14:47 / 09.06.2016
9234

Moskva yaqinida «Russkiye vityazi» guruhi tarkibidagi Su-27 samolyoti qulab tushdi

Rossiya harbiy kuchlarining «Russkiye vityazi» guruhi tarkibidagi Su-27 samolyoti Moskva viloyatining Pushkin tumanida, Muranovo qishlog‘idan 2 km masofada, aholi turar joylari ro‘parasidagi daraxtzorga qulab tushdi.

RIA Novosti agentligining Rossiya Mudofaa vazirligiga asoslanib xabar berishicha, samolyot o‘quv-mashg‘ulot vaqtida halokatga uchragan.

Halokat natijasida samolyot uchuvchisi halok bo‘lgan. Voqea Moskva vaqti bilan soat 10.25da sodir bo‘lgan. 

Parvoz vaqtida samolyotda qurol-aslaha bo‘lmagan.

Dastlabki xabarlarda MiG-29 rusumli qiruvchi samolyoti halokati to‘g‘risida aytilgandi.

Muranova qishlog‘i yaqinidagi Ashukino aholi turar joy hududida bugun Rossiya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Yuriy Borisov va Rossiya Harbiy Kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni Viktor Bondaryov ishtirokida aviatorlar uchun o‘rnatilgan monument ochilishi marosimi o‘tkazildi. Marosim vaqtida hudud osmonida «Russkiye vityazi» samolyotlari parvoz qildi.

Top