31 yanvar kuni Boqiy Buxoro madaniy-etnografik parki barpo etilishi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi Wyndham Bukhara mehmonxonasi majlislar zalidagi anjuman haqida tadbir boshlanishidan 30 daqiqa oldin e’lon berdi.
Anjumanda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil yanvar oyida jamoatchilik Buxoro shahri markazida turistik majmua qurilishidan xabar topgan edi. Loyihaga ko‘ra, buning uchun Ibrohim Mo‘minov, Hamza va Xofiz Tonish ko‘chalari kesishmasida joylashgan 32,6 gektar hududdagi binolar, xususan markaziy stadion ham buzib tashlanishi ko‘zda tutilgandi.
O‘z navbatida, Buxoroning yangi ma’muriy markazi Gulchorbog‘ va Otbozor mahallalari hududida tanlangan 1000 gektar yerda qurilishi, unga davlat tashkilotlari joylashtirilishi kerak edi. Jamoatchilik e’tirozlaridan keyin turistik markaz loyihasi to‘xtatilgandi.
Bugun, 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, loyiha dastlabki rejalashtirilgan hududda – Buxoro shahar markazidagi 32,6 gektar hududda quriladi. Bu yerda joylashgan davlat obektlari esa “Bukhara city” hududiga ko‘chirilib, ma’muriy markaz barpo etiladi.
32,6 gektar yer uchastkasini sotishdan tushgan mablag‘lar alohida g‘azna hisobiga yo‘naltirilib, yangi ma’muriy markaz qurilishiga sarflanadi.

Buxoro xalqaro aeroportining yo‘lovchi tashish quvvati ko‘rib chiqilib, yangi aeroport sifatida qad ko‘taradi. Bu davlat xususiy sherikchilik asosida amalga oshiriladi. Loyihaning barcha yo‘nalishlariga xorijiy investor mablag‘lari sarflanadi.

















