkil etilib, uning rahbari sifatida Baxtiyor Fozilov saylangandi. Tadbirkor qariyb 8 yildan beri federatsiyaga rahbarlik qilib kelyapti. Ammo oxirgi paytlarda “Humo” hokkey klubi ham iqtisodiy muammolarga duch kelganga o‘xshaydi. Jamoaning belaruslik hujumchisi Danila Karaban o‘z intervyusida 2025 yil yanvar-aprel oylari davomida hokkeychilarga oylik berilmagani, faqatgina prezident nomiga xat yo‘llanib, vaziyatga aralashish so‘ralganidan keyin 2 oylik maoshlar to‘lab berilgani haqida aytgandi.
O‘tgan yil bahorida klub tarkibidagi yetakchi hokkeychilar boshqa jamoalar bilan shartnoma imzolay boshladi. 2025 yil yozida esa “Humo” hokkey klubining 2025–2026 yilgi mavsumda Qozog‘iston ochiq chempionatida ishtirok etmasligi tasdiqlandi va bu moliyaviy muammolar bilan bog‘landi.
FNQZ va “Samarqandkimyo”
Fozilovga tegishli “Sanoat energetika guruhi” (Saneg) 4 yil oldin Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini 100 mln dollarga xarid qilgandi. Keyinchalik shartnoma shartlariga to‘lovni bo‘lib to‘lash imkoniyati ham qo‘shilgani oydinlashdi. 2025 yilning avgust oyida ushbu zavod ishchilari ham ikki oydan beri oyliksiz ishlayotganini aytib, murojaat bilan chiqishdi. 2026 yil 26 fevral holatiga ko‘ra ham FNQZning 58,5 foiz ulushi Davaktivga, 41,5 foiz ulushi esa Saneg’ga tegishli. Ya’ni belgilangan to‘lov amalga oshirilmagani uchun hali ham kompaniyadagi to‘liq ulushlar Saneg ixtiyoriga o‘tmagan. Bu orada Saneg zavodning bir qismini 140 mln dollarga sotdi.
Shuningdek, 2019 yilda Fozilovga tegishli bo‘lgan Ferkensco kompaniyasi tomonidan investitsiya kiritish sharti bilan xususiylashtirilgan “Samarqandkimyo” zavodining 25 foiz ulushi 2025 yilning yakunida davlat ixtiyoriga qaytarilgan.
Samarqanddagi boshqa aktivlar
Joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston Milliy banki mehmonxona va turizm biznesi sohasida tajribaga ega kompaniyalarga Silk Road Samarkand turistik majmuasini boshqarish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlik taklifi bilan chiqdi. Baxtiyor Fozilov 2022 yilda ochilgan ushbu majmua asoschilaridan biri sifatida keltirilgan. U – Silk Road Samarkand loyihasining buyurtmachisi bo‘lgan “Samarkand Touristic Centre” MChJning 20,7 foiz ulushiga egalik qiladi, qolgan 79,3 foiz ulush Milliy bankka tegishli.
Bundan tashqari, 2024 yilning noyabr oyida Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Saneg'ga (Eriell guruhi) tegishli Samarqand xalqaro texnologiya universitetining chet ellik professori oyligi kechikayotgani haqida aytib o‘tgandi.
2025 yilning kuzida esa ellikka yaqin Rossiya fuqarosi 3 oydan beri Air Samarkand aviakompaniyasidan maosh ololmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Aviakompaniya bayonot berib, kutilmagan xarajatlar tufayli “moliyaviy chaqiriqlar”ga duch kelinganini ma’lum qildi. “Sam Air” MChJning 51 foiziga Baxtiyor Fozilov, 49 foiziga Bahodir G‘afurov egalik qiladi. Fozilov, shuningdek, Samarqand xalqaro aeroportini ishonchli boshqaruvga olgan “Air Marakanda” MChJga ham affillangan.
Tugatilayotgan bank
Markaziy bank boshqaruvining 15 yanvardagi qarori bilan, Yangi bank litsenziyasi bekor qilindi. Bank ustav kapitalini belgilangan miqdorga yetkazmagan, shuningdek, boshqa qonunchilik talablarini bajarmagan. Markaziy bank qarori bilan, Yangi bank tugatilmoqda.
Bank ta’sischisi bo‘lmish “Yangi Group” MChJ 2020 yil iyunda ro‘yxatga olingan. Bu kompaniyaga 2019 yil noyabr oyida Singapurda ochilgan Yangi Holding egalik qiladi. Yangi bank va Yangi Group rahbari sifatida Smirnov Timofey Valentinovich ko‘rsatilgan. U tadbirkor Baxtiyor Fozilovga tegishli “Sanoat energetika guruhi Enera” MChJning ham rahbari hisoblanadi.
Baxtiyor Fozilov kim?
Baxtiyor Fazilov 1975 yilda Samarqandda tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini charm buyumlar va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan import-eksport biznesidan boshlagani aytiladi.
Fozilov 2000 yilda neft va gaz sanoatiga kirib keladi va 2004 yilda Eriell kompaniyasiga asos soladi. Enter Engineering korxonasi esa 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, muqaddam Gazprombank nazoratida bo‘lgan. Kompaniya neft va gaz, sanoat va fuqarolik obektlarini loyihalash, yetkazib berish, qurish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
Ushbu ikki kompaniya tadbirkorning eng asosiy aktivlari hisoblanadi. Xususan, 2023 yilning boshida “O‘zbekneftgaz” taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Fozilovning korxonalari O‘zbekistonda qiymati 17,6 mlrd dollar bo‘lgan 9 ta loyihada ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Jizzaxda qurilishi rejalashtirilayotgan AES loyihasida ham subpudratchi sifatida Enter Engineering tanlangan.
2022 yil may oyida berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda neft qazib chiqarishning taxminan 80 foizi 103 ta neft-gaz koniga egalik qiluvchi “Sanoat energetika guruhi” hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu tuzilmaga 2022 yil 17 noyabrda Hongkongda ta’sis etilgan Belvor Holding egalik qiladi. 2021 yilda Rossiyaning “Kommersant” nashri Kiprdagi korporativ reyestrga tayanib Belvor Holding Baxtiyor Fozilovga tegishli ekani haqida yozgan.
Bundan tashqari, Baxtiyor Fozilov O‘zbekistondagi eng yirik gaz saqlash ombori – Gazlini boshqaruvchi Gazli Gas Storage'ning asosiy benefitsiari hisoblanadi.
Mavzuga oid
16:59 / 22.10.2025
Putindan Trampgacha. Davlat rahbari bo‘lish qanchalik daromadli ish?
09:00 / 19.10.2025
Tappi qilishga chorlov va Toshkent uchun yangi aeroport - hafta dayjesti
17:34 / 09.10.2025
Kam quvvatli AES qiymati 1 mlrd dollardan kam bo‘lishi aytildi
15:45 / 29.09.2025